O‘zbekiston | 17:15 / 24.06.2023
15385
5 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar Mahkamasi xodimlari lotin yozuvida ish yuritish bo‘yicha o‘qitila boshlandi

VM ijro apparati xodimlari lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritishga o‘qitilmoqda. Ayni paytda, hukumat bu alifboda ish yuritishga qachondan o‘tishi haqidagi savol ochiq qolmoqda.

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi ijro apparati xodimlari 2023 yil iyun-iyul oylari davomida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi, imlosi hamda davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha o‘qitilmoqda. Bu haqda Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov o‘z Facebook sahifasida xabar berdi.

“Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 2023 yildan tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va e’lon qilish amaliyotini to‘liq joriy etish topshirig‘i qo‘yilgan edi. Qaror ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha ko‘plab vazirlik, idora va mahalliy hokimiyatlar 2023 yilni kutib o‘tirmasdan o‘z tashabbuslari bilan lotin yozuviga o‘tib ketdi, lekin haligacha o‘ylanib yurgan davlat tashkilotlari ham yo‘q emas. Bu muammo xususida ko‘p va xo‘p yozildi.

Lekin yana ko‘pchilikda hukumatning o‘zi qachon lotin yozuviga o‘tar ekan, qaror chiqaruvchi bosh tuzilma o‘rnak bo‘lmaydimi, kabi savollar ham bor edi. Afsuski, bu kabi savollar doim ochiq qolardi. Endi bunday savollarga aniq javob olinadigan kunlarga yetib keldik”, – deb yozdi u.

Azimovga ko‘ra, bosh vazir Abdulla Aripovning bu borada bergan qat’iy topshirig‘i bilan, Vazirlar Mahkamasida ish yuritishni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tkazish va shu munosabat bilan yuzaga keladigan masalalarni hal etib borish bo‘yicha ishchi guruh tashkil qilingan.

Shuningdek, 2023 yil iyun-iyul oylarida Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasi xodimlari Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi bilan birgalikda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlosi hamda davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha o‘qitilmoqda.

“Nihoyat, ikki yozuvlilikka barham beriladigan kunlarga ham yaqinlashib kelyapmiz. Bugun shunday kunlarni orzu qilgan, jonini fido qilgan jadid bobolarimiz ruhi shod bo‘ldi. Qadri baland ona tilim, nufuzing va mavqeying bundan ham ulug‘ bo‘lsin!” – deya postini yakunlagan Inomjon Azimov.

Xodimlari lotin yozuvida ishlashga o‘qitilarkan, Vazirlar Mahkamasida ish yuritish qachondan to‘liq lotin yozuviga o‘tishi borasidagi savol bilan Kun.uz muxbiri bosh vazirning matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovga murojaat qildi. Hidoyatov hukumat xodimlari lotin yozuvida ish yuritishga o‘qitilayotganini tasdiqlab, shundan keyin bosqichma-bosqich lotin yozuviga o‘tilishini aytdi. Lekin aniq muddati haqidagi savolni ochiq qoldirdi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 fevraldagi qarori bilan Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlangan.

«Yo‘l xaritasi» bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va e’lon qilish amaliyoti to‘liq joriy qilinishi belgilangan edi.

Ammo 2023 yil iyun oyi yakunlanyaptiki hamki, O‘zbekistonda ko‘plab davlat idoralari hamon kirill yozuvida ish yuritayotganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, “Yo‘l xaritasi”da belgilangan boshqa qator vazifalar ijrosi ham ta’minlanmagan.

Mavzuga oid