Jahon | 16:27 / 31.05.2023
8791
2 daqiqa o‘qiladi

Edgars Rinkevichs Latviya prezidenti etib saylandi 

Foto: Global Look Press

Latviya tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs Seym deputatlarining ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va Egils Levitsni davlat rahbari sifatida almashtiradi

Bungacha tashqi ishlar vaziri lavozimini egallab kelgan Edgars Rinkevichs Latviya prezidenti etib saylandi. 31 may, chorshanba kuni Seym deputatlarining aksariyati uchinchi tur yakunlariga ko‘ra uning nomzodi uchun ovoz berdi. Shu tariqa, u asosiy raqibi, biznesmen Uldis Pilensni mag‘lub etdi va bu lavozimda Egils Levitsning o‘rnini egallaydi. Pilens uchun 25 deputat, Rinkevichs uchun 52 deputat ovoz berdi. 

Ikkinchi ovoz berish bosqichida Rinkevichsni 42 deputat qo‘llab-quvvatladi, 45 deputat uning nomzodiga qarshi chiqdi. Pilens uchun 25 deputat yoqlab, 62 deputat qarshi ovoz berdi. Prezident lavozimi uchun uchinchi nomzod - Yevropada Latviya diasporasi faoli, yevroamaldor Elina Pinto 10 ta ovoz oldi, 77 deputat unga qarshi chiqdi. Shu tariqa, Pinto prezidentlik poygasidan chiqib ketdi. Ovoz berishning birinchi bosqichida ham ovozlar xuddi shunday darajada bo‘ldi. 

Latviya prezidenti birinchi navbatda vakillik funksiyalarini bajaradi. Uning saylanishi uchun Seym deputatlarining 100 nafardan 51 nafarining ko‘pchilik ovozi talab qilinadi. Agar ularning hech biri 51 ta ovoz ololmasa, 10-15 kundan keyin yangi saylovlar o‘tkaziladi. Latviyadagi uch partiyali hukmron koalitsiya – «yashillar», konservatorlar va mintaqaviy partiya Seymda 54 o‘ringa ega. 

Mavzuga oid