O‘zbekiston | 18:27 / 31.05.2023
43709
6 daqiqa o‘qiladi

Tuyamo‘yin suv omboridagi suv sathi keskin kamayib ketdi. Nima sabab?

May oyining ikkinchi o‘n kunligida Tuyamo‘yin suv omboridagi suv hajmi 2,3 kub kmgacha qisqargan. Bunga issiq va quruq ob-havo, shuningdek, bir qator tashqi omillar ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Uzb Meteo

Amudaryo quyi oqimida suv taqchilligi yildan yilga og‘irlashmoqda. Xususan, oxirgi 4 yildan beri Tuyamo‘yin suv omboridagi suv miqdori o‘lik sath atrofida tebranmoqda.

“Amudaryoning quyi oqimida bahordagi issiq va kamyog‘in davr joylarda suv tanqisligini, Tuyamo‘yinda sovuq mavsumda to‘plangan suvning oxirgi hajmlari ishlatilishiga sabab bo‘ldi”, deyiladi Uzb_Meteo kanalida.

Meteojurnal'ning yozishicha, mayning boshida suv omboridagi suv hajmi 2,5 km kubgacha kamaygan. Mayning ikkinchi o‘n kunligida suv omboriga kirish oqimi prognozdagidan 1,23 km kubgacha kam bo‘ldi. Suv omboridan 0,15 km kubgacha suv oqib chiqdi. Natijada suv hajmi 2,3 km kubga kamayib ketdi. Bu suv ombori uchun juda ham minimal holatdir. Amudaryoning quyi oqimida juda kuchli suv tanqisligi mavjud. Mart-aprel oylarida hududdagi ekinlarning suvga bo‘lgan talabi issiq va quruq havo omili tufayli mavsumga xos bo‘lmagan tarzda 50 foizga ortib ketgan.

Suv sathi kamayishiga qaysi omillar ta’sir ko‘rsatmoqda?

Birinchidan, oxirgi yillarda Markaziy Osiyoda ko‘pyillik o‘rtacha me’yorlardan balandroq havo harorati yangi me’yorga aylanib bormoqda. Jazirama kunlar soni avvalgiga qaraganda ko‘paydi. Mintaqada o‘rtacha yillik harorat global o‘rtacha ko‘rsatkichdan tezroq ko‘tarilmoqda. Bu esa suv resurslariga bo‘lgan talabni oshirdi.

Ikkinchidan, Afg‘oniston hukumati Balx viloyatida ulkan Qo‘shtepa kanalini qurish loyihasini faol ravishda amalga oshirmoqda. Bu Amudaryo suvining keskin kamayishiga ta’sir ko‘rsatadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Turkmaniston mintaqaning asosiy daryosidan sug‘orish ishlari uchun oladigan suvning 15 foizini yo‘qotadi. Xususan, mayning birinchi o‘n kunligida Amudaryo suvining Qo‘shtepa kanaliga ochib yuborilishi ham Tuyamo‘yin suv omboridagi suv miqdorining qisqarishiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Ushbu vaziyatda Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bilan suv taqsimoti bo‘yicha hech qanday kelishuvga ega emasligi katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Uchinchidan, joriy yilning yanvar-fevral oylarida kuzatilgan anomal sovuq ta’sirida Qoraqum kanalida avariya holati yuzaga kelgan. Buning natijasida 100 mln kub metr suv qumga oqib ketgan.

To‘rtinchidan, suvdan noto‘g‘ri foydalanish, eskirgan sug‘orish usullari, aholi soni ortishi kabi omillar ham Amudaryo suvining kamayishiga o‘z ta’sirini o‘tkazgan.

Prognozlar salbiy

Joriy yil davomida Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv miqdori keskin ravishda kamayadi. Bu haqda “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida keltirib o‘tilgan.

“Prognoz ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil vegetatsiya davrida suv resurslari hajmi ko‘p yillik me’yorga nisbatan Sirdaryo havzasida 10 – 15 foizga, Amudaryo havzasida 15 – 20 foizga kam bo‘lishi kutilmoqda”, deyiladi hujjatda.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilgacha bo‘lgan davrda suvga bo‘lgan global talab 55 foizga o‘sadi. Bu juda katta ko‘rsatkich. Shu bilan bir qatorda, Markaziy Osiyoda suv manbalarining kamayib borish tendensiyasi ro‘y berish ehtimoli mavjud.

Muzliklar mintaqadagi suv resurslarining asosiy manbayi hisoblanadi va ularning eng katta qismi Tojikiston hududiga to‘g‘ri keladi. Bu yerdagi muzliklar Markaziy Osiyo suv resurslarining 60 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil etadi. So‘nggi 40 yilda Tojikistonda mavjud bo‘lgan 8 mingdan ortiq muzliklar maydonining 30 foizi, Qirg‘izistondagi 10 mingga yaqin muzliklar maydonining 16 foizi erib ketgan. Bundan tashqari, oxirgi 20-30 yilda mintaqada yog‘ingarchilik miqdori ham sezilarli darajada kamaygan.

Suv resurslari kamayishi mintaqadagi boshqa davlatlarga nisbatan ham O‘zbekiston uchun ko‘proq salbiy oqibatlar bilan xarakterlanadi. Suv tanqisligi qishloq xo‘jaligiga ta’sir ko‘rsatib, turmush darajasi yomonlashuvi, eksport kamayishi, inflatsiya oshishi, oziq-ovqat mahsulotlari narxi qimmatlashishi va bandlikni ta’minlashda jiddiy muammolar keltirib chiqaradi.

Jumladan, oxirgi 60 yillikda Amudaryo quyi oqimida bir qancha salbiy voqealar kuzatilgan:

  • o‘tgan asrning 60 yillari. Yirik sug‘orish kanallari qurilishi natijasida Orol dengizining sathi pasaya boshlaydi;
  • o‘tgan asrning 80 yillari. Orol yaxlit suv havzasi sifatidagi maqomini yo‘qotadi, maydoni ikki barobar qisqarib ketadi va dengizdagi tirik organizmlar nobud bo‘ladi. Oqibatda Orolqum sho‘rxoklari paydo bo‘ladi;
  • XXI asrning boshi. Orol dengizi bir nechta ko‘llarga bo‘lindi, ulardan faqat shimolidagina suv sho‘rligi bilan bog‘liq vaziyat yaxshi, boshqa joylarida suvning yuqori konsentratsiyasi kuzatila boshlaydi;
  • XXI asrning dastlabki yigirma yilligi. Amudaryoning quyi oqimi suv taqchilligidan tobora ko‘proq azob chekmoqda, u yoki bu darajada suv tanqisligi doimiy hodisaga aylandi. Oxirgi 20 yillikda faqat bittagina suv toshqini (2010 yil) kuzatilgan va Orolning sharqiy qismida hech qanday qaytadan ko‘l hosil bo‘lishi ro‘y bermadi.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid