Jahon | 09:49 / 02.09.2023
9536
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya iqtisodiyoti kiberhujumlar tufayli 200 mlrd yevro zarar ko‘rdi

Germaniya kiberhujumlar va sanoat josusligining asosiy nishonidir, deya xabar berdi Bitkom IT-assotsiatsiyasi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida Germaniya iqtisodiyoti yo‘qotishlari 200 milliard yevrodan oshdi.

Foto: Jochen Tack/IMAGO

Germaniya iqtisodiyoti o‘tgan yili ma’lumotlar o‘g‘irlanishi, raqamli va analog sanoat josusligi natijasida 206 milliard yevro zarar ko‘rdi. Bu haqda Bitkom IT-assotsiatsiyasi 1 sentabr, juma kuni nemis tadbirkorlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga tayanib xabar tarqatdi. Kiberhujumlarning aksariyati Rossiya va Xitoydan amalga oshirilgan. 10 ta nemis firmasidan 6 tasining fikricha, hozirda kuch tuzilmalari xorijdan amalga oshiriladigan kiberhujumlarga qarshi yetarli himoyaga ega emas.

Bitkom bosh direktori Ralf Vintergerst uyushgan jinoyatchilik va davlat homiyligidagi hakerlar o‘rtasida chegaralar yo‘q bo‘lib borayotganini ta’kidlab: «Germaniya iqtisodiyoti jinoyatchilar va dushman davlatlar uchun juda jozibali maqsaddir», dedi. 

Ukrainadagi urush davrida kiberhujumlarning kuchayishi 

So‘rov natijalariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlari boshlanganidan beri Germaniya iqtisodiyotiga qarshi kiberhujumlar tobora ko‘proq Rossiya va Xitoy hududidan amalga oshirilmoqda. Zarar ko‘rgan korxonalarning 46 foizi kiberhujumlarning kelib chiqishi Rossiyadan, 42 foizi esa Xitoydan ekanini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. 

Shu bilan birga, barcha nemis korxonalarining to‘rtdan uch qismi Xitoydan kelib chiqadigan kibertahdid yetarlicha baholanmaganiga amin. Ralf Vintergerst barcha nemis kompaniyalarini IT sohasida xavfsizlikni oshirishga chaqirdi. Konstitutsiyani himoya qilish bo‘yicha federal idora rahbari o‘rinbosari Zinan Zelen hakerlar tobora tajovuzkor, professional va ayyorroq bo‘lib borayotganini ta’kidladi. 

Mavzuga oid