Jahon | 10:04 / 15.06.2023
5807
2 daqiqa o‘qiladi

Kosovoda serb raqamlari bo‘lgan avtomobillar kirishi taqiqlandi

Foto: Djordje Savic / EPA / TASS

Serb raqamlari bo‘lgan mashinalar kirishi taqiqlanishi Prishtinaning Serbiyaning uch kosovolik politsiyachini hibsga olishiga javobi bo‘ldi.

Serbiya va Kosovo munosabatlarida 14 iyun, chorshanba kuni keskinlikning yangi bosqichi yuzaga keldi. Serbiya rasmiylari mamlakatda Kosovo politsiyasining uch xodimini hibsga olganliklarini bildirdi. Bunga javoban Prishtina Belgradni politsiya xodimlarini o‘g‘irlashda aybladi va yana serb raqamlari bo‘lgan avtomobillar uchun respublikaga kirishni yopdi.

Serbiya Ichki ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, qo‘lga olingan politsiyachilar qurol-yarog‘, jumladan, pulemyotlar olib yurgan va Kosovo bilan chegaradan 1,8 kilometr uzoqlikda bo‘lgan. Biroq, ular hibsga olish jarayonida qarshilik ko‘rsatmadi.

Prishtina Kosovo politsiyachilari Serbiya chegarasini buzganini rad etdi. Mamlakat ichki ishlar vaziri Jalol Svechliya ular patrul paytida 300 metr masofada, Kosovo tomonida “o‘g‘irlab ketilgan”ni da’vo qilmoqda, respublika bosh vaziri Albin Kurti esa serb qo‘shinlarini Kosovo hududiga bostirib kirganlikda ayblagan. Shu munosabat bilan Kosovo rasmiylari serb raqamlari bo‘lgan avtomobillarni respublikaga kirishini taqiqlab qo‘ydi va jahon hamjamiyatini “Serbiyaga bosimni zudlik bilan kuchaytirish”ga chaqirdi.

Belgrad voqea yuzasidan xalqaro tergov o‘tkazishni taklif qildi, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich esa Prishtinani zo‘ravonliklarni qo‘zg‘atganlikda aybladi. “Bolqonda har qanday holatda ham mojaro qo‘zg‘atmoqchi bo‘lgan odam bor – bu Albin Kurti”, — deya davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirgan Reuters agentligi.

Mavzuga oid