Jahon | 16:32 / 02.09.2023
13125
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston quyoshni o‘rganish uchun kosmik stansiya uchirdi

Bengal ko‘rfazidagi milliy kosmodromdan Aditya-L1 avtomatik stansiyasi uchirildi. Bu - quyoshni o‘rganish uchun birinchi hind apparati.

Foto: AP

Hindistonda Aditya-L1 quyoshni o‘rganish bo‘yicha avtomatik stansiya muvaffaqiyatli uchirildi. Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ISRO) 2 sentabr, shanba kuni ma’lum qilishicha, PSLV C57 (Polar Satellite Launch Vehicle) raketa tashuvchisi bortidagi stansiya bilan  Bengal ko‘rfazidagi Shrixarikota orolida joylashgan milliy kosmodromdan parvoz qilgan.

«Qurilma sun’iy yo‘ldoshni mo‘ljallangan orbitaga aniq olib chiqdi. Hindistonning birinchi quyosh observatoriyasi Quyosh-Yer tizimining L1 nuqtasiga (Lagranj nuqtasi hududidagi galo-orbita) sayohatini boshladi», deyiladi xabarda.

L1 Yerdan taxminan 1,5 million km uzoqlikda joylashgan. Stansiya Yerga yaqin orbitada 16 kun bo‘lishi, keyin esa L1'ga yana 110 kun uchishi kerak. Agar missiya muvaffaqiyatli bo‘lsa, u holda stansiya quyoshning qorong‘iliksiz doimiy kuzatuviga ega bo‘ladi.

Hindistonning birinchi quyosh tadqiqot missiyasi

Aditya-L1 - quyoshni o‘rganish bo‘yicha birinchi hind missiyasi. Uning asosiy maqsadlari - quyoshning xromosferasi va tojini o‘rganish, magnit maydoni va zarralar oqimini o‘lchash. Bortda yettita asbob bor – to‘rttasi masofadan zondlash va uchtasi joyida kuzatish uchun.

Bu - Hindistonning joriy yilgi ikkinchi kosmik missiyasi. 14 iyul kuni «Chandrayan-3» stansiyasi bortida «Pragyan» lunoxodi bilan Oyga uchirildi. Avgust oyi boshida u Oy atrofidagi orbitaga chiqarildi. 23 avgust kuni «Chandrayan-3» kam o‘rganilgan Janubiy qutb hududiga Hindiston tarixida birinchi marta yumshoq qo‘nishni amalga oshirdi, bu yerda olimlarning fikriga ko‘ra, muzli suv zaxiralari bo‘lishi kerak.

Mavzuga oid