Jamiyat | 13:33 / 19.08.2023
44321
7 daqiqa o‘qiladi

“Uyimiz oldida ilonlar sudralib yurardi” – hayoti o‘zgargan farrosh

Og‘ir hayot, bir tomoni ekin dalasiga tutash bo‘lgan xaroba uy, imkonsizlik va kutilmaganda kelgan bemorlik... Karmanalik farrosh ayol Gulnora Karimovaning oxirgi 6 yil umri ana shunday qiyinchiliklar ichida o‘tdi. Ammo davlatning ko‘magi bilan bugun uning hayoti butkul o‘zgargan.  

Sinovli dunyoda har kimning o‘z hikoyasi bor: kimnikidir quvonchdan iztirobga aylangan, boshqa birovniki iztirobdan quvonchga. Navoiy viloyati Karmana tumanida yashovchi Gulnora Karimovaning hikoyasi ham kecha iztirobli edi, bugun quvonchli.

Karmana tumanidagi 3-umumta’lim maktabida farrosh bo‘lib ishlaydigan Gulnora Karimova bundan 6 yil oldin og‘ir sinovlarga duch kelgan. Turmush o‘rtog‘i asrab olingan o‘g‘il edi. O‘gay ota-onasi uni ulg‘aytiradi, uylantiradi va keyin oq fotiha berib, endilikda o‘z hayotini o‘zi qurishi kerakligini aytadi.

Ikkita qizalog‘i bilan ko‘chada qolgan er-xotin tumanning Kumushkon mahallasida qishloq chetidan, bir tomoni ekin dalasiga tutash bo‘lgan yerdan o‘zlari loydan g‘isht quyib, ikki xonali loysuvoq uy tiklab olishadi. Naridan beri qurilgan uyning hali derazasi ko‘chib tushar, hali tomidan suv o‘tib ketardi. Qolaversa, bir tomoni dala emasmi, uy ichiga gohida ilon sudralib kirar, devorlarda kaltakesaklar o‘rmalab yurardi.

Aslida bu yerda ilondan ham dahshatliroq bo‘lgan xavf bor edi: uy ustidan yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i o‘tgandi. Agar qo‘lim nam bo‘lsa, tok urardi, deya eslaydi o‘sha kunlarni Gulnora Karimova.

Bu yerga 2017 yilda kelgandik. Kelganimizda hamma joy shunaqa ajriq bosgan yer edi. Birinchi bir xonali uy qurdik. Gaz, svet, suv yo‘q edi. Andava qilingan uyda o‘tirdik. Bolalarim kichkina edi. Keyin asta-sekin ikkinchi xonani tikladik. Turmush o‘rtog‘im bilan kun bo‘yi g‘isht quyardik o‘zimiz. Charchasak ham, betob bo‘lsak ham ancha mehnat qilib, tiklab olgandik. Shunday kunlarning birida onkologik kasallikka chalinib qoldim. Shuncha qiynalib o‘tirgan bir paytimiz bu ham yaxshi bo‘lmadi. Shukr, tuzalib chiqdim.

Bu uyda juda qiynalganmiz. Sababi, sharoitlari yo‘q edi. Yog‘inli kunlarda tomdan suv o‘tib ketardi. U kunlarni esimdan chiqarmayman. Atrof ochiq edi. Shoqollar ham yurardi, ilonlar eshigimiz oldigacha sudralib borardi, uyga kirgan kunlari ham bo‘lgan. Qolaversa, uyimiz tepasidan elektr tarmog‘i o‘tgan. Kir yuvsam qo‘limdan tok urardi, qo‘rqardim.

Bu yer asli fermer balansidagi yer edi. Borarga joyimiz yo‘qligi sababli shu yerda yashaganmiz. Bir kun bizning ham yangi uyimiz bo‘larmikan, bu xarobadan chiqarmikanmiz, deya ko‘p orzu qilardim. Mana, davlatimiz yordami bilan yangi uyli bo‘ldik. Yangi uyda yashash baribir boshqacha ekan”, deydi Gulnora Karimova.

Oila qishda sovuqdan, yozda issiqdan yashash imkonsiz bo‘lgan bu uyda shu tariqa 6 yil yashaydi. Bir kuni mas’ullar kelib, elektr tarmog‘i sabab bu uyda yashash mumkin emasligini, uni mulk sifatida hujjatlashtirib bo‘lmasligini aytishadi. Bu orada Gulnora Karimova og‘ir xastalikka chalinadi. Oila boshiga muammolar do‘lday yog‘ilib kelgandi go‘yo.

Taqdirida yorug‘ kunlar borligiga umid qilib yashagan farrosh ayolning hayoti bugun butkul o‘zgardi: oila davlatning yordami bilan shinam uyli bo‘ldi. Tumanning “Yangi O‘zbekiston” massivida qurilgan ko‘p qavatli uylardan xonadon egasiga aylangan Gulnora Karimova bunday sharoitni faqat orzu qilganini aytadi.   

Yangi uyimizga ko‘chib kelganimizga 20 kun bo‘ldi. Shukur, hamma sharoitlari bor. Kelganimizdan beri xursandmiz. Tashqarida o‘yingohi ham bor, bolalarimiz maza qilib o‘ynashyapti. Maktab va bog‘cha yonimizda. Ba’zida bu tushimmi yoki o‘ngim deyman, birovning uyiga kelib qolgandaymiz. Hech ishongim kelmaydi. Hali-beri xursandchiligim tarqamagan: dalaga ham chiqqim kelmaydi, faqat uyimning ichida ishlarni qilib yuraman”, deydi u.

Navoiy viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bosh mutaxassisi Hilola Qodirovaning ma’lum qilishicha, viloyatda yilning o‘tgan 7 oyida 34 mingdan ortiq oilaga 33,7 mlrd so‘mlik ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilgan. Xususan, davlat budjeti hisobidan qariyb 15 mlrd so‘mga 100 ga yaqin ijtimoiy uylar xarid qilinib, og‘ir sharoitdagi yordamga muhtoj oilalar joylashtirilgan. Shuningdek, 276 nafar xotin-qizga 350 mln so‘mga yaqin uy-joy ijara to‘lovlari to‘lab berilgan.  

Hayotda har xil vaziyatlar bo‘lishi mumkin: kasallik, nogironlik, boquvchisini yo‘qotganlik sabab ba’zi xotin-qizlarimiz og‘ir turmush sharoitiga tushib qolmoqda. Lekin davlat yordami bilan ularning yashash sharoitlari batamom yaxshi tomonga o‘zgaryapti. Xalqimiz davlatning yordamini bugungi kunda his qilyapti. Oddiy misol, birgina viloyatimizda o‘tgan 7 oy davomida 100 nafarga yaqin xotin-qizlarga ijtimoiy uylar berildi. Ba’zilari bunaqa uylarda yashayman deb o‘ylamaganligini aytadi. Haqiqatan ham ular chaylacha, ayvoncha yoki vagonlardan hozir ikki xonali, hamma sharoiti bor uylarga kelib yashayapti”, deydi Hilola Qodirova.

Albatta, bu viloyatda uy-joyga muhtojlar qolmadi, degani emas, ishlar hali davom etmoqda. Muhimi, og‘ir turmush tarziga tushib qolgan oilalar davlatning yordami va g‘amxo‘rligini chin ma’noda his qilishmoqda, ularning hayoti yaxshi tomonga o‘zgaryapti.

Ruslan Saburov,
Kun.uz
Montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov

Mavzuga oid