O‘zbekiston | 12:12 / 21.08.2023
3647
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qonunchiligi JST kelishuvlariga uyg‘unlashtiriladi

2025 yil 1 yanvardan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini olib kirishda bojxona qiymatining 1,2 foizi miqdoridagi bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imi bekor qilinadi. Vazirlar Mahkamasiga joriy yilning 1 oktyabrigacha tovarlarni import qilish uchun litsenziya berish jarayonini avtomatlashtirish bo‘yicha takliflar kiritish vazifasi yuklandi.

Foto: Reuters

«O‘zbekiston qonunchiligi jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirilishi munosabati bilan ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi prezident farmoni imzolandi.

Qayd etilishicha, 2024 yil 1 yanvardan boshlab:

  • alohida davlatlardan olib kiriladigan mahsulotlarning muvofiqligini majburiy baholashdan ozod etish tartibi bekor qilinadi;
  • import tovarlarni davlat tilida markirovka qilish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi.

Shuningdek, 2025 yil 1 yanvardan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini olib kirishda bojxona qiymatining 1,2 foizi miqdorida bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imi bekor qilinadi. Prezident mazkur to‘lov bekor qilinishi munosabati bilan 2024 yilgacha tegishli vazifalarni amalga oshirishni muqobil moliyalashtirish bo‘yicha takliflar kiritish yuzasidan topshiriq berdi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasiga joriy yilning 1 oktyabrigacha tovarlarni import qilish uchun litsenziya berish jarayonini avtomatlashtirish (raqamlashtirish) bo‘yicha, 2024 yilning 1 yanvariga qadar transport xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun subsidiya berish tizimini Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashtirish bo‘yicha takliflar kiritish vazifasi yuklandi.

Farmon 2024 yil 1 yanvardan, qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlar esa 2025 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

Avvalroq, 2023 yil 1 iyuldan Jahon savdo tashkiloti qoida va me’yorlariga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlangani xabar qilingandi.

JSTga qo‘shilish O‘zbekistonga nima beradi?

JSTning asosiy tamoyili – erkin, ochiq va shaffof raqobat hisoblanadi. Agar O‘zbekiston tashkilotga a’zo sifatida qabul qilinsa, global savdo «o‘yin qoidalari»ga amal qilgan holda, bosqichma-bosqich proteksionizmdan voz kechadi.

Bu birinchi navbatda, bojxona tariflari kamayishi hisobiga iste’molchilarga arzon va sifatli tovarlar hamda xizmatlardan foydalanish imkoniyatini taqdim qiladi. Xomashyo narxi pasayishi hisobiga mahalliy mahsulotlar narxi ham arzonlashadi va xalqaro bozordagi raqobatbardoshligi ortadi. Logistika bilan bog‘liq xarajatlar sezilarli darajada kamayadi.

Chetdan olib kirilayotgan xomashyo narxi qancha arzon bo‘lsa, mamlakat ichida ishlab chiqarilgan tayyor mahsulot narxi ham shuncha past bo‘ladi. Raqobatbardoshlik oshadi. Bu dastlabki davrda milliy ishlab chiqarishga salbiy ta’sir o‘tkazsa-da, uzoq muddatli istiqbolda raqobat muhitini vujudga keltirishda ijobiy omil hisoblanadi.

Mamlakat ichidagi ayrim monopol kompaniyalarning ichki bozordagi ustun mavqeyiga chek qo‘yiladi va erkin raqobat muhiti yaratiladi. Hozirgi sharoitda O‘zbekistondagi import proteksionizmi darajasi ancha baland hisoblanadi.

Shuningdek, investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishi ko‘payadi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishiga imkoniyat taqdim qiladi. Bundan tashqari, o‘rta muddatli istiqbolda tashkilotga a’zolik inflatsiya pasayishiga zamin yaratadi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid