O‘zbekiston | 19:07 / 06.09.2023
11151
2 daqiqa o‘qiladi

Avgust oyida ayrim hududlarda rekord miqdorda yomg‘ir yog‘gan

Ko‘p yillik kuzatuvlarga ko‘ra, O‘zbekistonda avgust oyi yilning eng qurg‘oqchil oyi hisoblanadi. Lekin 2023 yilning avgusti, “O‘zgidromet”ga ko‘ra, “juda g‘ayritabiiy” bo‘lgan. Sirdaryo, Andijon, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarining ayrim joylarida oylik yog‘ingarchilik miqdori rekord darajada ko‘p bo‘lgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Joriy yilning avgust oyidagi harorat o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘ldi, deya xabar bermoqda “O‘zgidromet”.

Qayd etilishicha, respublikaning barcha hududlarida 2023 yil avgust oyidagi maksimal harorat eng issiq yillardagi avgust oyida kuzatilgan maksimal haroratga yetmagan.

Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyi yilning eng qurg‘oqchil oyi hisoblanadi. Yomg‘ir ko‘pincha tog‘ oldi va tog‘li hududlarda kuzatiladi. Respublikaning tekislik hududlari bo‘yicha yomg‘ir har yili yog‘maydi va ular mahalliy xususiyatga ega bo‘ladi.

Lekin, “O‘zgidromet”ga ko‘ra, bu yilning avgust oyi yomg‘irlar yog‘ishi tavsifi bo‘yicha “juda g‘ayritabiiy” bo‘lgan.

“Oyning katta qismi quruq bo‘ldi. Ammo so‘nggi besh kunlikda respublika bo‘yicha deyarli barcha hududlarda yomg‘ir yog‘di. Ayrim hududlarda bir kecha-kunduz uchun yog‘ingarchilik miqdori avgust oyining oylik me’yoridan bir necha marta ko‘p bo‘ldi”, – deyiladi xabarda.

Sinoptiklarning qayd etishicha, 8 avgustda Toshkent viloyatining baland tog‘larida oylik me’yor 22 mm bo‘lganda – 56 mm, Sariosiyoda oylik me’yor 0,4 mm bo‘lganda – 3 soat 10 daqiqada 35 mm, 28 avgustda Qo‘qonda oylik me’yor 5 mm bo‘lganda – 20 daqiqada 35 mm yog‘ingarchilik kuzatilgan.

Toshkentda oylik me’yor 2 mm bo‘lganda 27 avgustda – 8 mm, 31 avgustda esa 6 mm yomg‘ir yog‘gan.

“Sirdaryo, Andijon, Farg‘ona viloyatlarida ba’zi joylarda, Toshkent viloyatining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida oylik yog‘ingarchilik miqdori butun kuzatuvlar tarixida rekord bo‘ldi”, – deyiladi “O‘zgidromet” axborotida.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid