Jahon | 19:45 / 25.05.2023
32976
6 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyning diplomatik hujumlari: “qamal qilinayotgan” Putin

May oyining ikkinchi o‘n kunligi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy uchun diplomatik hujumlar o‘n kunligi bo‘ldi. Boisi, Ukrainadagi urush taqdiri va uning oqibatlari, faqat urush maydonida hal bo‘lmaydi. Buni ikkala tomon ham yaxshi biladi.

Urushlar har doim juda qimmat turadigan tadbir hisoblanadi. Hozirgi globallashgan dunyoda esa, urushlardagi tomonlarning xalqaro maydondagi qo‘llab-quvvatlovchilarning ko‘pligi yoki ozligi – urush natijalarini belgilab beruvchi sabablardan biri.

Ukrainadagi urush cho‘zilgan urushga aylanib ketdi. Urush o‘tgan 2022 yilning 24 fevralida boshlangan edi, lekin haligacha davom etyapti. Birgina Baxmut shaharchasi uchun, tomonlar 9 oy urushdi.

Zelenskiyning diplomatik faolligi, Yevropaning asosiy davlatlariga safar bilan boshlandi. 13-15 may kunlari Zelenskiy Italiyaga, Germaniyaga, Fransiya va Buyuk Britaniyaga safarlar uyushtirdi. Rim, Berlin, Parij va Londonda Zelenskiy Ukrainaga yetkazilgan harbiy yordamlar uchun minnatdorchilik bildirib, yangi yordamlarni muhokama qildi.

19 may kuni esa, Volodimir Zelenskiy Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, Arab davlatlari ligasi sammitida, taklif qilingan mehmon sifatida ishtirok etdi. Bu sammitda kuzatilgan yana bir katta yangilik – unda 2011 yili bu tashkilotdan quvilgan Suriya Arab Respublikasi prezidenti Bashar Asadning ishtirok etishi bo‘ldi.

2011 yilda “Arab bahori” Suriyaga ham “yuqadi” – Damashq va boshqa ko‘plab shaharlarda ommaviy namoyishlar boshlanadi. Asad esa, bu namoyishlarni qonli bostiradi. Natijada, arab davlatlari Bashar Asadni ADLdan haydashadi.

Mana endi, oradan 12 yil o‘tib, Saudiya Asadni yana qayta tashkilotga chaqirdi. Fikrlar borki, Asadning Arab davlatlari ligasiga qaytishini biroz yumshatish maqsadida, bu sammitga Zelenskiyni ham taklif qilishdi va unga so‘z berishdi. Zelenskiy arab davlatlari rahbarlari oldida katta nutq so‘zladi.

Jumladan, “Ukrainadagi musulmonlar hisoblanmish qrimtatarlarini himoya qilishda, asrab qolishda bizga yordam bering. Biz o‘z yerimiz, vatanimiz uchun urushyapmiz. Biz bosqinchiga qarshi urushyapmiz”, deya xitob qildi.

21-22 may kunlari esa, Yaponiyaning Xirosima shahrida, bir vaqtning o‘zida ikkita katta yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Biri – Yettilik guruhi, ya’ni G7 bo‘lib, unda sanoatlashgan yettita davlat rahbarlari va Ukraina prezidenti Zelenskiy o‘zaro fikr almashishdi. Aytish kerakki, 2014 yilga qadar, bu tashkilotning nomi “Sakkizlik guruhi” edi; Ukrainaning Qrim yarimoroli anneksiya qilinishi sababli, Rossiya bu tashkilotdan quvilgan edi.

G7 davlatlari rahbarlari Zelenskiyga “urushning oxiriga qadar biz Ukraina bilanmiz, qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz” degan va’dani berishdi. AQSh prezidenti Bayden Ukraina prezidenti bilan “NATOdan tashqari ittifoqchilik va homiylik” masalasini muhokama qildi. AQShning ba’zi yaqin ittifoqchilari, hamkorlari NATOga a’zo emas, lekin, bu davlatlarning xavfsizligini ta’minlashni, rasmiy Vashington o‘z bo‘yniga olgan. Misol uchun, Isroil davlati xavfsizligini ta’minlashni AQSh o‘z zimmasiga olgan. Buning uchun, AQSh va Isroil o‘rtasida, “NATOdan tashqari bo‘lgan ittifoqchilik va homiylik” kelishuvi bor. Xuddi shunday Ukraina xavfsizligini ta’minlashni Vashington o‘z zimmasiga olish niyatida. Va bu kelishuv, Ukraina NATOga a’zo bo‘lgunicha ishlashi aytiladi.

Qolaversa, G7 davlatlari Ukrainaga qiruvchi samolyotlar, zamonaviy qurol-yarog‘lar yetkazib berish, ukrain harbiylarini tayyorlash borasida, ma’lum majburiyatlar olishdi.

Xirosimada, shuningdek, Zelenskiy “global janub” davlatlari rahbarlari bilan ham uchrashdi. Bu – Hindiston, Indoneziya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar rahbarlari edi. Janub davlatlari bilan muloqotlar chog‘ida, Zelenskiy, ularni Rossiyaga harbiy yordam bermaslikka, Moskvaning urushda g‘alaba qozonishiga bevosita va bilvosita ko‘maklashmaslikka chaqirdi.

Xo‘sh, Rossiya prezidenti Vladimir Putin-chi? Putin bugungi kunda xalqaro maydonda ihotalangan siyosatchiga aylanib bormoqda. Bir necha oy oldin, Putinning BMT tomonidan tuzilgan Xalqaro jinoyat sudi tomonidan qidiruvga berilishi, Rossiya prezidentining global harakatlanish imkoniyatlarini jiddiy qisqartirdi. Bundan keyin, Putin, tashqi dunyoga chiqar ekan, “borayotgan davlatda mening xavfsizligimga yashirincha yoki oshkora tahdid yo‘qmi?” degan savolni o‘ziga berishga majbur.

Yaqinda Janubiy Afrika Respublikasida BRIKS sammiti bo‘lishi kerak. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, JAR tomoni Putindan bu sammitga kelmaslikni, sammitda onlayn ishtirok etishini iltimos qilgan. Bu – Putinni qattiq tahqirlaydi.

Demak, Ukraina tarafi xalqaro maydonda Putinni diplomatik qamal qilish harakatini kuchaytirmoqda. Putin esa, o‘zining aksil-g‘arb geosiyosiy qutbini shakllantirishni orzu qilmoqda. Cho‘zilib ketgan Ukrainadagi urush, ikki tomonni ham jiddiy holsizlantirdi.

Endi, toliqqan ikki tomon ham, qayta kuch-quvvat to‘plash uchun, tashqi dunyo madadiga muhtoj. Lekin xalqaro maydonda hozircha tashabbus ko‘proq Kiyev tomonida qolmoqda.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid