AQShda chegara mojarosi: Texas gubernatori Bayden ma’muriyati bilan sudlashmoqchi
AQShda Jo Bayden ma’muriyati va Texas gubernatori Greg Ebbot o‘rtasida jiddiy mojaro yuzaga keldi. Ish AQSh hukumati Texas shtatini sudga berishigacha bordi.
Gap shundaki, Texasning konservator gubernatori Greg Ebbott shtatga migrantlar oqimini kamaytirish uchun federal hukumat ruxsatsiz Meksika bilan chegaradan oqib o‘tuvchi Rio-Grande daryosi o‘rtasidan suzib yuruvchi to‘siqlar o‘rnatishga buyruq bergan. To‘siq daryoning piyoda kesib o‘tish mumkin bo‘lgan sayoz qismiga o‘rnatilgan bo‘lib, noqonuniy migrantlar aynan mana shu sayozlik orqali AQSh chegarasini buzib o‘tadi.
Professional suzuvchi yoki g‘avvos bo‘lmagan odam esa bu to‘siqlardan suzib o‘tishi amrimahol. Ko‘pchilik AQSh chegarasini oilasi va farzandlari bilan kesib o‘tishi inobatga olinsa, ular uchun bu ish deyarli imkonsiz. Shu bois migrantlar bu to‘siqlarni aylanib o‘tishga urinib ko‘rib, noxushliklarga duch kelmoqda. Chunki to‘siq tugagan joyda daryo chuqurlashib, cho‘kib ketish xavfi ortadi.
Sohilgacha eson-omon o‘tib olganlar uchun esa Texasning respublikachi gubernatori tashabbusi bilan navbatdagi sinov tayyorlab qo‘yilgan: daryo o‘zani to‘laligicha tanani kesuvchi simto‘rlar bilan o‘rab chiqilgan.
Texas jamoat xavfsizligi departamenti vakili Kristofer Olivares Rio-Grande daryosining odamlar ko‘p kesib o‘tuvchi va to‘siqlar qo‘yilgan qismini «strategik muhim joy» deb atagan. Uning iddao qilishicha, to‘siqlar odamlar daryoda cho‘kib ketishining oldini olish uchun ham qo‘yilgan. Ammo aslida to‘siqlar cho‘kish xavfini oshirgan.
AQShning yirik nashrlari Texas chegarachilari Rio-Grande daryosini noqonuniy kechib AQShga o‘tayotgan odamlarni ochiqchasiga suvga itarib yuborgani, chegarani kesib o‘tganlarga esa havo harorati 40 darajadan oshgan vaqtda oddiy ichimlik suvi berishmagani haqida ma’lumot olgan. Lekin Ebbott ma’muriyati gubernator inson hayotiga xavf tug‘diradigan bunday buyruqlar berganini rad etmoqda.
Florida gubernatori Desantis ham qo‘shildi
AQSh prezidentligiga nomzodlardan biri sifatida qaralayotgan yana bir respublikachi, Florida gubernatori Ron Desantis texaslik hamkasbining keskin qarorini qo‘llagan.
«Janubiy chegaramizda boshqa mintaqadan kelayotgan odamlarni ham ko‘ryapmiz. Chunki ularning hammasi AQShga kirish uchun shunchaki chegara oldiga kelib, mamlakatga kirish uchun «chipta olish» yetarli ekanini biladi. Kelayotganlar orasida tojikistonlik va liviyaliklar ham bor. Yaqinda 10 ming nafar xitoylik ham janubiy chegaramizni kesib o‘tgani haqida o‘qidim.
Faqat bitta chegara qismidagi devor yetarli emas, ishni oxirigacha yetkazib qo‘yish kerak. Aytaylik, ularning sumkasida narkotik bo‘lsa-chi? Ularni shunchaki qo‘yib yuborish kerakmi? Menimcha, kuch ishlatish kerak. Bir marta shunday qilinsa, qaytib kelishmaydi», degan Desantis.
Texas gubernatori buyrug‘i bilan chegarada paydo bo‘lgan ushbu to‘siqlar oqibatida allaqachon odamlar halok bo‘ldi. Ular orasida bolalar ham bor. Ko‘plab migrantlar yaralangan. Sohildagi to‘siqqa o‘ralashib qolgan homilador ayolning esa bolasi tushgan.
AQShda Greg Ebbott manziliga tanqidlar yog‘dirilib, uni inson huquqlarini buzishda ayblashmoqda. Shuningdek, Ebbottning harakatlari AQSh bojxonachilari faoliyatiga ham xalaqit berayotgani aytildi. 80 nafar demokratlar Texas gubernatorining harakatlari noinsoniy ekani haqida Jo Baydenga xat yozgan. Ular Ebbottning harakati Meksika bilan kelishuvni buzishini qo‘shimcha qilgan.
Texas gubernatori esa mahalliy chegarachilar shtatni himoya qilishda federal chegarachilardan ko‘proq vakolatga egaligi, Texasda bu borada mustaqil harakat qilish huquqi borligini iddao qilgan.
«Sudda ko‘rishamiz»
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi hamda Adliya vazirligi Texas gubernatori Ebbottga qarshi sudga ariza kiritishga tayyorlanmoqda. AQSh Adliya vazirligi Texas shtati ustidan esa allaqachon fuqarolik sudiga murojaat qilgan. Shundan keyin Rio-Grande daryosidagi to‘siqlarni olib tashlash ishlari boshlandi, lekin Ebbott AQSh prezidenti ma’muriyati bilan sudlashmoqchi. «Sudda ko‘rishamiz» deb yozdi u Twitterʼdagi sahifasida Bayden ma’muriyatiga qarata.
Prokuror Vanita Guptaning aytishicha, Texas hukumati daryoga to‘siq qo‘yish bo‘yicha Vashingtondan ruxsat olmay harakat qilgan va bu qonunchilikka zid. Prokurorga ko‘ra, bu to‘siqlar kemachilikka, jamoat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, AQShga Meksika tomonidan norozilik notasi yuborilishiga sabab bo‘lgan.
Oq uyda Greg Ebbottning bu harakatini siyosiy o‘yin deb atashdi. Bayden ma’muriyati hozirda AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tish holatlari oxirgi ikki yilda eng past darajada ekanini eslatgan.
O‘z prezidentlik davrida Bayden odamlar chegaradagi suvliklarda cho‘kib ketishining oldini olish maqsadida ko‘plab chora-tadbirlar taklif qilgan. Xususan, Meksika bilan chegaradagi personal sonini oshirilgan. Tez orada AQSh Kolumbiya va Gvatemalada migratsion markazlar ochishi kutilmoqda. Bu odamlarni AQShga kirishdagi xavfli yo‘llardan qaytarish uchun qilinayotgani aytilgan.
Meksika prezidenti Andres Obrador AQSh prezidenti Jo Baydenning Texasdagi vaziyat bo‘yicha harakatlarini olqishlashini bildirgan.
Mavzuga oid
22:03 / 12.11.2024
AQSh hukumati NUJ bo‘yicha ba’zi ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkin
16:55 / 12.11.2024
Tramp millionlab migrantlarni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda - OAV
09:15 / 12.11.2024
AQSh Suriyada eronparast guruhlar obektlariga zarba berdi
16:42 / 11.11.2024