O‘zbekiston | 10:04 / 22.06.2023
6984
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Boku porti orqali shakar importini oshirishni rejalashtiryapti

Ozarboyjonning samaradorlikni oshirishi tufayli tranzit vaqti ikki barobarga qisqardi.

Foto: trend.az

O‘zbekiston Ozarboyjon orqali shakar va boshqa tovarlar importini oshirish niyatida. Bu haqda Trend agentligi transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minovga tayanib xabar berdi.

Rasmiyga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z tovarlarini eksport qilish uchun Gurjistonning Poti porti, shuningdek, Boku porti infratuzilmasidan foydalanadi. Biroq, Ozarboyjon porti ancha rivojlangan.

Bundan tashqari, Boku portini modernizatsiya qilishning ikkinchi bosqichi doirasida O‘zbekiston o‘z ehtiyojlari uchun foydalanmoqchi bo‘lgan mineral o‘g‘itlar uchun yangi terminal ishlay boshlaydi.

Vazir o‘rinbosari, shuningdek, tashish vaqtini ikki barobarga qisqartirishga ham e’tibor qaratdi. Shu tufayli Ozarboyjonning transport xizmatlari Markaziy Osiyo boshqa mamlakatlari orasida ham talabga ega.

“Ozarboyjonlik hamkasblarimizning operativ faoliyatini yaxshilashi evaziga yuk tashish vaqtini ikki baravar – bir oydan ikki haftaga qisqartira oldik. Bugun ana shu sa’y-harakatlar tufayli nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo Ozarboyjonning transport salohiyatidan foydalanmoqda”, — dedi Abdusamat Mo‘minov.

Shuningdek, u joriy yilda O‘zbekiston Boku porti infratuzilmasidan shakar importi uchun foydalanishni rejalashtirayotganini, u 300 ming tonnani tashkil etishini ta’kidladi. Shu maqsadda Ozarboyjonga shakar uchun 100 ta vagon jo‘natildi.

Mavzuga oid