Jahon | 21:53 / 25.05.2023
42791
13 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘anning g‘alaba uchun imkoniyati oshdi. O‘g‘an nega bunday tanlov qildi?

Millatchilar nomzodi, saylovlarning birinchi turida uchinchi o‘rinni egallagan Sinan O‘g‘an MGIMOda dissertatsiya yoqlagan va bungacha doim amaldagi prezidentga qarshi bo‘lgan.

Foto: Adem Altan / AFP / Scanpix / LETA

Turkiyada 14 may kuni prezidentlik va parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Byulletenlar to‘liq hisob-kitob chiqilganidan keyin mamlakatning amaldagi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 49,35 foiz ovoz olgani ma’lum bo‘ldi — bu esa kurash ikkinchi turga o‘tishini talab etardi. Bu bosqichda unga muxolifatchilar nomzodi, birinchi turda 45 foiz saylovchilar tomonidan qo‘llangan Kamol Qilichdoro‘g‘li yagona raqib bo‘ladi. 28 may kuni bo‘lib o‘tadigan takroran ovoz berish jarayoni yakunlariga «OTA ittifoqi» partiya blokidan nomzod sifatida ko‘rsatilgan, 5,22 foiz ovoz bilan uchinchi o‘rinni egallagan Sinan O‘g‘an ta’sir ko‘rsatishi mumkin: u allaqachon o‘z tarafdorlarini Erdo‘g‘an uchun ovoz berishga chaqirdi. Lekin O‘g‘an butun siyosiy faoliyati mobaynida amaldagi prezidentga qarshi chiqib kelgandi. «Meduza» Sinan O‘g‘an kimligi va u nima uchun Erdo‘g‘anni qo‘llashga qaror qilganini ko‘rib chiqdi.

Sinan O‘g‘an Rossiyada o‘qigan, Turkiyaga qaytganidan keyin millatchilar partiyasiga qo‘shilgan (keyinroq uni partiyadan haydashgan)

55 yoshda bo‘lgan O‘g‘an Turkiyaning eng qadimiy ta’lim dargohlaridan biri bo‘lmish Marmara Universitetining Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi fakultetini tamomlagan. Kelib chiqishiga ko‘ra ozarboyjon bo‘lgan O‘g‘an Marmarada o‘qib chiqqanidan keyin Bokuga yo‘l olgan, bu yerda Ozarboyjon Davlat iqtisodiyot universitetida dekan muovini bo‘lib ishlagan va shu bilan bir vaqtning o‘zida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish vakili edi — bu Turkiya vitse-prezidenti departamentining rivojlanayotgan mamlakatlarga iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy yordam ko‘rsatadigan bo‘limidir.

O‘g‘an Turkiyaga 2000 yilda qaytib keladi — Yevrosiyo strategik tadqiqotlar markazining Rossiya va Ukraina bo‘yicha bo‘limini boshqarish uchun. 2004 yilda bo‘lajak siyosatchi Türksam nomli Xalqaro munosabatlar va strategik tahlil markaziga asos soladi — markaz rahbari ekanida u har yili Vladimir Putin, Sergey Lavrov va rossiyalik boshqa siyosatchilar chiqish qiladigan «Valday» muhokama klubi yig‘ilishlarida bir necha bor qatnashgan. 2009 yilda O‘g‘an Rossiyaning Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutida doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi.

Yana ikki yil o‘tib O‘g‘anning siyosiy faoliyati boshlanadi — u o‘zi tug‘ilgan shahar Igdirdan Millatchilik harakati partiyasi (MNR) nomzodi sifatida Turkiya parlamentiga deputat etib saylanadi. 1970-yillarda bu partiya tarafdorlari radikal antikommunistik va antisovet g‘oyalariga amal qilgan, 1990-yillardan kurd ayirmachilariga qarshi tura boshlagan. Hozirga kelib MNR Turkiyadagi siyosiy tizimda o‘ta o‘ng qanotni ifodalaydi va «ongsiz» migratsiyaning oldini olish, qochqinlarni deportatsiya qilish, shuningdek terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirib, «xavfsiz muhit» yaratish tarafdori hisoblanadi. Shuningdek, MNR armanlar genotsidini qat’iyan inkor etadi, o‘sha paytdagi hukumat harakatlarini «mamlakat xavfsizligini kafolatlash uchun zarur bo‘lgan ko‘chirish» deb ataydi.

