O‘zbekiston | 18:42 / 15.07.2023
34957
4 daqiqa o‘qiladi

3 mlndan 209 mlrd so‘mgacha – qaysi hokimlikda qancha qarzdorlik bor?

Sud qarorlari asosida MIB tomonidan yuritilgan ijro hujjatlariga ko‘ra hokimliklar zimmasida milliardlab summadagi qarzdorliklar borligi ma’lum bo‘ldi. Bu borada poytaxt hokimligi mutlaq “rekordchi”.

Toshkent shahri 

Ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorligi eng ko‘p bo‘lgan hokimlik Toshkent shahri hokimligi hisoblanadi. Uning qarzdorligi 209,5 mlrd so‘m. Poytaxt hokimligining eng katta – 88,5 mlrd so‘m qarzdorligi “Xisorak Beshyog‘och” MChJdan. Kun.uz ushbu mavzuni oldinroq bir necha bor yoritgandi. Ko‘plab biznes korxonalari – bankdan to zargarlik firmasigacha egalik qiladigan poytaxt hokimligi “bo‘ynida” shuncha qarzdorlik osilib turibdi.

Ma’lumot uchun, Toshkent shahar hokimligi jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan holatlarda 2022 yilda qariyb 20 mlrd so‘mlik ko‘ngilochar tadbirlar, festivallar o‘tkazgan. Bu yil “Paxtakor” klubiga homiylik maqsadida 7 mlrd so‘m in’om qildi.

Andijon

Qarzdorlar ro‘yxatda Toshkent shahridan keyingi o‘rinni Andijon viloyati egallab turibdi: viloyat hokimligining sud qarorlariga asosan yuritilayotgan ijro hujjatlari bo‘yicha umumiy qarzdorligi 13,9 mlrd so‘m. Hokimlik qarzdorligining eng katta qismi – 1 mlrd 770 mln so‘mi AT “Xalq banki”dan.

Surxondaryo

Surxondaryo viloyati hokimligida sud qarorlari bilan yuritilayotgan ijro hujjatlari bo‘yicha 775,6 mln so‘m qarzdorlik bor. Shundan 745,8 mln so‘mi bitta MChJga tegishli. Mazkur ish bo‘yicha ijro hujjati qariyb ikki yil oldin, 2021 yil avgust oyida qo‘zg‘atilgan.

Qashqadaryo

Bu kabi qarzdorlik Qashqadaryo viloyati hokimligida 147 mln so‘mni tashkil qiladi. Shundan eng yirik – 72,6 mln so‘m qarzdorlikda undiruvchi sifatida fuqarolik ishlari o‘yicha Qarshi tumanlararo sudi ko‘rsatilgan.

Sirdaryo

Sirdaryo viloyati hokimligida bu turdagi qarzdorlik 68,2 mln so‘mni tashkil qiladi. Shundan 59,2 mln so‘mi 2019 yil avgust oyida sud qarori bilan qo‘zg‘atilgan ijro hujjati bo‘yicha 666,2 mln so‘m qarzdorlikning to‘lanmagan qoldiq qismi hisoblanadi. 

 

Toshkent viloyati

Toshkent viloyati hokimligida ijro hujjatlari bo‘yicha to‘lab berilmayotgan 31,4 mln so‘m qarzdorlik bor. Ushbu qarzdorlikning 15,2 mln qismi fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘rta Chirchiq tumanlararo sudining qarori bilan qo‘zg‘atilgan ijro hujjatiga tegishli. Unda hokimlik fuqarodan qarzdor ekanligini ko‘rish mumkin.

 

Navoiy

To‘lab berilmayotgan qarzdorlik Navoiy viloyati hokimligida ham bor – 23,2 mln so‘m. Ushbu qarzdorlikning 20 mln so‘mi katta ehtimol bilan elektr energiyasidan yuzaga kelgan. Sababi, 20 mln so‘m qarzdorlikning undiruvchisi sifatida Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi ko‘ratilgan.

 

Qolgan hududlar

Jizzax viloyati hokimligida 7,8 mln so‘m, Xorazm viloyati hokimligida 4 mln so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida 3,4 mln so‘m hamda Samarqand viloyati hokimligida 3,2 mln so‘m qarzdorlik bor. Buxoro, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hokimliklarida bunday qarzdorlik mavjud emas.

Ushbu ma’lumotlar MIBning onlayn bazasidan olindi. Hokimliklarning bu bazaga kiritilmagan qarzdorliklari ham bo‘lishi mumkin. Ammo ularni ochiq manbalar asosida aniqlashning imkoni yo‘q.

Ruslan Saburov
Kun.uz

Mavzuga oid