O‘zbekistonga yo‘l sifatini aniqlaydigan maxsus avto texnikalar keltirildi
Jahon bankining 3 million dollar mablag‘lari hisobidan O‘zbekistonga yo‘l sifatini aniqlash, tahlil qilishga qodir maxsus jihozlangan texnikalar keltirildi. Ular yordamida respublika yo‘llarini ta’mirlashda inson omilini kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Daniyadan O‘zbekistonga olib kelingan maxsus jihozlangan texnikalar yo‘l sifatini 95 foizgacha aniqlikda tahlil qila olish imkoniyatiga ega. Mutaxassislar bunday texnikalarning keltirilishini mamlakatda yo‘l qurilishi sohasidagi bir qadam oldinga siljish, deya baholamoqda. Boisi shu paytgacha bunday jarayonlar taxminiy hisob-kitoblar asosida, inson omili bilan boshqarilgan.
“Ushbu texnikalar avtomobil yo‘llarida ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yo‘llarni tadqiq qilish maqsadida olib kelingan. Ular aniqlagan ma’lumotlar yagona bir elektron tizimga ulanadi va bu asosda yo‘llarning holatini inson omilisiz toifalash imkoniyati yaratiladi. Ya’ni qaysi hududdagi yo‘llar ta’mirga yoki qurishga muhtoj ekani ushbu maxsus texnikalarning o‘lchov tahlillari asosida xulosalanadi. Bu texnikalarning keltirilishini O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari qurilishida yana bir oldinga siljish deb baholash mumkin”, — deydi Avtomobil yo‘llari ilmiy tadqiqot instituti sinov laboratoriyasi boshlig‘i Salohiddin Qurbonov.
Keltirilgan Toyota va Ford krossover hamda pikaplariga o‘rnatilgan jihozlar ma’lumotlar bazasini shakllantirishda quyidagi vazifalarni bajaradi:
- Toyota RAV4 mobil skaneri lazer nurlari orqali yo‘l tarmog‘ining ro‘yxati va kadastrini yaratish uchun mo‘ljallangan;
- Toyota HILUX mobil uskunasi yo‘l inshootlari, ularning atrof-muhitini inventarizatsiya qilish, harakatlanish va yo‘ldagi notekisliklar sifatini o‘lchash, yo‘l geometriyasi hamda GPS ma’lumotlarini olish vazifalarini bajaradi;
- Ford F350 jihozlangan avtomobilining texnik imkoniyatlariga esa yo‘l qoplamasining fizik xossalarini baholash, asfalt qoplamalarining balandligi va tuzilishini tahlil qilish, shuningdek, yerosti kommunal tarmoqlari mavjudligini tekshirish, yuzaki ishqalanish va sirpanish qarshiligi ko‘rsatkichlarini o‘lchash vazifalari kiradi.
Mas’ulning ma’lumot berishicha, maxsus jihozlangan bu texnikalar Jahon bankining 3 mln dollar mablag‘lari hisobiga olib kelingan. O‘zbekistonda mavjud avtomobil yo‘llari tarmog‘ining umumiy uzunligi taxminan 210 ming kmni tashkil etadi. Shundan 43 ming kmga yaqini, ya’ni 20 foizi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tasarrufiga kiradi. Mas’ul shuncha uzunlikdagi yo‘lning tahlilini olib borishda 3 ta mobil texnika kompleksi yetarli bo‘lmasligini ham ta’kidladi.
«Bu kabi texnikalardan har bir viloyatda bittadan bo‘lsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki bularning yordami bilan bir yilda uzog‘i 10 ming km yo‘lning ma’lumotlar bazasini shakllantirishimiz mumkin. Qo‘mita tasarrufidagi jami 43 ming km yo‘lning umumiy ma’lumotlarini jamlashning o‘ziga 4-5 yil ketib qolishi mumkin», — deydi Salohiddin Qurbonov.
Ta’kidlanishicha, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasiga qaraydigan 43 ming kmli avtomobil yo‘llari haqida ma’lumotlar jamlangach, qaysi yo‘l qachon, qanday va qancha mablag‘ bilan ta’mirlanishi kerakligi elektron tahlillar asosida ishlab chiqiladi.
Mavzuga oid
11:56 / 06.11.2024
Inson matonati: 22 yil davomida tog‘ni yo‘nib yo‘l ochgan odam
21:17 / 25.10.2024
Qo‘ng‘irot–Beyneu yo‘lining 240 kilometrlik qismi foydalanishga topshirildi
09:30 / 11.10.2024
Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li 6 yil muddatda quriladi
10:06 / 19.09.2024