O‘g‘an 2015 yilgacha, partiya rahbari Davlet Bog‘chali Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning siyosatini qo‘llay boshlaguniga qadar MNR pozitsiyasiga to‘liq qo‘shilardi (2003 yildan buyon mamlakatni bosh vazir sifatida boshqargan Erdo‘g‘an 2014 yilda prezidentga aylangandi. O‘g‘an MNR partiyasining Bog‘chalining Erdo‘g‘an bilan yaqinlashuviga qarshi kayfiyatda bo‘lgan boshqa bir qancha a’zolari bilan birga partiya ichida muxolifat tashkil etadi va partiyaning ustavini qayta ko‘rib chiqib, Bog‘chalini chetlatishni talab qila boshlaydi. Ishga sud aralashadi va muxolifatchilarning ikki talabini ham rad etadi.
O‘g‘anning o‘zi MNR dan chetlatiladi — «partiyaga qarshi faoliyati» uchun, ammo u bu qarordan shikoyat qilib sudga murojaat qiladi. Yakunda, 2017 yilga kelib siyosatchi baribir partiyani tark etadi — va shu vaqtga qadar biror partiyaga a’zo bo‘lmagan.

O‘g‘an o‘z qarashlarini o‘zgartirmagan va millatchilik g‘oyalaridan voz kechmagan. U Turkiyani boshqaruvning parlamentar shakliga qaytarish (2017 yilda Erdo‘g‘an tashabbusi bilan mamlakat prezidentlik respublikasiga aylangandi) va yanada qat’iyroq migratsiya siyosati olib borish tarafdori, shuningdek Suriyadagi harbiy mojaroga faolroq aralashishga chaqiradi.

Erdo‘g‘anning tanqidchisi ekaniga qaramay, O‘g‘an o‘z saylovchilarini aynan unga ovoz berishga chaqirdi — yuqori lavozim olish uchun

2023 yil martida O‘g‘an o‘z nomzodini «OTA ittifoqi» partiyalar blokidan prezidentlik sayloviga ilgari surishini e’lon qilgandi — bu blok Zafer, Adalet, Ulkem va Turkiye Ittifaki partiyalaridan tarkib topgan va ular ham millatchilik pozitsiyasiga rioya qiladi. 

Siyosatchi o‘zining saylovoldi dasturida prezident vakolati cheklanishini istashini bildirgan. O‘g‘an yoshlarni o‘z tomoniga og‘dirishga harakat qilib, «Repressiv mentalitet bilan yangi Turkiyani qurib bo‘lmasligi»ni bildirgan: 

«Yoshlarimiz nafas ololmaydi, ayollarimiz o‘zini qulay his qilolmaydi. Bir tomonda turk ayollari huquqlarini doimiy tarzda cheklashga harakat qilayotgan omma, boshqa tomonda — turk ayollarining ko‘chada erkin yurishiga to‘sqinlik qilayotgan 13 millionga yaqin kishi bor».

O‘g‘an Suriya va Afg‘onistondan kelgan qochqinlarni «o‘z mamlakatlariga qaytarish» va «terrorchilar»ni agressivlik bilan ta’qib qilishga va’da bergan — u kurdlarni shunday atagan. Siyosatchi qochqinlar «mamlakat yaxlitligiga tahdid solishi mumkinligi», ayrim hududlarda «ularning soni turk fuqarolaridan ko‘proqligi»ni ta’kidlagan.

Qonunga ko‘ra u o‘zining prezidentlikka nomzodini qo‘llab-quvvatlovchilarning 100 ming imzosini yig‘ishi talab etilardi — u bunga erishadi. Ammo saylovdagi natijasi bilan Erdo‘g‘an va Kamol Qilichdoro‘g‘lining yaqiniga ham kela olmadi. 2023 yilgi prezidentlik saylovlarida O‘g‘an 5,22 foiz ovoz oldi. 

Birinchi tur yakunlanishi bilanoq ikki favorit O‘g‘an bilan uchrashuv belgilashdi — unga ovoz bergan 2,8 million saylovchining qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘lishni ta’minlash uchun. Shu tufayli OAV O‘g‘anni «kingmeyker», ya’ni saylov yakunini belgilab beruvchi shaxs deb ham atay boshladi.

Saylovning birinchi turidan keyin darhol o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘g‘an Erdo‘g‘an va Qilichdoro‘g‘lidan birini tanlashini, bunda «ularning milliy pozitsiyasi va layoqati»dan kelib chiqishini aytgandi. «Ularning terrorchilar bilan aloqasi bor-yo‘qligi va yordam so‘rab murojaat qilgan-qilmaganini aniqlaymiz. Sog‘lom fikrga asoslanib qaror qabul qilamiz. Sog‘lom fikr bizga jannatni va’da qila olmasligimizni aytadi, ammo do‘zax eshiklarini yopish payti keldi», — deya aniqlik kiritgan O‘g‘an.

