Sport | 20:41 / 17.09.2023
32117
2 daqiqa o‘qiladi

Hangjou-2022: O‘zbekistonning ikki raqibi Osiyo O‘yinlariga kelmaydigan bo‘ldi

Osiyo O‘yinlarining futbol bahslari boshlanishi arafasida ikki mamlakat olimpiya jamoasi Xitoyga kelmasligi sababli turnir taqvimida o‘zgarish kuzatildi.

Foto: O‘zbekiston olimpiya jamoasi

MOQ xabariga ko‘ra, musobaqaning futbol dasturida «S» guruhidan o‘rin olgan Temur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya jamoasining taqvimida o‘zgarish kuzatildi. Dastlabki qur’a natijasiga ko‘ra, ushbu kvartetdan O‘zbekiston, Afg‘oniston, Suriya va Hongkong olimpiya jamoalari o‘rin olgan edi. Ammo guruh bahslari boshlanishiga 2 kun qolganida Suriya va Afg‘oniston futbol jamoalari XIX Osiyo O‘yinlarida ishtirok eta olmasligini ma’lum qilgan. 

Vaziyatdan chiqish maqsadida O‘yinlar tashkiliy qo‘mitasi bu holat bo‘yicha Osiyo Futbol Konfederatsiyasiga murojaat qildi va yakunda guruhda qolgan 2 jamoa ishtirokni davom ettirishi ma’lum qilingan. 

Shu tariqa, endi O‘zbekiston va Hongkong jamoalari o‘zaro ikki uchrashuvda kuch sinashgan holda guruh g‘olibini aniqlab olishadi. Yangi taqvim bo‘yicha o‘yinlar 22 va 25 sentabr sanalariga belgilandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston olimpiya jamoasi kuni kecha Hangjou shahriga yetib borib, tayyorgarlikni boshlab yuborgan.

Mavzuga oid