Jamiyat | 22:20 / 26.07.2023
53380
10 daqiqa o‘qiladi

“Qarzlardan qutulamiz deb o‘ylagandik, lekin...” - buyragini sotgan er-xotin

Organ savdosi mavzusidagi bu safargi ko‘rsatuvimiz qahramonlari buyraklarini sotish orqali muammolariga yechim topishga uringan, ammo bugungi kunda bu ishlaridan ming pushaymon bo‘layotgan er-xotinlardir. Xo‘sh, ularni bunga nima majbur qildi? Keling, bu haqda qahramonlarimizning o‘zlaridan eshitaylik.

— 2012-2013 yillarda “obnal” ommalashgan edi. Bunga biznes sifatida qarab, aralashib qolganmiz. Odamlardan plastik kartalarini olib qolib, 10-15 kunda 5-10 foiz evaziga naqdlashtirib berardim. Keyinchalik minusga kirib ketganman. Odamlarga pulini berolmay qolganman, qarzlarim 300 mln so‘mdan oshardi. Daromadimni to‘g‘ri chamalamasdan, katta pulni ishlatib yuborganman. Shundan keyin ishni to‘xtatganman. Odamlarning pulini berish uchun boshqalardan qarz oldim.

O‘zbekistonda ishlarim yurishavermagach, Rossiyaga ishlashga ketdim. Taksi haydadim, lekin o‘zimdan orttirib uyga tayinli pul jo‘natolmadim. Kuniga 1700 rubl mashina ijarasiga berardim. Boshqa xarajatlar ham bor edi. Mayli, o‘zimning uy-joyim bo‘lmasin, lekin odamlarning pulini berib, o‘zim halovatda bo‘lay deb harakat qildim.

Keyin internetda buyrak donorligi haqida ko‘rib qoldim. Menda ham donorlik qilish fikri tug‘ildi. Lekin O‘zbekistonda qonunan ruxsat yo‘q ekan. Chet davlatda shu ishni qilishni rejaladim. Ijtimoiy tarmoqqa e’lon berdim. Toshkentdan bir kishi menga murojaat qildi. U odam bilan 10 ming dollarga kelishdik. Turkiyada operatsiya bo‘ldi. Operatsiyagacha ham o‘zi pulning yarmini ishlatib bo‘lgandim.

Bemor bilan yaqin qarindoshmiz deb tanishtirdik o‘zimizni. Psixolog suhbatlaridan o‘tdik. U yerga borguncha bir-birimiz haqimizda ma’lumot almashib tayyorgarlik ko‘rdik, komissiyadan o‘tish uchun. Bir odamning tuzalishiga sababchi ham bo‘ldim bir tomondan. O‘ta qiyin jarayon ekan o‘zi bu. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan.

Bu voqeaga 3 yil bo‘ldi, endi afsuslanaman bundan. Donor bo‘lishni tavsiya qilmayman boshqalarga ham. Boshida 1 yil bilinmadi, lekin hozir sog‘lomman deyolmayman. Og‘ir ish qilolmayman, haddan tashqari ehtiyot bo‘lish kerak. Doim xavotirda yuraman.

Qarzlarimdan ham to‘liq qutulolmadim. Ko‘pchilik Rossiyadan pul topib keldi deb o‘ylashdi. Pullarning barini odamlarga bergach, yana yo‘qchilik, tirikchilik g‘ami tushdi. O‘zim og‘ir ish qilolmayman, juda tushkunlikka tushib qoldim shu vaziyatda, deb hikoya qiladi erkak.

— 2015 yilda turmush qurganmiz. To‘yimizdan keyin oilaviy munosabatlar yaxshi bo‘lgan, faqat moliyaviy tomondan qiynalganmiz. Ko‘pchilik kelardi pulini so‘rab. Eshik taqillasa, cho‘chiydigan bo‘lib qolganmiz. Odamlar kelib janjal qilishardi.

Xo‘jayinim buyragini sotmoqchi ekani haqida menga aytgan, avval yo‘q, deganman. Operatsiyadan keyin ahvoli og‘irlashib qoladi deb qo‘rqqanman. Hech narsa bo‘lmaydi deb tushuntirgach, rozi bo‘lganman men ham. Qarzlarning bir qismidan qutuldik shu bilan.

Operatsiya bo‘lgan paytlar qattiq xavotirda edim. Keyin esa ahvoli yaxshi deb taskin oldim, lekin so‘nggi vaqtlarda sog‘liklarida muammolar ko‘paydi. Ota-onalari bilmaydi, faqat er-xotin ikkimiz bilamiz buni. Ammo buni bolalarimiz kelajagi uchun ham qildik. Agar kattaroq muammoga aylanib, xo‘jayinim qamalib qolganda, biz uchun bundan ham og‘ir bo‘ladi. Lekin baribir bu qaror to‘g‘ri emas edi, deydi ayol.

— O‘zbekistonga qaytganimdan keyin ijaraga mashina oldim, – deya so‘zida davom etadi erkak. – Kirakashlik qilib ro‘zg‘or tebratmoqchi edim. Lekin qiyin bo‘ldi, ijaraga mashina olguncha ham pul kerak, hech kim shunchaki berib yubormaydi. Bir amallab 200 dollar topib ijaraga mashinani oldim, lekin u eski bo‘lgani uchun ko‘p xarajat mashinaning o‘ziga ketardi, ko‘p vaqtim ustaxonalarda o‘tardi. Ro‘zg‘or o‘tib turdi-yu, lekin orttirib qarzlarimizni uzolmadik. Eshik taqillatib keluvchilar esa ko‘p edi.

