O‘zbekiston | 10:09 / 04.09.2023
7322
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda ko‘rsatish tartibi belgilandi

Davlat xizmatlarini joyiga chiqqan holda ko‘rsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ariza yuborish uchun Toshkentda BHM 50 foizi, viloyat markazlarida BHM 40 foizi, tuman (shahar)larda BHM 30 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Hukumat qarori bilan davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Davlat xizmatlari Adliya vazirligining Aloqa markaziga (“Call-markaz”) yoki uning rasmiy veb-saytiga murojaat qilish orqali ko‘rsatiladi. “Call-markaz” orqali so‘rovnomalar soat 09:00 dan 18:00 gacha ish vaqti davomida qabul qilinadi. Rasmiy veb-sayt orqali sutkaning istalgan vaqtida murojaat qilinishi mumkin.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish vaqti Davlat xizmatlari markazlari (vakolatli organ)ning ish vaqti doirasida belgilanadi.

“Call-markaz” mas’ul xodimi ariza beruvchi nomidan so‘rovnomani to‘ldiradi va so‘rovnomadagi ma’lumotlar tasdiqlangandan so‘ng ariza beruvchiga to‘lov invoysini yuboradi. So‘ng mas’ul xodim ariza beruvchi bilan telefon orqali bog‘lanib, so‘rovnomada ko‘rsatilgan joyga chiqadi hamda maxsus texnik qurilmalar yordamida (planshet yoki kompyuterga o‘rnatilgan daktiloskopiya, printer va boshqalar) davlat xizmatini ko‘rsatadi yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza yuboradi (so‘rovnomada belgilangan muddatlarda).

Davlat xizmatlarini joyiga chiqqan holda ko‘rsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ariza yuborish uchun Toshkent shahrida BHMning 50 foizi, viloyat markazlarida BHMning 40 foizi, tuman (shahar)larda BHMning 30 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi.

O‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘lov undirilmaydi.

Reglament quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

  • milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirishga;
  • O‘zbekiston fuqarosi, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasini hamda xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishga;
  • jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishga.

Mavzuga oid