Jahon | 11:20 / 04.08.2023
9747
3 daqiqa o‘qiladi

Niger prezidenti AQSh va jahon hamjamiyatidan yordam so‘radi

«Men buni garovga olingan shaxs sifatida yozyapman», deya Niger prezidenti mamlakatda konstitutsiyaviy tuzumni tiklashga yordam berishga chaqirdi. U mintaqada Rossiya va «Vagner» XHKning o‘sib borayotgan ta’siridan ogohlantirdi.

Foto: NBC

Nigerning demokratik yo‘l bilan saylangan prezidenti Muhammad Bazum AQSh hukumati va «butun xalqaro hamjamiyat»dan mamlakatda konstitutsiyaviy tartibni tiklashda yordam so‘radi. Agar uni prezidentlikdan chetlashtirishga urinish muvaffaqiyatli yakunlansa, «bu bizning mamlakatimiz, mintaqamiz va butun dunyo uchun falokatli oqibatlarga olib keladi», deyiladi Bazumning 3 avgust, payshanba kuni Washington Post gazetasida chop etilgan maqolasida.

Davlat rahbari 26 iyul kuni prezident soqchilari uni hibsga olib, Nigerda hokimiyat ustidan nazorat o‘rnatganidan beri ilk bor to‘ntarish haqida gapirdi. «Men buni garovga olingan shaxs sifatida yozyapman, - dedi Bazum bayonotida. - Niger harbiy xunta tomonidan hujumga uchradi va men o‘zboshimchalik bilan hamda noqonuniy ravishda qamoqqa tashlangan yuzlab fuqarolardan biriman». Uning ta’kidlashicha, xunta «noqonuniy ravishda hibsga olinganlarning barchasini ozod qilishi kerak». 

Muhammad Bazum ikki yil avval mamlakatda hokimiyatning tinch yo‘l bilan demokratik tarzda topshirilishi natijasida Niger prezidenti etib saylangan edi. «Afrikaning notinch Sahel mintaqasida Niger qo‘shnilarimizni qamrab olgan avtoritar harakatlar sharoitida inson huquqlarining so‘nggi tayanchidir», deb yozadi Bazum Washington Post gazetasida. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Nigerga qo‘shni davlatlar «Vagner guruhi» kabi yollanma askarlarni o‘z xalqi huquqlari va qadr-qimmatiga ziyon yetkazish uchun» tobora ko‘proq taklif qilmoqda. «Ukrainada shafqatsizligi to‘liq namoyon bo‘lgan «Vagner guruhi» yordamida butun Sahel mintaqasi Rossiya ta’siriga tushishi mumkin», - deya ogohlantirdi prezident va «Boko Haram» kabi guruhlar ham Nigerdagi beqarorlikdan foydalanishini qo‘shimcha qildi. Ular mamlakatdan «qo‘shni davlatlarga hujum qilish va butun dunyoda tinchlik, xavfsizlik va erkinlikka putur yetkazish uchun joy sifatida» foydalanishi mumkin. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid