Toshkent aeroportida yagona taksi xizmatining bo‘lishi noqonuniy deb topildi
Raqobat qo‘mitasi aeroportdan barcha taksi xizmatlarining terminal yaqiniga borishiga imkon berish va avtoturargohlardagi narxlarni qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan. Uzbekistan Airports bu talabni rad etgan, lekin ikkita sud qo‘mita talablarini o‘z kuchida qoldirgan.
Raqobat qo‘mitasi Toshkent xalqaro aeroporti yaqinidagi avtoturargohlar uchun to‘lovning oshirilgani, uchib kelish terminali yonidagi maxsus yo‘lga esa tanlab olingan bitta kompaniyadan boshqa taksi xizmatlarining kirishiga yo‘l qo‘yilmayotgani masalasini o‘rgandi.
Qo‘mitaga ko‘ra, bu holat –“Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida” va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlarga zid.
Xususan, tabiiy monopoliya sub’yektlariga tabiiy monopoliya sohasiga kiritilmagan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozoridagi raqobatni cheklash uchun tabiiy monopoliya holatidan foydalanish man etilgan. Qolaversa, muayyan holatlarda yuridik va jismoniy shaxslarning xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirishi taqiqlangan.
Ma’lum qilinishicha, raqobat organi 2022 yil 23 dekabrda “Uzbekistan Airports” AJ qonunchilik talablarini buzgan deb topgan va kompaniyaga majburiy ko‘rsatmalar bergan. Aeroportdan quyidagilar talab qilingan:
- tegishli talablarga mos keluvchi va belgilangan tartibda litsenziyaga ega taksi xizmatini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar avtomobillarining kiritilishiga teng shart-sharoit yaratib berish;
- yo‘lovchilar va bagaj tashuvchi taksi xizmatini tashkil etish uchun “texnik topshiriq”dan, unga tegishli joyni ijaraga berish shartnomasidan yo‘lovchilarni tashish uchun qat’iy belgilangan tariflar qo‘llanishi hamda tariflardagi har qanday o‘zgarishlar “Uzbekistan Airports” AJ bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi bandlarini chiqarib tashlash;
- iste’molchilar uchib kelish terminali yonidagi maxsus yo‘lning 1-qatorida taksi xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar ham borligi to‘g‘risida xabardor qilinishini ta’minlash;
- aeroport hududiga yaqin joylardagi avtoturargohlar uchun to‘lov miqdorini qayta ko‘rib chiqish.
“Uzbekistan Airports” AJ qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lib, Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Sudning 2023 yil 28 martdagi hal qiluv qarori bilan, “Uzbekistan Airports” AJ shikoyati rad etilib, qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirilgan.
Shuningdek, mazkur ish “Uzbekistan Airports” AJning apellyatsiya shikoyati asosida Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasi tomonidan ham ko‘rib chiqilib, 2023 yil 12 iyunda apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilgan.
“Raqobat qo‘mitasi barcha instansiyasi sudlarida sohada raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan kurashishga doimo tayyor”, – deyiladi qo‘mita bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz bu borada “Insofsiz taksichilar bilan kurashayotgan aeroportning o‘zi insoflimi?” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilgan, unda Toshkent aeroporti tomonidan tanlov asosida tanlab olingan taksi kompaniyasi taklif etayotgan narxlar bozordagi boshqa takliflardan karrasiga qimmatligiga e’tibor qaratgan edi.
Mavzuga oid
12:02 / 02.11.2024
Myunxendan Shanxayga uchayotgan samolyot Toshkentga favqulodda qo‘ndi
18:50 / 29.10.2024
Toshkentda ikki talaba taksichini o‘ldirib, mashinasini olib qochmoqchi bo‘ldi
07:50 / 25.10.2024
O‘zini o‘zi band qilgan taksichilar soni ikki baravar oshdi
18:40 / 08.10.2024