Iqtisodiyot | 22:04 / 03.08.2023
36908
7 daqiqa o‘qiladi

Soliqchilarda “eski zamon kasali”. Yechim qanaqa?

“Soliq idoralari qo‘shimcha manbalar topish o‘rniga, eski zamon kasaliga berilib, ishlayotgan tadbirkorlarning tayyor mablag‘larini undirishga o‘rganib oldi”, dedi Shavkat Mirziyoyev oxirgi selektorda. Unga ko‘ra, korrupsioner soliqchilar soni yildan yilga ko‘payyapti.

Prezident va tadbirkorlar uchrashuvidan oldin Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov soliq ma’murchiligidagi tizimli muammolar yechimi bo‘yicha to‘rtta taklifni ilgari surdi.

1. Soliq organlarining hisobvaraq-fakturani bloklash vakolatini bekor qilish kerak

Soliq ekspertiga ko‘ra, ommalashib borayotgan bu amaliyot korrupsiyaga olib keladi.

“Elektronlashtirildi, shu sabab kirim qilinmagan narsangni avtomatik ravishda sota olmaysan, deyishyapti. Vaholanki, korxonalar tovar-boyliklarni schet-faktura orqali emas, ustav fondiga qo‘ydim deb ham kirim qilishi mumkin. Bu elektron tizimda ko‘rinmaydi, sotaman deganda esa hisobvaraq-faktura sotishga yo‘l qo‘ymaydi. Boshqa tovarlarini sotaman desa ham, senda tovarlar bo‘yicha nomuvofiqlik bor deb shunchaki bloklab qo‘yishyapti.

Bu holat bo‘yicha soliq organiga murojaat qilgan tadbirkor: “Biz seni borib tekshirib ko‘raylik, rostan ham shunaqa qilyapsanmi-yo‘qmi” degan javobni olyapti. Ya’ni schet-fakturani bloklab qo‘yib, borib tekshirishga imkoniyat yaratilyapti. Buning huquqiy asosi yo‘q.

Bu korrupsiyaga olib keladi. Qancha ko‘p tekshiruv bo‘lsa, soliqchi va soliq to‘lovchi o‘rtasida qancha ko‘p kontakt bo‘lsa, bu korrupsiyaga olib keladi”, – deydi Murod Muhammadjonov.

Mutaxassis yechim sifatida hisobvaraq-faktura berishni bloklab qo‘yish Savdo-sanoat palatasi vakolatiga o‘tkazishni taklif qildi.

“Soliq organi schet-fakturani bloklamoqchimi, tadbirkorni himoya qiladigan institutga buni asoslab bersin va asosli bo‘lsa, schet-fakturani Savdo-sanoat palatasi to‘xtatsin”, – deydi u.

2. QQS guvohnomasini to‘xtatib qo‘yish sud orqali bo‘lsin

Murod Muhammadjonovning aytishicha, QQS guvohnomasiga o‘tilayotgan paytda mutaxassislar soliq organlariga “ertaga bundan qurol sifatida foydalanasizlar” deb aytishgan, rasmiylar esa: “yo‘q, faqat hisobini yuritish uchun guvohnoma beramiz”, deyishgan. Hozirgi kunda esa QQS guvohnomasi ayrim hollarda noqonuniy yoki noto‘g‘ri holatda, tadbirkorga qarshi uning faoliyatini to‘xtatib qo‘yish uchun qurol sifatida foydalanilyapti.

“Vaholanki, hamma me’yoriy hujjatlarda tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatish faqat sud orqali deyilgan. QQS guvohnomasini va hisobvaraq-fakturani bloklab qo‘yish tadbirkorlik faoliyatining to‘xtashiga olib keladi. Lekin hech kim bunday deb baholamayapti. Bu ikkisidan ham qurol sifatida foydalanilyapti”, – deydi ekspert.

