Jahon | 09:19 / 12.06.2023
7927
2 daqiqa o‘qiladi

Hukmron partiyaga mablag‘ ajratish: Shotlandiya sobiq rahbari qo‘lga olindi

Nikola Styorjyen politsiyaga so‘roq jarayonida ishtirok etish uchun keldi. Bir necha soatdan keyin uni qo‘yib yuborishdi. Shotlandiyaning sobiq birinchi vaziri Shotlandiya milliy partiyasini moliyalashtirishda gumon qilinmoqda.

Nikola Styorjyen Foto: Peter Summers/REUTERS

Shotlandiyaning sobiq birinchi vaziri Nikola Styorjyen Shotlandiya Milliy partiyasini (ShMP) moliyalashtirish bo‘yicha tergov doirasida vaqtincha qo‘lga olindi. Bu haqda 11 iyun, yakshanba kuni Shotlandiya politsiyasi xabar berdi.

Siyosatchi o‘z ixtiyori bilan so‘roqda ishtirok etish uchun politsiya bo‘limiga kelgan, u yerda ayol qo‘lga olingan, deya qo‘shimcha qildi huquq-tartibot idoralari. Bir necha soatdan keyin Styorjyen hech qanday ayblovsiz qo‘yib yuborildi.

AFP eslatishicha, Nikola Styorjyenning turmush o‘rtog‘i, ShMP sobiq ijrochi direktori Piter Myurrell, shuningdek, partiyaning o‘sha paytdagi g‘aznachisi aprel oyida xuddi shu tergov doirasida qo‘lga olingan. Keyinroq ular hech qanday ayblovsiz qo‘yib yuborilgan, biroq tergov davom ettirilishi haqida ogohlantirilgan.

Politsiya er-xotin yashagan Glazgodagi uyga tintuv o‘tkazdi, hatto tergovchilar uchun vaqtincha bog‘da, shuningdek, Edinburgdagi ShMP shtab-kvartirasida stol-stullar o‘rnatildi.

Tergovchilar Shotlandiya mustaqillik harakatini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan 600 000 funt sterling (700 600 yevro) xayriya puli qayerga ketganini tekshirmoqda, deydi Reuters.

“Nikola, agar so‘ralsa, tergov bilan hamkorlik qilishini doimo ta’kidlab kelgan va buni qilishda davom etmoqda”, — dedi siyosatchining matbuot kotibi.

Mavzuga oid