O‘zbekiston | 18:03 / 11.06.2023
22179
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda Buxoro bug‘usini noqonuniy ovlagan brakoner qo‘lga olindi

Brakoner Qizil kitobga kiritilgan bug‘uni ovlab, qochib ketishga urindi.

Foto: Ekologiya vazirligi axborot xizmati

Qoraqalpog‘istonda brakoner Qizil kitobga kiritilgan Buxoro bug‘usini ovlab, qochib ketishga urindi. Ekologiya vazirligi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

11 iyun soat 05:30 da Qoraqalpog‘istondagi Quyi Amudaryo biosfera rezervati inspektorlari tomonidan Xalqaro Qizil kitob va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro bug‘usini noqonuniy ovlagan brakoner qo‘lga olindi. Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati inspektorlariga rezervatning Jumurtov bo‘limi o‘tish zonasi fermer xo‘jaligi hududida o‘q ovozi eshitilgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan. 

Inspektorlar voqea joyiga yetib borganida oq rangli Matiz chiqib ketganini aniqlagan. Mashina izidan quvib, Gurlan tumani «Dehqonobod» MFYgacha borishgan. Huquqbuzarning mashinasida qoplar borligi, ularga esa bir dona Buxoro bug‘usining bo‘laklangan jasadi solingani ma’lum bo‘ldi. Brakoner qo‘lga olindi. 

Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tergovchisi tomonidan protsessual tartibda ikki dona ov miltig‘i, bir dona Buxoro bug‘usi tana qismlari rasmiylashtirib olindi. Huquqbuzar tomonidan tabiatga 99 million so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Ish prokuraturaga yuborilgan.

Mavzuga oid