3. Prokuratura organlari soliq organi va tadbirkor o‘rtasidagi munozarali masalalar bo‘yicha soliq organining o‘zidagi protseduralar oxiriga yetmagunga qadar ish qo‘zg‘atmasin

Amaldagi tartibga ko‘ra, soliq organlari tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan qo‘shimcha soliq hisoblagan taqdirda, soliq organi tadbirkorning tushuntirishini asosli deb qabul qilsa, tekshiruvni tugatadi, aks holda ish bo‘yicha qaror qabul qilinib, hisoblangan summani to‘lash majburiyati yuklatiladi. Shundan keyin tadbirkor 1 oy ichida yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat kiritishi mumkin.

“Amaliyotda, ko‘p holatlarda, soliq organi va tadbirkor o‘rtasidagi munozarali jarayon hali tugamasdan turib, ish prokuratura departamentiga berib yuboriladi – soliq to‘lovchi qarzini to‘lashdan bo‘yin tovlayapti deb. Tabiiyki, prokuraturadagilar soliqchi emas, soliqchilar yozgan ma’lumotni mutaxassis yozgan deb hisoblab, soliq to‘lovchiga xabarnoma beradi: qarzingni bir oy ichida to‘lamasang, jinoiy ish qo‘zg‘ataman.

Vaholanki, Soliq kodeksida qaror ustidan shikoyat berishdan tortib, ish iqtisodiy sudgacha borib yetishi, iqtisodiy sud qarori qonuniy kuchga kirgungacha bo‘lgan kamida 3-4 oylik protsedura bor. Bu holatda soliq organlari tomonidan prokuratura organlarining jinoyat ishi ochish vakolati qurol sifatida foydalanilyapti”, – deydi suhbatdoshimiz.

Uning taklifiga ko‘ra, shunday tartib o‘rnatilishi kerakki, soliq organining o‘zidagi protseduralar oxiriga yetmaguncha, prokuratura organlari ish qo‘zg‘atmasligi kerak.

4. SORJni tugatish yoki yo‘nalishini o‘zgartirish zarur

Mutaxassisning fikricha, soliqchilar o‘z tekshiruvlari orqali aniqlab undiradigan mablag‘lardan to‘g‘ridan to‘g‘ri manfaatdorligi – soliq tekshiruvlarining keskin oshib ketishiga sabab bo‘lyapti. Bu manfaatdorlik Soliq organlarini rivojlantirish jamg‘armasi bilan bog‘liq.

“Bilasizmi, jamg‘arma tashkil etilganida qo‘shimcha hisoblangan soliq summasining 5 foizi jamg‘armaga o‘tkazilar edi. Keyin 10 foiz bo‘ldi, hozir esa 40 foiz. Mendagi ma’lumot bo‘yicha, tekshiruvlar orqali 2023 yilning birinchi yarmida 500 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha soliq hisoblangan. Lekin buning hammasi budjetga bormaydi – 200 milliardi SORJga ketadi.

Shunaqa katta manba bor bo‘lib turganidan keyin, soliq organi hech qachon tadbirkorga ko‘makchi bo‘lolmaydi. Davlat organimi, davlat ta’minotida bo‘lsin. Yoki soliqlarchilar uchun belgilangan KPI huquqbuzarlik sodir etilmasligiga qaratilgan bo‘lishi kerak”, – deydi Murod Muhammadjonov.

To‘liq suhbat bilan video orqali batafsil tanishishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 20 avgust tadbirkorlar kuni deb belgilangan. Oxirgi yillarda davlat rahbari shu kuni tadbirkorlar bilan uchrashib, bu muloqotdan oldin yig‘ilgan takliflar asosida ularga qo‘shimcha yengilliklar va kafolatlar haqida e’lon qilib boryapti.

Muloqotdan oldin tadbirkorlar Savdo-sanoat palatasining 1094 qisqa raqami yoki @taklif2023bot Telegram-botiga murojaat qilib, o‘z tashabbuslarini ilgari surishlari mumkin.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator – Mirvohid Mirrahimov
Montajchi – Abdusalim Abduvohidov

Mavzuga oid