Jamiyat | 17:36 / 24.07.2023
12207
7 daqiqa o‘qiladi

Sut, suvli idish va sabzavotlar – issiq kunlarda salqinlash uchun tavsiyalar

​​​​​​​24-27 iyul kunlari O‘zbekistonda yozning navbatdagi eng issiq kunlari kuzatiladi. Anomal issiqda tanani salqin tutish, sog‘lom uyquni saqlab turish uchun qanday usullar foyda beradi?

Foto: Representative Image

24-27 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga issiq havo kirib kelishi bilan, ayrim hududlarda harorat 44 darajagacha ko‘tarilishi ma’lum qilingandi. Yuqori harorat barcha tirik jon uchun yashashni qiyinlashtiradi. Tashqari tana haroratidan yuqori bo‘lishni boshlasa, tana o‘z haroratini nazorat qilolmay qoladi. Natijada issiq urishi va yurak bilan bog‘liq kasalliklar ko‘payadi. 

Issiq jismoniy sog‘liq bilan birga ruhiy zaiflikka ham sabab bo‘ladi. Odamlar jahldor, stressli va o‘zini kamroq baxtli his qila boshlaydi. Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, Avstraliyada olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, harorat 27dan ko‘tarilganda kasalxonada bemorlar soni oshib ketgan, Gretsiyada 25dan yuqori harorat kuzatilganda qotillik 30 foizga oshgan. Atrofdagilarga va o‘ziga ziyon qilmaslik uchun issiqdan saqlanish bo‘yicha ayrim tavsiyalarga rioya qilish foyda beradi.

Achchiq, issiq ovqatlar va sut

Harorat ko‘tarilganda odatda ko‘p miqdorda suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Agar havo dim issiq bo‘lsa, issiq suvni kamroq ichgan ma’qul. Tarkibida alkogoli bor mahsulotlarni esa butunlay unutish foydadan xoli bo‘lmaydi. Uning o‘rniga tarkibida suvi ko‘p meva sabazavotlar: qovun, tarvuz, bodring kabilarni ratsiondan ayirmagan ma’qul. Achchiq va issiq ovqatlar yaxshi terlatishi hisobiga salqinlashga yordam beradi.

Tibbiyot mutaxassislari yaqin 10 yildan beri kuniga 6-8 stakan yoki 2-3 litr suv ichish kerakligini ta’kidlab kelishadi. Lekin issiqda salqinlikni ushlab turish uchun yanada ko‘proq suyuqlikka ehtiyoj seziladi. Shunday vaziyatda sut suvdan yaxshiroq bo‘lishi mumkin. Chunki uning tarkibida tuz va shakar bo‘lib, bu ortiqcha terlash orqali yo‘qotilgan moddalarning o‘rnini bosadi. Biroq unutmang, suvni ham haddan tashqari ko‘p ichish suvdan zaharlanishga olib keladi.

Issiq soatlarda ko‘chaga chiqmaslik

Soat 11:00-15:00 oralig‘ida ko‘chaga chiqmasdan uy ichida qolish yoki hech bo‘lmaganda soyali joy topishga harakat qilish kerak. Chunki kunning bu soatlari eng issiq vaqt hisoblanadi.

Agar imkoningiz yetsa, hovli yoki ko‘p qavatli uyingiz devorlariga yashil o‘simliklar o‘stirishni boshlashingiz mumkin. Yashil devorlarga ko‘p mamlakatlarda salqinlikning eng yaxshi manbasi sifatida qaraladi. 

Yana bir muhim tavsiya: shaxsiy mashinada harakatlanayotgan bo‘lsangiz, u yerda bolalarni uzoq vaqt qoldirmagan ma’qul. Chunki mashinalar juda tez qiziydi. Bunday issiqda bolalarning harorati kattalarinikidan 3-5 barobar tezroq ko‘tariladi. Shuning uchun mashina bolalar uchun xavfli joy bo‘lishi mumkin. Statistikaga ko‘ra, AQShda oxirgi 25 yilda 900 nafar bola issiqda mashinada qoldirib ketilganidan vafot etgan.

Keng kiyimlar va quyosh kremlari

Keng kiyimlar kiyish tanada havo aylanishiga juda yaxshi yordam beradi va bu issiqda terining salqin qolishini ta’minlaydi. Shuning uchun yozda ortiqcha tugma, temir-tersaklardan xoli bo‘lgan kiyimlarni kiyish, ko‘chaga chiqqanda shlyapani unutmaslik, quyosh kremlarini surib yurish tavsiya etiladi. Bular imkon qadar teri rakini kamaytiradi.

Shuningdek salqin dush qabul qilish ham tanani sovitadi.

Nam mato va suv to‘ldirilgan idish

Salqin kirishi uchun derazani ochish doim ham foyda bermaydi. Agar tashqaridagi havo ichkaridan issiq bo‘lsa, derazani ochish orqali bor salqin havoni ham tashqariga chiqarib yuborish mumkin. Buning o‘rniga xona pardalarini tushirib, quyoshdan uyni himoyalash tavsiya etiladi.

Qadimgi odamlar xonaning quyosh tushadigan joyi yoki deraza tokchalariga idishlarda suv yoki ho‘l matolar tashlab qo‘yishgan. Bu xonada havo aylanganda namlikni ta’minlab turgan. Hozirgi kunda ventilyator yoniga muz to‘ldirilgan idish yoki nam choyshab tashlab qo‘yish ham salqin havoni haydashga yordam beradi. Ventilyatorlardan foydalanganda uy ichidagi haroratga diqqat qilgan ma’qul. Chunki 35 darajadan yuqori issiqda parraklar havoni haydab, namlikning kamayib, quruqlashuvga sabab bo‘lishi mumkin.

Issiqda uxlash

Barcha tirik jonzotlarning normal uyqusi uchun harorat juda muhim rol o‘ynaydi. Tadqiqotchilar inson uchun ideal xona harorati 19-21 darajada, tana harorati esa 31-35 oralig‘ida bo‘lishi kerakligini aytib kelishadi.

Uyqu vaqti yaqinlashganda insonning yurak urishi bilan birga tana harorati ham pasayishni boshlaydi va bu uxlashni tezlashtiradi. Qo‘l oyoq tomirlari bo‘shashib, qon aylanishi yaxshilanadi va bu issiqlik yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi. Issiq kunlarda esa teri tez sovimaydi, ya’ni uyquga ketish qobiliyati pasayadi. Natijada uyqu buzilib, bedorlik boshlanadi. Bunday paytda tanaga yordam berish uchun to‘shak va kechki kiyim matolariga e’tiborli bo‘lish muhim.

Ko‘pchilik, isib ketganda ko‘proq havo olish uchun choyshabini irg‘itib qo‘ya qoladi. Lekin bu siz o‘ylaganchalik tana sovishiga yordam bermaydi, chunki choyshab tun davomida teri haroratini nazorat qilib turadi. Choyshabdan batamom voz kechgandan ko‘ra, choyshablik uchun juda yupqa matodan foydalangan ma’qul. Shuningdek, tepada yoki shiftda osilgan ventilyator ham havoni tanaga taqsimlashga yordam beradi va bu tunda kamroq uyg‘onishni ta’minlaydi.

Tungi uyquni yaxshilash uchun yana bir muhim tavsiya: tungi gazaklar haqida unutish kerak. Sababi ular tanani isitib yuboradi, bu shundoq ham issiqdan aziyat chekayotgani uchun uxlolmayotgan tanangizga qo‘shimcha yuk bo‘ladi.

Mavzuga oid