O‘zbekiston-Amerika biznes-forumida 10 dan ortiq hujjat imzolandi
Prezidentning AQShga tashrifi arafasida Vashingtonda O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Energetika, mashinasozlik, AKT, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy-texnik va ilmiy-texnikaviy hamkorlik sohalari bo‘yicha 12 ta hujjat imzolandi.
Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi arafasida — 15 sentabr kuni Vashingtonda O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi boshqaruvi raisi Kerolin Lemm, AQSh Eksimbanki prezidenti Reta Jo Lyuis va davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Das Mark Pommershaym so‘zga chiqdi.
Unda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va investitsiya tuzilmalari rahbarlari, shuningdek, AQShning AKT, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, transport, bank ishi va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan yirik korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Forum davomida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgani va bunga rahbariyatning siyosiy irodasi, hukumatlar va tadbirkor doiralar orasidagi doimiy hamkorlikning o‘rni katta ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, unda O‘zbekistonning iqtisodiyot, savdo, sanoatni rivojlantirish va sarmoyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha erishgan muhim yutuqlari taqdim etildi. Xususan, boshqa faktlar qatorida erkin bozor va sog‘lom raqobat mexanizmlari yaratilgani, tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish, energiya resurslari bilan ta’minlanganlik, iqtisodiyotda davlat ishtirokining qisqarishi va keng ko‘lamli xususiylashtirish jarayonlari boshlangani qayd etildi.
Bundan tashqari, forumda tog‘-kon, kimyo va energetika, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektronika, axborot texnologiyalari kabi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi. Yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish va uchinchi davlatlarga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etishda katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Tadbir davomida global raqobat, ta’minot zanjiri barqarorligini ta’minlash, tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish, strategik prognozlash, xususiylashtirish va moliyaviy-texnik hamkorlik masalalari bo‘yicha alohida sessiyalar o‘tkazildi.
Biznes-forum ishi O‘zbekiston va AQSh vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va yetakchi kompaniyalari rahbarlarining G2B va B2B formatidagi uchrashuvlari bilan davom etdi. Ishtirokchilar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Tadbir yakunida energetika, mashinasozlik, AKT, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy-texnik va ilmiy hamkorlik, tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalarda 12 ta hujjat imzolandi.
Mavzuga oid
17:43 / 21.11.2024
Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarning barchasi o‘z lavozimini saqlab qoldi (foto)
14:30 / 01.10.2024
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Saudiya investitsiyalar vaziri bilan muzokara o‘tkazdi
08:50 / 14.09.2024
Vashington va London Ukrainaning Rossiyaga zarba berishi bo‘yicha qarorni keyinga qoldirdi
10:20 / 12.09.2024