Jahon | 09:02 / 02.08.2023
9535
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp rasman davlat va fuqarolarga qarshi jinoyatda ayblandi

Maxsus prokuror Jyek Smitning so‘zlariga ko‘ra, Tramp o‘z tarafdorlarini zo‘ravonlikka undash va prezidentlik saylovi natijalari e’lon qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ataylab yolg‘on bayonotlar bergan.

Foto: Getty Images

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Qo‘shma Shtatlar va uning fuqarolariga qarshi jinoyatda rasman ayblandi — aldov yo‘li bilan 2020 yilgi prezidentlik saylovlari natijalarini bekor qilishga uringani uchun.

Tramp endi 3 avgust kuni Vashingtondagi sudga kelishi kerak.

Hech qaysi partiya a’zosi bo‘lmagan maxsus prokuror, 2021 yil 6 yanvaridagi voqealar bo‘yicha tergov ishlarini nazorat qilayotgan Jyek Smit Trampga to‘rt band bo‘yicha ayblov e’lon qildi:

  • Qo‘shma Shtatlarni aldash maqsadida fitna uyushtirish;
  • rasmiy jarayonga to‘sqinlik qilish maqsadida fitna uyushtirish;
  • rasmiy tartib-qoidalarga to‘sqinlik qilish va to‘sqinlik qilishga urinish;
  • fuqarolar huquqlarini buzish uchun fitna uyushtirish.

Bu keyingi yilda prezidentlik saylovlarida qatnashmoqchi bo‘layotgan Trampga qarshi uchinchi va eng jiddiy jinoiy ayblovlar hisoblanadi.

Qonunchilikka ko‘ra, bu ayblovlarning ikkisi bo‘yicha 20 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Vashington sudidagi Katta hakamlar hay’atiga berilgan ayblov xulosasida aytilishicha, Donald Tramp 2020 yilgi saylovlardan keyin ham hokimiyatda qolishga ahd qilgan va unda o‘zi g‘olib bo‘lgani haqida «yolg‘on tarqatgan».

«Bu da’volar yolg‘on edi va ayblanuvchining o‘zi ham buni bilardi», — deyiladi hujjatda.

Hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, 2021 yil 6 yanvarda Tramp va uning sheriklari soxtalashtirish haqidagi yolg‘on bayonotlar asosida, shuningdek, zo‘ravonlik va tartibsizlikni qo‘llagan holda, qonun chiqaruvchilarga prezidentlik saylovi natijalarini rasman tan olishni bekor qilish maqsadida ta’sir o‘tkazishga uringan.

Trampning saylovoldi kampaniyasi uchun to‘plagan jamoasi esa o‘z bayonotida bu ayblovlarni 2024 yilgi prezidentlik saylovlariga aralashishga qaratilgan navbatdagi urinish deb baholadi.

Trampning tarafdorlari unga qarshi bu jinoiy ishni «jodugar ovi» deb atashgan va bu natsistlar Germaniyasini eslatishini ta’kidlashgan.

Yangi ayblov haqida rasman e’lon qilinishidan biroz avvalroq Tramp o‘ziga tegishli Truth ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi: «Men aqli noqis Jyek Smit 2024 yilgi prezidentlik saylovlariga aralashish uchun sizning sevimli Prezidentingiz, ya’ni menga qarshi navbatdagi yolg‘on ayblovlar qo‘yayotgani haqida eshitdim».

Maxsus prokuror Jyek Smit jurnalistlar qarshisidagi qisqa chiqishida aynan Trampning yolg‘on gaplari Kapitoliyga hujumga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Jyek Smit – biror partiyaga mansub bo‘lmagan yuqori malakali huquqshunos bo‘lib, partiyaviy tarafkashlik bo‘yicha ayblovlardan qochish uchun Bayden ma’muriyati tomonidan Kapitoliyga hujum ishi bo‘yicha tergovni nazorat qilish uchun maxsus tayinlangan.

«2021 yil 6 yanvarda mamlakatimiz Kapitoliysiga uyushtirilgan hujum Amerika demokratiyasining timsoliga misli ko‘rilmagan hujum bo‘ldi. Ayblov xulosasida ta’kidlanganidek, u yolg‘on bayonotlar bilan qo‘zg‘atilgan. Ayblanuvchining yolg‘on so‘zlagani uning AQSh hukumati asosiy vazifasi – prezidentlik saylovlari natijalarini sarhisob qilish va tasdiqlash jarayoniga aralashishga qaratilgan», — dedi Smit. 

U bu ish bo‘yicha sud jarayoni tezroq boshlanishiga erishishni va’da qildi va o‘z bayonotini Donald Tramp sudda aksi isbotlanmagunicha aybsiz deb hisoblanishi kerakligini eslatish bilan yakunladi.

Tramp bilan bir qatorda ismi oshkor etilmagan yana olti kishiga nisbatan ayblov e’lon qilingan, biroq ular orasida unga saylovlardagi soxtalashtirishlar haqida bayonot tarqatishga yordam bergan advokatlar ham bor.

Mavzuga oid