Jahon | 18:30 / 15.05.2023
23242
3 daqiqa o‘qiladi

Umka - Belarus prezidentining jahongashta iti haqida

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga siyosiy uchrashuvlar, turli davralar, dam olishlar va xorij safarlarida Umka laqabli it hamrohlik qiladi. 3 yildirki, ijtimoiy tarmoqlarda unga qiziqish va fikrlar tinmaydi. U Markaziy Osiyo davlatlaridan Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon qarorgohidagi ish stolida, Samarqanddagi “Boqiy shahar” sayyohlik kompleksida ham ko‘rinish bergan. Kun.uz Umka bilan bog‘liq ma’lumotlarni jamladi.

Lukashenko uy hayvonlarini yaxshi ko‘radi — uning fermasida zotli otlar va sigirlar, echki va qo‘ylar, qushlar, shu jumladan, tuyaqushlar va mushuklar yashaydi. Lekin uning Umkaga mehri boshqacha. Umka turli doiradagi uchrashuvlarda o‘z xo‘jayiniga hamrohlik qiladi. Belarus prezidenti faoliyatini yorituvchi “Pul pervogo” Telegram-kanalida ham u bilan bog‘liq 20 dan ortiq xabarlarni ko‘rish mumkin.

Shpits zotiga mansub bo‘lgan Umka birinchi marta 2020 yil 25 aprelda Lukashenko bilan birgalikda Gomel viloyatidagi ko‘chat ekish tadbirida ko‘rinish bergan.

Shundan so‘ng Lukashenkoning erkatoyi siyosiy davralarda ham tez-tez ko‘rina boshladi. 2021 yilning yanvar oyida Mogilyov viloyatining Aleksandriya qishlog‘ida Lukashenko va rossiyalik jurnalist Noila Askarzoda o‘rtasidagi suhbat chog‘ida itning ovqat stolida bemalol yotganini ko‘rish mumkin.

O‘sha yilning may oyida Belarus rahbarining iti xalqaro darajada birinchi marta Moldova sobiq prezidenti Igor Dodon bilan uchrashuvda ishtirok etdi, shuningdek, "G‘arb-2021" Rossiya–Belarus qo‘shma strategik mashg‘ulotlarida ham qatnashdi.

2021 yilning sentabrida esa Umka birinchi “ish safari”ga chiqdi – u o‘z egasi bilan Tojikistonda bo‘lib o‘tadigan KXShT va ShHT sammitida hamroh bo‘ldi. So‘ng u to‘g‘ridan to‘g‘ri prezident Imomali Rahmon qarorgohidagi stol ustida suratga tushdi.

Bundan tashqari, oq shpits Lukashenko bilan birgalikda Uzoq Sharqqa amaliy tashrif bilan borgan va 2022 yil aprel oyida delfinariyga, oktabr oyida esa Sankt-Peterburgdagi MDHning norasmiy sammitiga tashrif buyurgan. 2023 yilning yanvar oyida esa Umka BAAga tashrif buyurib, belaruslik tennischi Arina Sobolenkoning Avstraliya ochiq chempionatidagi g‘alabasini nishonlashga, keyin esa mamlakat prezidenti bilan uchrashish uchun Zimbabvega uchib ketishga muvaffaq bo‘ldi.

2022 yilning sentabr oyida u Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT sammitiga Belarus prezidenti boshchiligidagi delegatsiya bilan ham kelgandi.

Foto: Kun.uz

Sammit kunlari shpits Lukashenkoning shaxsiy shifokori Svetlana Kanashenko bilan Samarqanddagi “Boqiy shahar” kompleksini kolyaskada aylangandi. Ularga Belarus rahbarining do‘sti, biznesmen Sergey Teterin ham hamrohlik qilgan.

83ndkKTK6DohgfQ-8BvAShA8Suytxe02.jpg (1280×720)
Foto: Kun.uz

Umka shpits zoti va shu rangdagi juda kam uchraydigan kombinatsiya bo‘lib, uning narxi ikki ming dollardan oshishi mumkin. Belarusning eng nufuzli iti mamlakatda mashhurlikka erishgach, uning surati tushirilgan futbolkalar sotuvi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Mavzuga oid