O‘zbekiston | 18:22 / 12.05.2023
16408
6 daqiqa o‘qiladi

Turkiya demokratiyasi – biz uchun nega muhim?

Kelayotgan yakshanba, 14 may kuni – Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari. Saylov kampaniyasi shu qadar shiddatli va ehtirosli ketmoqdaki, kimning prezident bo‘lishini aniq ishonch bilan aytish – qiyin.

Turkiya – O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat. Turkiy tilda so‘zlashuvchi mustaqil davlatlar soni oltita: Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarboyjon, Qirg‘iziston va Turkmaniston. Mana shu davlatlar ichida, aholi soni, iqtisodiy, harbiy, texnologik va boshqa parametrlarga ko‘ra, eng qudratlisi, albatta Turkiya.

Turkiya – NATOga a’zo yagona musulmon davlati. NATOga a’zo davlatlar ichida, armiyasining soni va salohiyatiga ko‘ra, AQShdan keyingi ikkinchi muhim davlat. Iqtisodiyoti esa buyuk yigirmatalikka kiradi.

Xo‘sh, Turkiya siyosiy tizimi qanday? Partiyalar soni qancha? Siyosiy raqobat bormi, bor bo‘lsa – qay darajada?

2023 yilda, Turkiya Respublikasiga asos solinganiga roppa-rosa yuz yil to‘ldi. 1923 yilda asos solingan Turkiyada, 1946 yilga qadar bir partiyali tizim ishladi. 1946 yildan boshlab, ikki partiyali tizim faoliyat ko‘rsatdi.

Bugunga kelib, Turkiyada rasman ro‘yxatdan o‘tgan partiyalarning soni – 122 ta bo‘ldi. O‘tgan 2022 yilda Turkiyadagi partiyalarning soni 105ta edi. Demak, keyingi bir yilda yana 15-17 ta yangi partiya tuzilibdi.

Turkiya parlamenti – bir palatali. Milliy Majlisda 600 deputat ishlaydi. 85 deputat bir mandatli okruglardan saylansa, qolganlari – partiya ro‘yxatlari asosida saylangan.

Turkiya parlamentini muxolifatsiz tasavvur qilish qiyin. Hech bo‘lmaganda, 600 o‘rinli parlamentning kamida uchdan biri, muxolifatga tegishli. Siyosiy plyuralizm – Turkiya hayotiga singib ketgan voqe’lik.

Saylovlar arafasida, Turkiyadagi siyosiy tizim qanday, u avtoritarmi yoki demokratikmi, degan savollar ko‘p berilyapti.

2016 yilda Turkiyada navbatdagi harbiy to‘ntarishga urinish bo‘ldi. Unga qadar, bu mamlakatda to‘rt marta harbiy to‘ntarish bo‘lgan. 2016 yilda harbiylar Erdo‘g‘anni yiqita olishmadi. Hokimiyatda qolgan Erdo‘g‘an, Turkiyada hokimiyat vertikalini kuchaytirdi, jurnalistlar va OAV ustidan nazoratni kuchaytirdi, davlat idoralari va ayniqsa kuch ishlatar tizimlar ichida tozalashlar o‘tkazdi. Sud-huquq tizimining mustaqillik darajasi pasaydi.

Lekin, Erdo‘g‘an Turkiyadagi siyosiy plyuralizmni, ko‘ppartiyaviylikni, vatandoshlik jamiyatini demontaj qilmadi va qilishga intilmadi ham. Turkiyada demokratiya, siyosiy plyuralizm va vatandoshlik jamiyati juda chuqur ildizlarga ega. Agar istaganida ham, Turkiya demokratiyasini Erdo‘g‘an demontaj qila olmasdi.

Bugungi kunda Turkiyadagi siyosiy tizimni avtoritar deyish uchun ham, demokratik deyish uchun ham, asoslar bor.

Har bir demokratik tizimning shunday pallasi bo‘ladiki, unda, hali hokimiyatni yoki avtoriteti katta bo‘lgan siyosiy shaxslarni “tiyib turish” mexanizmlari zaif bo‘ladi. Misol uchun, ikkinchi jahon urushidan keyingi Fransiyadagi Sharl De Gollni, Angliyadagi Cherchilni, AQShdagi Ruzviltni, bugungi siyosatshunoslar “nisbatan avtoritar bo‘lgan” deb aytishadi. Erdo‘g‘an ham Turkiyada juda katta avtoritetga ega. Mana shu avtoritet orqali, o‘z opponentlarini “siyosiy yanchib tashlash” imkoniyati Erdo‘g‘anda bor va bu imkoniyatni u ishlatgan ham.

Ayni paytda, Turkiyada, saylovlar – xolis. Hattoki, eng ashaddiy muxolifatchilar ham “saylovlar soxtalashtirildi” deb aytishmaydi. Partiyalarni ro‘yxatga olish – qonunan kafolatlangan, va partiyalar soni katta tezlikda o‘sib bormoqda. Sud hokimiyati ham, imkon qadar mustaqil bo‘lishga harakat qilayotgan hokimiyat tarmog‘i. Turkiyada demokratik institutlar mavjud va ishlamoqda.

Shuning uchun ham, jiddiy ekspertlar, Turkiyadagi siyosiy tizimni gibrid, ya’ni aralash deb aytishadi. Bir vaqtning o‘zida, Turkiyada demokratik institutlar va jarayonlar ishlaydi, lekin hokimiyatni tiyib turish mexanizmlari ancha zaif.

Turkiyadagi mavjud tizimdan, O‘zbekiston, qolaversa, qolgan Markaziy Osiyo davlatlari, nima xulosa olsa bo‘ladi? Xulosa shuki, demokratiya, demokratik institutlar, siyosiy plyuralizm – universal tushunchalardir. Qaysi bir davlat, demokratik institutlarni qabul qilsa va ularni ishlashiga imkoniyat bersa, bu davlatning va xalqning farovonligiga, siyosiy barqarorlik, rivojlanish va geosiyosiy mustaqillikka juda ijobiy ta’sir qiladi.

Turkiya misoli shuni ko‘rsatadiki, demokratiyadan qo‘rqish kerak emas. Aksincha, demokratiya bo‘lmasligidan, demokratik institutlar yo‘qligidan yoki ishlamasligidan qo‘rqish kerak. Turkiya, demokratiya orqali qudratli davlatga aylandi. Demokratiya va siyosiy plyuralizmni qabul qilish orqali, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari ham, farovon, qudratli va geosiyosiy mustaqil bo‘lish imkoniyatini mustahkamlaydi xolos.

Turkiyada turkiylar bemalol demokratiyaga, siyosiy plyuralizmga erisha oldi. O‘zbekiston va o‘zbeklar nega erishmasligi kerak ekan?

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid