Jahon | 11:18 / 05.06.2023
4739
3 daqiqa o‘qiladi

Hongkongda Tyananmen hodisalarining 34 yilligida namoyishchilar qo‘lga olindi

Hongkongda qo‘lga olinganlar orasida 67 yoshli demokratiya faoli “Von buvi”, shuningdek, demokratiya harakati faxriysi, Hongkong muxolifat partiyasi yetakchisi Chang Po-In ham bor, deb xabar bermoqda AFP.

Foto: Louise Delmotte/dpa/AP/picture alliance

Pekinning Tyananmen maydonida talabalarning ommaviy namoyishlari qonli bostirilishining 34 yilligi munosabati bilan Hongkong huquq-tartibot idoralari bir necha kishini, jumladan “Von buvi” nomi bilan tanilgan 67 yoshli demokratiya tarafdori Aleksandra Vonni qo‘lga oldi. 4 iyun, yakshanba kuni AFP agentligi xabariga ko‘ra, politsiya uni shahar bo‘ylab gullar bilan ketayotganida ushlagan.

Bundan tashqari, AFP muxbiri Hongkongning muxolif partiyasi – "Sotsial-demokratlar ligasi" yetakchisi qo‘lga olingani haqida xabar bermoqda. Demokratik harakat faxriysi Chan Po-In kichik nur diodli sham va ikkita gul bilan shaharga chiqdi hamda darhol politsiya mashinasiga olib ketildi.

Qo‘lga olingan boshqa bir ayol Pekinda o‘lgan talabalar xotirasiga sham ko‘tarish va hurmat bajo keltirishga chaqirdi. Hammasi bo‘lib, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, “fitna” va tartibni buzganlik uchun 8 kishi qo‘lga olingan.

1989 yil 4 iyunga o‘tar kechasi Xitoy armiyasi bo‘linmalari tanklar ishtirokida demokratik islohotlar uchun tinch namoyishlar bo‘lib o‘tayotgan Tyananmen maydonini "tozalashdi". Turli manbalarga ko‘ra, 200 dan 1000 kishigacha halok bo‘lgan. Keyinchalik yuzlab odamlar qatl qilindi. Pekin maydonidagi talabalar mitinglarini ayovsiz bostirish tarixga "4 iyun qirg‘ini" sifatida kirdi.

Butun Xitoy bo‘ylab Tyananmen maydonidagi qonli voqealarga bag‘ishlangan xotira tadbirlarini o‘tkazish taqiqlangan va bu voqealar haqidagi har qanday eslatma internetdan olib tashlangan. Ko‘p yillar davomida Hongkong Xitoyda qonli qatag‘onni xotirlash uchun yillik ommaviy mitinglarni o‘tkazadigan yagona joy bo‘lib, har yili 4 iyun kuni Viktoriya bog‘ida minglab odamlar shamlar bilan yig‘iladi. 2020 yilda Hongkongda ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng Pekin maxsus ma’muriy hudud uchun xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunni qabul qilib, yillik mitinglarni taqiqladi.

Mavzuga oid