Nuqtayi nazar | 19:53 / 18.09.2023
187472
3 daqiqa o‘qiladi

Armanistonda Qorabog‘ bo‘yicha yangi umid paydo bo‘lganmi?

Rossiyadan uzoqlashib, NATOga yaqinlashayotgan Armaniston G‘arbdan Qorabog‘ bo‘yicha xuddi Isroil kabi boshqacha norasmiy maqom umid qilayotgan bo‘lishi mumkin, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Foto: Sergei Grits / AP

Bir necha kun oldin Qorabog‘da etnik armanlar tomonidan prezidentlik saylovi o‘tkazildi. Ammo dunyo davlatlari, shuningdek, Rossiya ham bu saylovlarni tan olmadi. Lekin saylovning o‘tishi rasmiy Yerevan yangi geosiyosiy o‘yin boshlaganini bildiradi.

2020 yildagi 44 kunlik urushda Armanistonning yutqazishi Yerevandagi elita tomonidan juda og‘riqli qabul qilindi. Bundan keyin mintaqaviy qudratli kuchlar bo‘lmish Turkiya, Xitoy va Rossiya ishtiroki va bosimida Qorabog‘ni beramiz degan tafakkur paydo bo‘lgan edi. Ammo bugun ularda yangi bir umid paydo bo‘lyapti.

Armaniston Rossiyadan uzoqlashyapti, bu strategik uzoqlashuv, Pashinyandan boshqa siyosatchi kelsa ham, shunday davom etadi, chunki Rossiyadan kuchli arazlagan. Rossiya har qanday holatda ham Qorabog‘ Armanistonga tegishli degan pozitsiyada bo‘ladi deb o‘ylashgan edi. O‘sha vaqtda Rossiya hukumati ham aralashmadi va Qorabog‘ni Ozarboyjonga tegishli deb tan oldi. Agar Ozarboyjon Armanistonning hududiga tahdid qilsagina KXShT aralashadi, degan ma’noda bayonot berdi.

Saylovlardan keyin Armanistonda umid paydo bo‘lyaptiki, G‘arb bilan yaqinlashuv fonida Qorabog‘ga yangi maqom berilar, degan. Lekin menimcha, buning iloji yo‘q. Bamisoli Armaniston Isroilga o‘xshab (Isroil yillar davomida Falastin yerlarini egallab olgandek) Qorabog‘ni saqlab qolish imkoniyati bo‘ladi degan umidi bo‘lishi mumkin, lekin o‘ylaymanki, buning iloji yo‘q. Chunki asosiy o‘yinchi bo‘lmish AQSh saylovni mutlaq tan olmadi va bunday keyin ham shunday bo‘ladi. Agar tan olsa, AQSh va kollektiv G‘arb manfaatlari uchun ziddiyatli vaziyatlar ko‘payib ketadi.

Kamoliddin Rabbimov,
Siyosiy tahlilchi

Yuqoridagi fikrlar Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz saytiga bergan intervyusidan olingan.

Mavzuga oid