Jahon | 21:25 / 25.05.2023
13410
3 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon va Armaniston tinchlik bitimini imzolashi mumkin

Tomonlar bir-birining hududiy yaxlitligini tan olishga kelishdi.

Foto: Getty Images

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston bilan tinchlik shartnomasini imzolash imkoniyati borligini ma’lum qildi.

«Armaniston Qorabog‘ni Ozarboyjonning bir qismi sifatida tan olganini inobatga olsak, tinchlik kelishuviga erishish imkoniyati mavjud», dedi Aliyev Moskvada bo‘lib o‘tgan Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida so‘zlagan.

Bu yig‘ilishda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan «Armaniston va Ozarboyjon bir-birining hududiy yaxlitligini o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishib oldi va shu asosda munosabatlarimizni tartibga solish yo‘lida ancha yaxshi harakat qilyapmiz», degan edi.

«Bu kontekstda juda muhim masala – Tog‘li Qorabog‘ aholisining huquqlari va xavfsizligi. Va xalqaro mexanizm doirasida, yaqin orada Boku va Xonkandi (armanlar Stepanakert deb ataydi) o‘rtasida normal va konstruktiv muloqot boshlanadi, deb umid qilaman», dedi u.

Yig‘ilishda ishtirok etgan jurnalistlarining yozishicha, dastlab Aliyev va Pashinyan o‘zaro tortishib qolgan va tanqidiy fikr almashgan.

Aliyev Ozarboyjonni Noxichevon Muxtor Respublikasi bilan bog‘laydigan Zangezur yo‘lagi loyihasini tilga olgan. Pashinyanning ta’kidlashicha, Aliyev «so‘nggi yillarda Armanistonga qarshi hududiy da’volar qo‘yishga xizmat qiladigan iborani» ishlatgan.

Armaniston bosh vaziri, shuningdek, Lochin yo‘lagi Rossiya tinchlikparvar kuchlari nazorati ostida bo‘lishi kerakligini ta’kidladi va Armaniston hududidan o‘tuvchi barcha transport va iqtisodiy kommunikatsiyalarga qo‘yilgan to‘siqlarni olib tashlashga tayyorligini tasdiqladi.

Aliyev bunga javoban Ozarboyjonning Armanistonga nisbatan hududiy da’vosi yo‘qligini, uning «yo‘lak» so‘zini ishlatishi kimningdir hududiga tajovuz emasligini, chunki bu xalqaro atama ekanini ta’kidladi.

Payshanba kuni Moskvada Aliyev, Pashinyan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tishi kerak.

«Biz kelishib olganimizdek, uch tomonlama formatda hamma narsani xotirjam, ishbilarmonlik ruhida muhokama qilish imkoniyati bo‘ladi. Umid qilamanki, nafaqat Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi, balki butun mintaqada vaziyatni konstruktiv rivojlanishiga olib keladigan qandaydir kelishuvlarga erishamiz», dedi Putin.

22 may kuni Nikol Pashinyan Armaniston aholi xavfsizligi ta’minlangan taqdirda, Tog‘li Qorabog‘ni Ozarboyjonning bir qismi sifatida tan olishga tayyorligini ma’lum qildi.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rasmiylari Yerevanni bunday bayonotlardan voz kechishga chaqirdi.

Mavzuga oid