U shuningdek, agar Qilichdoro‘g‘li kurdlarning Xalqlar demokratik partiyasi (HDP) bilan aloqalarini rad etsa, uning nomzodini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini qo‘shimcha qilgandi. Aynan kurdlar yashovchi provinsiyalarda ko‘pchilik Qilichdoro‘g‘liga ovoz bergandi, qolaversa, uning o‘zi ham diniy ozchilikni tashkil etuvchi alaviylarga mansub hisoblanadi. Qilichdoro‘g‘li bilan uchrashuvdan keyin O‘g‘an o‘zini qiziqtirgan savollariga «javoblar olgani»ni aytgan, ammo nimani nazarda tutganini aniqlashtirmagandi. Shu kunning o‘zida u Erdo‘g‘an bilan ham uchrashdi, ko‘p o‘tmay hukumatparast Hürriyet nashri o‘z manbasiga asoslangan holda O‘g‘an 22 may kuni Erdo‘g‘anni qo‘llashi haqida e’lon qilishini yozdi. Shunday bo‘lib chiqdi ham. 

Ammo O‘g‘anning qaroriga faqatgina Qilichdoro‘g‘lining kurdlar bilan aloqalari ta’sir qilmagan — Erdo‘g‘anda ham bunday aloqalar bor, O‘g‘an uni shuning uchun ham tanqid qilib kelgan. O‘g‘an amaldagi prezidentni qo‘llashga qaror qilganiga unga bo‘lajak hukumatdan lavozim kafolatlangani ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Uning o‘zi The New York Times nashriga bergan intervyusida birinchi turdan keyin Erdo‘g‘an bilan uchrashuvida qochqinlarni deportatsiya qilish rejasi, shuningdek o‘zi egallashni istayotgan vitse-prezidentlik lavozimini muhokama qilganini aytgandi. Erdo‘g‘an unga muayyan bir va’da bergani aniq emas. Qayd etish kerakki, Turkiyaning amaldagi prezidenti mamlakatdagi qochqinlardan Yevroittifoqqa bosim qilishda foydalanar, muntazam ravishda ularni Yevropaga o‘tkazib yuborish bilan tahdid qilardi.

22 may kuni «OTA ittifoqi» tarqalgani haqida e’lon qildi, chunki uning barcha a’zolari ham O‘g‘an amaldagi prezident foydasiga qaror qabul qilishiga rozi bo‘lmagan. Istanbullik jurnalist Orzu G‘aybullayeva «Meduza» bilan suhbatda birinchi turda O‘g‘anga ovoz berganlar ikkinchi turda ham saylov uchastkalariga kelishiga shubha bildirgan. Uning fikricha, ular o‘z ovozlarini O‘g‘anni qo‘llab-quvvatlagani uchun emas, balki Erdo‘g‘an va Qilichdoro‘g‘lidan norozilikni ifodalash uchun berishgan. Turkiya nashrlari ham bu fikrga qo‘shiladi: ular ham saylovdan uch kun oldin o‘z nomzodini qaytarib olgan Muharram Injyening elektoratining bir qismi O‘g‘an tomoniga o‘tganini qayd etishgan. «Fikrimcha, O‘g‘an elektoratning besh foiz qismini qandaydir birlashtirgani haqida gapirish noto‘g‘ri», — deya qayd etgan jurnalist.

Shunga qaramay, Orzu G‘aybullayeva O‘g‘anning qo‘llovisiz ham Erdo‘g‘anda ikkinchi turda g‘olib chiqish uchun ancha yuqori bo‘lgan, ammo natijalar hamon hayron qoldirishi mumkin deb hisoblaydi:

«Birinchi turda Erdo‘g‘an va Qilichdoro‘g‘li orasidagi farq atigi 2,5 million ovozni tashkil etdi, saylovlarda esa taxminan 6,5–7 million turkiyalik qatnashmadi. Shuning uchun, agar [Qilichdoro‘g‘li boshchiligidagi] muxolifat koalitsiyasi birinchi turda saylov uchastkalariga kelmaganlarni va O‘g‘anga ovoz berganlarni o‘ziga og‘dira olsa, bizni syurpriz kutayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Ammo men birinchi turda kuzatilgan katta energiyani kutmayapman. Muxolifatdagi koalitsiya uchun ovoz berganlarning ko‘pchiligi shunchaki shokka tushdi — ayniqsa Xalq alyansi parlamentda [prezidentlik saylovlari bilan bir kunda o‘tgan saylovda] ko‘pchilik o‘rinni olgani uchun. Bu shuni anglatadiki, birinchidan, muxolifat koalitsiyasi elektoratni to‘g‘ri tahlil qilmagan, ikkinchidan, butun Turkiya borgan sari millatchi bo‘lib bormoqda».

Mavzuga oid