Jahon | 08:38 / 14.09.2023
4419
3 daqiqa o‘qiladi

«Meduza» asoschisi Timchenkoning ayfoni josuslik dasturi bilan zararlangan

«Meduza» nashri asoschisi o‘zining ayfonida Pegasus dasturini aniqladi. Uning ishlab chiquvchisi - Isroilning NSO kompaniyasi - uni faqat davlatlarga sotadi. 

Galina Timchenko Foto: Claudio Furlan/LaPresse/Zuma/picture alliance

«Meduza» internet-nashri asoschisi Galina Timchenkoning ayfoni Pegasus josuslik dasturi bilan zararlangan. Bu haqda 13 sentabr, chorshanba kuni  Access Now notijorat tashkiloti va nashrning o‘zi ma’lum qildi

Aniqlik kiritilishicha, «Meduza» texnik bo‘limi mutaxassislari telefon suhbatlari tinglanganidan iyun oyida xabar topgan. Taxminlarga ko‘ra, ayfon 2023 yil fevral oyi o‘rtalarida Timchenkoning Berlinga tashrifidan oldin zararlangan. 

Isroil razvedka xizmatlari xodimlari tomonidan asos solingan NSO kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Pegasus dasturi hakerga smartfonning ovozi, kamerasi va xotirasiga kirish imkonini beradi. «Shu tariqa, noma’lum odamlar telefonning barcha mazmuniga, jumladan, uy manzili, uchrashuvlar jadvali, fotosuratlar va hatto shifrlangan xabar almashish suhbatlariga kirishlari mumkin edi: Pegasus sizga xabarlarni yozish paytida to‘g‘ridan to‘g‘ri ekrandan o‘qish yoki har bir xabar, rasm yoki elektron pochta xatini shunchaki yuklab olish imkonini beradi», - deya ta’kidlaydi «Meduza». 

Timchenkoning telefoniga josuslik dasturini kim o‘rnatgan?

Tahririyat Yevropa razvedka xizmatlaridan biri Galina Timchenkoning telefoniga josuslik dasturlarini o‘rnatishga aloqador bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Access Now ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy gumondorlar Pegasus dasturidan foydalanayotgan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar, birinchi navbatda Estoniya, Germaniya yoki Latviya bo‘lishi mumkin. Ushbu josuslik dasturlari bilan qurollangan Rossiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston nodavlat tashkilotlari ham shubha ostida.

«Meduza» xabariga ko‘ra, Timchenkoning telefoni 11 fevral kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan Rossiya mustaqil ommaviy axborot vositalari vakillarining maxfiy uchrashuvi oldidan zararlangan. Ikki hafta oldin «Meduza» Rossiyada «nomaqbul tashkilot» deb e’lon qilingan edi. Biroq, Moskva Isroil josuslik dasturiga kirish imkoniga ega ekani haqida hech qanday dalil yo‘q, dedi jurnalistlarga Citizen Lab katta ilmiy xodimi Jon Skott- Reylton. 

Qayd etilishicha, NSO ishlab chiquvchisi Pegasus dasturiy ta’minotini faqat davlat mijozlariga sotadi. Dasturdan birinchi navbatda maxsus xizmatlar foydalanadi. 2021 yilda kompaniya Rossiya dasturni sotib olmoqchi bo‘lgani, ammo rad javobi olganini ochiqchasiga e’lon qildi.

NSO Group vakili «Meduza» murojaatiga javoban, kompaniya ishlanmalari «faqat AQSh va Isroil ittifoqchilariga, ayniqsa G‘arbiy Yevropadagi ittifoqchilarga sotiladi hamda faqat jinoyatchilar va terrorchilarga qarshi kurash uchun mo‘ljallangan, bu - Amerika milliy xavfsizligining global manfaatlariga muvofiq holat», dedi.

Mavzuga oid