O‘zbekiston | 15:25 / 17.06.2023
19702
2 daqiqa o‘qiladi

Grant asosidagi qabul kvotalari tasdiqlandi

Bu yil bakalavriatga 34 860 talaba grant asosida qabul qilinadi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 10 foizga ko‘p. Magistraturaga qabuldagi grant o‘rinlari esa qariyb 1 foizga oshirilib, 8 923 ta etib belgilandi. Kontrakt asosidagi kvotalar qabul boshlangunigacha – 3 kun ichida tasdiqlanishi kutilyapti.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidentining farmoyishi bilan 2023/24 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi (granti) parametrlari tasdiqlandi.

Oliy ta’lim vazirligining ma’lum qilishicha, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga 34 860 nafar talaba davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili grant kvotalar soni 31 748 ta bo‘lgandi.

Magistrlar tayyorlash bo‘yicha esa 8 923 ta grant o‘rin ajratildi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 8852 tani tashkil etgan.

Umumiy grant kvotalar doirasida maqsadli qabul kvotalarini tuman (shahar) kesimida hamda ta’lim tillari bo‘yicha taqsimotini Davlat qabul komissiyasi 20 iyunga qadar tasdiqlaydi.

Davlat oliygohlariga to‘lov-kontrakt asosidagi kvotalar esa 20 iyungacha tasdiqlanadi.

To‘lov-kontrakt kvotalarini tizimida OTMlar bo‘lgan vazirlik va idoralar Iqtisodiyot va Oliy ta’lim vazirliklari bilan kelishgan holda, moliyaviy mustaqillik berilgan davlat OTMlar esa Kuzatuv kengashlari qarori asosida tasdiqlaydi.

Eslatib o‘tamiz, bakalavriatga qabul 20 iyundan boshlanishi belgilangan.

Mavzuga oid