Volodimir Zelenskiy frontga bordi
Zelenskiy Ukrainada dengiz piyodalari korpusi tuzilishini e’lon qildi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yaponiyadagi G7 sammitidan qaytib, mamlakat sharqidagi front chizig‘iga yetib bordi. Bu haqda uning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
«Bizning himoyachilarimiz. Front chizig‘i. Bugun men harbiylarimizni Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-dengiz floti dengiz piyoda askarlari kuni bilan tabriklash uchun keldim. Ukrainani himoya qilayotgan har bir kishiga shon-sharaflar bo‘lsin», deb yozdi u Telegram’da.
Ukraina prezidenti Vuhledar — Maryinka mudofaa liniyasidagi oldingi chiziqda bo‘lgan.
U dengiz piyodalariga mukofotlar topshirgan. «Eng kuchlilar taqdirlandi. Eng yaxshilar xotirlandi», degan u.
Zelenskiy Ukrainada dengiz piyodalari korpusi tuzilishini e’lon qildi. Tarmoqda bu bayonotni Qrimni qaytib olish yo‘lidagi qadam deb talqin qilishmoqda.
Donetsk oblastidagi Vuhledar — Maryinka liniyasi — frontning nisbatan faol harbiy harakatlar ketayotgan uchastkalaridan biridir. Rossiya qo‘shini bir-biridan taxminan 30 kilometr masofada joylashgan bu ikki shaharni egallashga harakat qilmoqda, ammo ukrain harbiylari muvaffaqiyat bilan mudofaalanmoqda.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligining biroz avvalroq e’lon qilingan kundalik xulosasida aytilishicha, Ukraina hududiga bostirib kirish boshlanganidan beri Ukrainadagi Rossiya armiyasining soni deyarli o‘zgarmadi, biroq uning sifati sezilarli darajada pasaydi.
Xabarda aytilishicha, Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari guruhi hozirda 200 mingdan ortiq harbiy xizmatchiga ega. Ular beshta qo‘shin guruhi tarkibida 70 ga yaqin polk va brigadalarga birlashtirilgan. Ammo o‘tgan yilning fevral oyida Rossiya armiyasi professional askarlardan iborat bo‘lib, asosan zamonaviy texnika bilan jihozlangan va murakkab qo‘shma operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rish uchun muntazam ravishda mashg‘ulotlardan o‘tgandi.
Shu tariqa, Britaniya harbiylarining fikriga ko‘ra, Rossiya 1200 kilometrlik front chizig‘i bo‘ylab paydo bo‘ladigan operativ muammolarga javob berish uchun katta, qobiliyatli, mobil zaxirani yaratishi dargumon.
Mavzuga oid
14:30 / 09.11.2024
Zelenskiy RF bilan xavfsizlik kafolatlarisiz sulh tuzishni rad etdi
10:42 / 08.11.2024
Zelenskiy Budapeshtda RFga yon bosmaslikka chaqirdi
09:08 / 08.11.2024
Zelenskiy: Kursk oblastidagi KXDR askarlari yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda
08:30 / 07.11.2024