O‘zbekiston | 21:45 / 14.08.2023
14924
7 daqiqa o‘qiladi

Talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash masalasi bo‘yicha muhim qoidalar aytildi

Kimlar yotoqxonaga joylashishda ustunlik huquqiga ega? Yotoqxona pulidan kimlar ozod qilinishi mumkin? Yotoqxonaga joylasha olmagan talabalarning kvartira ijarasi xarajatlarini qoplab berish tartibi qanday?

Hudud24 shu kabi savollarga oid muhim qoidalar to‘g‘risida ma’lumot berdi. 

1. Yotoqxona kimlarga beriladi?

Boshqa hududdan kelib o‘qiyotgan va o‘qish joyida o‘zining yoki ota-onasining uyi bo‘lmagan talabalar yotoqxona bilan ta’minlanadi. 

2. Yotoqxonaga joylashishda kimlarga ustunlik beriladi? 

Yotoqxonaga talab va ehtiyoj yuqori bo‘lganida talabalar quyidagi mezonlar asosida ketma-ket joylashtiriladi:

– chin yetim talabalar;

– «Mehribonlik uyi» tarbiyalanuvchilari;

– nogironligi bo‘lgan talabalar;

– ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar (shuningdek, turli ijtimoiy daftarga kiritilgan oila farzandlari, 2 yoki undan ko‘p bolasi kontraktda o‘qiyotgan oila farzandlari);

– chet-ellik talabalar;

– 1-2 kurs talabalari;

– talaba qizlar;

– yoshlar ittifoqining faollari;

– xalqaro miqyosdagi fan olimpiadasi g‘oliblari;

– yotoqxonada talabalar kengashi raisi, qavat sardori va boshqa jihatlari bilan doimiy faollik ko‘rsatgan talabalar. 

3. Yotoqxona to‘lovida kimlarga imtiyoz beriladi? 

Yotoqxona to‘lovi bo‘yicha imtiyozni oliy ta’lim muassasasi Kengashi belgilaydi va bu imtiyoz quyidagilarga berilishi mumkin:

– ko‘z kasalliklari bo‘yicha 1-2-guruh nogironlari, chin yetimlar (ota-onasining har ikkisi vafot etganlar) va yetimlar (ota-onalaridan biri vafot etganlar), «Mehribonlik uyi» tarbiyalanuvchilari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar – yotoqxona to‘lovlaridan butunlay ozod etish tarzida;

– umumiy kasalliklar bo‘yicha 2-guruh nogironlari, vazifasini namunali bajarayotgan talabalar Kengashi raisi, qavat sardori hamda yotoqxona kutubxonasi uchun mas’ul talabalar – umumiy to‘lovdan 50 foiz chegirma tarzida. 

4. Ijara to‘lovining bir qismi barcha talabalarga qoplab beriladimi? 

Yo‘q, yotoqxona bilan ta’minlanmagan va ijarada turgan talabalarning 60 foiziniki qoplab beriladi. Bunday talabalar ijtimoiy mezonlar asosida aniqlanadi. 

Ijaraning qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida – BHM 1 baravari (330 ming so‘m), qolgan hududlarda – BHM yarim baravarini (165 ming so‘m) tashkil qiladi. 

Buning uchun ijara shartnomasi soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim. 

5. Bir kvartirada bir necha talaba tursa, qaysi biri uchun ijara to‘lovi qoplanadi? 

Bir uyda 2 va undan ko‘p talaba ijarada birga yashasa, ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilishi kerak. Bunda ijara uchun to‘lov uyda ijarada turgan barcha talabalar o‘rtasida teng bo‘linadi hamda ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish har bir talabaga to‘g‘ri keladigan ijara summasidan kelib chiqib amalga oshiriladi. 

Masalan, Toshkentdagi kvartirada 4 nafar talaba birgalikda yashaydi va ijara to‘lovi 4 mln so‘m qilib belgilangan. Bunda 4 mln so‘m talabalar o‘rtasida teng taqsimlanadi, ya’ni har biriga 1 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi. Ularning har biriga 330 ming so‘mdan kompensatsiya beriladi. 

6. Grantda o‘qiydigan talabalarga ijara uchun to‘lov qoplab beriladimi? 

Ijara uchun to‘lov faqat kunduzgi ta’limda, budjet yoki kontraktda o‘qishidan qat’i nazar, ijarada yashayotgan talabalarga qoplab beriladi. 

7. Kimga murojaat qilish kerak? 

Ijara uchun to‘lovni olish uchun talabalar fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari yoki talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘limiga ikki nusxada anketa-ariza bilan murojaat qiladi. 

Ijara to‘lovi o‘quv yili davomida, ya’ni 1 sentabrdan 1 iyulgacha qoplab beriladi. 

8. Kimlarga birinchi navbatda ustunlik beriladi? 

Arizaga quyidagilarni tasdiqlovchi ma’lumot ilova qilinishi lozim va ijara to‘lovini to‘lash shu mezonlar asosida aniqlanadi:

- kam ta’minlangan oila farzandi;

- boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oila farzandi;

- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;

- to‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar;

- vasiylik yoki homiylik belgilangan va oilaga tarbiyaga (patronat) olingan bolalar;

- «Temir daftar»ga kiritilgan oila farzandi;

- onasi «Ayollar daftari»ga kiritilgan oila farzandi;

- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning farzandi;

- oila a’zolari ichida «Mehnat-migratsiya» dasturida ro‘yxatdan o‘tganlar hamda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotganlar;

- ota-onasi ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lganlar;

- oliy ta’limda ikki va undan ortiq bolasi kontraktda o‘qiyotgan oila farzandi;

- Oliy ta’lim muassasasida o‘rnak ko‘rsatgan va faol bo‘lganlar (fan olimpiadalari va sport musobaqalari, ko‘rik tanlovlar g‘oliblari, ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarida faol qatnashganligi, jamoatchilik asosida targ‘ibot guruhlaridagi volontyorlik faoliyati). 

9. Arizani ko‘rib chiqish tartibi qanday? 

Ariza berilganidan so‘ng bir haftada talabaning yuqoridagi ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi o‘rganiladi. 

Shundan so‘ng, hujjatlar ijarani qoplab berish bo‘yicha maxsus komissiyaga beriladi (komissiyaning namunaviy tarkibi bu yerda). 

Komissiya hujjatlarni o‘rganib chiqib 1 kunda qaror qabul qiladi. 

Zarurat bo‘lganda, ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun talabalar Komissiya yig‘ilishiga suhbat uchun chaqirilishi mumkin. 

Komissiya tomonidan ijara to‘lovini qoplab berish yoki rad etish to‘g‘risida qaror chiqariladi va mazkur qaror asosida rektor buyrug‘i qabul qilinib ijara to‘lovi qoplab beriladi. 

10. Ariza qaysi holatlarda rad etiladi? 

Ariza rad etilganda u asoslantirilgan bo‘lishi lozim. Quyidagi holatlarda ariza rad etilishi mumkin:

- ijtimoiy toifalarga oid ma’lumot yoki hujjat to‘liq taqdim etilmaganda;

- taqdim etilgan ma’lumotlar mezonlarga mos kelmaganda;

- talaba ijara shartnomasida ko‘rsatilgan manzilda yashamaganda, ijarada yashayotgan uy talabaning ota-onasiga tegishli bo‘lganda, ijara shartnomasi tegishli tartibda rasmiylashtirilmaganda;

- hujjatlarda noto‘g‘ri yoki soxta ma’lumotlar mavjud bo‘lganda;

- ariza topshirish muddati o‘tib ketganda. 

Mavzuga oid