Nuqtayi nazar | 17:33 / 14.09.2023
196359
3 daqiqa o‘qiladi

Litri 1 so‘m-u 48 tiyin – bizda suv “suvtekin”

Ilgari qurg‘oqchilik desa, Afrika bolalarini ko‘rsatar edik. Agar suvga nisbatan munosabatimiz “suvtekin” shaklida davom etsa, yaqin kelajakda Afrika qurg‘oqchiligi bizning bolalarimiz boshiga ham tushadi.

Foto: Jonibek Shuhratov

Xalqimizda biror narsaning qadrsiz, juda arzon ekanini ifodalash uchun “suvtekin” iborasi ishlatiladi. Dunyoning biror bir davlatida bunday ahmoqona ibora yo‘q. Sababi, sayyoramizda suv “suvtekin” emas: ichimlik suvi zaxiralari insoniyat uchun kelajakda muammo bo‘lishi hozirdan prognoz qilinmoqda. Dunyoning ayrim davlatlarida esa bu muammo hozir ham bor, ijtimoiy tarmoqlarda suv idishini ko‘tarib turgan afrikalik bolalarning suratini ko‘p ko‘rganmiz.

Aslida, mamlakatimizning ayrim chekka hududlarida ham toza ichimlik suvi qanchalik qadrli ne’mat ekanini anglaydiganlar bor. Axir hozirgi kunda respublikada 25,6 foiz aholiga ichimlik suvi maxsus texnikalar yordamida tashib keltirilar ekan. Ammo bizda haliyam suv “suvtekin”.

Amsterdam, Berlin, Varshava, Tokio kabi dunyoning ko‘plab rivojlangan shaharlardagi mehmonxonalarda unitaz bir “knopka”li bo‘lsa jarima qo‘llanilar ekan. Tish yuvishga alohida stakan, yuvinish xonasiga esa vanna emas, dush o‘rnatgan. Qiziq, ular suvni namuncha tejaydi, Orolga emas, okeanga yaqin-ku. Bizda esa suv haliyam “suvtekin”.

O‘zbekistonda 1 kub metr suv 1048 so‘m, demak 1 litr suv 1 so‘m 48 tiyin. Navoiyda 1 kub metr suv uchun 3050 so‘m to‘lanadi. O‘zbekiston uchun “rekord” narx. Lekin... Uyimning derazasidan sal nariroqda suv minorasi bor. Har kuni suv minorasidan tonnalab ichimlik suvi toshadi. Suv minora ustidagi maxsus teshikdan toshib tushmaguncha o‘chirilmaydi. Bu teshik suv to‘lganini bildiruvchi belgi hisoblanadi, XXI asrdagi “innovatsion g‘oya”. Mabodo qorovul uxlab qolgan bo‘lsa, tamom, kerak bo‘lsa bitta mahallaga yetadigan suv isrof bo‘ladi. Viloyatda shu kabi minoradan qariyb 400 ta bor. Bitta igna teshigidan bir sutkada 7 litr suv oqishi mumkin ekan. 400 ta suv minorasi trubasidan-chi?

Ilgari qurg‘oqchilik desa Afrika bolalarini ko‘rsatar edik. Agar suvga nisbatan munosabatimiz “suvtekin” shaklida davom etsa, yaqin kelajakda Afrika qurg‘oqchiligi bizning bolalarimiz boshiga ham tushadi.

Jonibek Shuhratov, 
Navoiy viloyat "Ekonigoh" yoshlar targ‘ibot markazi koordinatori.

Mavzuga oid