Ayolim menga turmushga chiqqanidan beri xalovati yo‘q. Sog‘lig‘im hali yomonlashmagan paytda edi. Ayolim ham kimgadir donorlik qilsam-chi, qarzlardan qutulardik deb qoldi. Qarshi bo‘ldim. Lekin u meni ko‘ndirdi.

Donorlik qilinadigan bemorni topish ham oson bo‘lmadi. Odam topilgach, Turkiyaga borishdi, lekin komissiya suhbatlaridan o‘tisholmadi. Keyin esa Hindistonga borishdi, o‘sha yerda operatsiya bo‘ldi. Bu safar ham avvalgiday operatsiyagacha yarim pulni ishlatib bo‘ldik.

Qolgan pulni yana birdan qarzga bersak, yashashga qiynalib qolamiz deb taksi qilish uchun kreditga mashina oldik, 37 mln boshlang‘ich to‘lov bilan. 6 oy 4,5 mlndan kredit to‘ladim, lekin orada 2 oy to‘lolmay qoldik. Taxminan 60 mlndan ko‘proq puli to‘langan mashinaning. Kreditga bergan kompaniya mashinani qaytib olmoqchi hozir. Sog‘lig‘imizni garovga qo‘yib shuncha qilganimizdan zo‘rg‘a orttirganimiz shu mashina edi, endi bu ham qo‘ldan chiqyapti.

Bu donor bo‘lish muammoni yechmas ekan. Hozir shunday donor bo‘laman deb yurganlar ko‘p, lekin bu to‘g‘ri yo‘lmas. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rib qolaman: 19-20 yashar yigit-qizlar donor bo‘laman deydi, ularda katta muammo yo‘qdir unchalik. Mening ortimda-ku oilam, farzandlarim bor edi. Lekin baribir noto‘g‘ri bo‘ldi bu ish. Kun.uz tahririyatiga murojaatim ham shundan, to‘g‘ri yo‘l emasligini aytish.

O‘zim-ku mayli, lekin ayolim ham shunday qilishiga yo‘l qo‘yib berganim xato bo‘ldi. Kech angladim. Majburlikdan, qarzlardan qutulish uchun qildik, ammo yechim bo‘lmadi. Afsuslanaman.

Foto: iStock/Dmitrii Balabanov

— Men ham kimgadir donorlik qilaman degan paytimda xo‘jayinimning sog‘lig‘i yaxshi edi. Shunga qarab xulosa qilganman. Bolalarimizning kelajagi uchun, xalovatda yashashimiz uchun shu qarorga kelganman. O‘tgan yili noyabr oyida operatsiya bo‘ldi, hozircha holatim yaxshi. Lekin doimiy shifokor nazoratida bo‘lib turamiz.

Ko‘p qarindoshlarimizdan yordam so‘raganmiz. Lekin ular ham yordam berishmadi. Oxiri shu yo‘lni tanlashga majbur bo‘lganman. Lekin boshimga qanday kun tushsa ham, xo‘jayinimni ayblamayman. Chunki bu qaror o‘zimdan chiqqan, u kishi qarshi edi. Qarindoshlarim xabar topib, erimga zarar yetkazishlaridan qo‘rqaman.

Bu insonga turmushga chiqqanimdan afsuslanmaganman. Oilaviy muhitimiz yaxshi juda, qiyinchiligimiz moliyaviy tomondan. Xo‘jayinim juda mehribon menga. Bizday qiyin ahvolga tushganlar ko‘p, bir biz emas.

Hokimiyat yo boshqa davlat idoralariga bormaganmiz, chunki ishonmaymiz yordam berishiga. Musulmonlar idorasidan yordam so‘raylik, dedim, ammo xo‘jayinim ko‘nmadi. To‘g‘ri, xato ish qilganmiz, buning uchun tavba qilaman doim. Bandalar xulosa chiqarib, hukm qilishga haqlimas. Xo‘jayinim ham, men ham qarzlarni to‘lash uchun, birovning haqini berish uchun buyragimizni sotganmiz. Agar boshqa niyat bo‘lganda, chet elga chiqib ketsak ham bo‘lardi.

Bir tomondan xursand ham bo‘laman bu ishdan, chunki bir odamning hayoti saqlab qolindi. Xabarlashib turamiz, o‘sha odamning ayoli juda minnatdor bo‘ladi doim.

Bu qilgan ishimiz muammolarga yechim bo‘lmas ekan. Agar qayta imkon bo‘lganda, bunga rozi bo‘lmas edim. Shu yo‘lni tutmoqchi bo‘lib yurganlar bundan qaytishi kerak. O‘z tana a’zolarini sotib muammolardan qutulishga urinishmasin, arzimaydi, deydi ayol kuyinib.

Xorijdagi qator davlatlarda transplantatsiya operatsiyalari yashirincha o‘tkaziladi Foto: dzen.ru

Qahramonlarimizning iltimoslariga ko‘ra, ism-shariflarini sir saqlagan holda ularning so‘zlarini sizga yetkazdik.

Organini sotish niyatidagi insonlar bilan suhbatlasharkansiz, ularning aksariyati to‘planib qolgan qarzlaridan qutulish uchun bu ishga qasd qilishganini aytishadi. Go‘yoki bu ular uchun so‘nggi imkoniyatdek. Biroq bugungi ko‘rsatuvimiz qahramonlarimizning achchiq tajribasi buning aksini ko‘rsatmoqda.

Muammolardan qutulamiz deb o‘ylab o‘z buyraklarini muhtoj bemorlarga pullagan, ammo shundan keyin ham hayotlari izga tushmagan er va xotinning qismati organini sotishni o‘ylab yurgan barchaga saboq bo‘lishi kerak. Aks holda ularni ham qahramonlarimiznikidek qismat kutib turibdi.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Mavzuga oid