Gurjiston hukumati mamlakatda to‘ntarishga tayyorgarlik ko‘rilganini ma’lum qildi
Gurjiston Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bir guruh shaxslar Yevropa Ittifoqining Tbilisiga nomzod maqomini berishdan bosh tortishiga umid qilib, oktyabr-dekabr oylarida tartibsizliklar uyushtirmoqchi bo‘lgan.
Gurjistonda davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rgan guruh fosh etildi, deb xabar berdi mamlakat Davlat xavfsizlik xizmati 18 sentabr, dushanba kuni. Unga ko‘ra, tegishli shaxslar ham mamlakat ichida, ham xorijda harakat qilgan. «Buzg‘unchi jarayonlar boshlanishi uchun tanlangan davr joriy yilning oktyabr-dekabr oylari bo‘lib, o‘shanda Yevropa komissiyasining Gurjistonga Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod maqomini berish yoki bermaslik haqidagi qarori ommaga e’lon qilinishi kerak», - deydi maxsus xizmat.
Unga ko‘ra, guruh a’zolari Yevrokomissiya Gurjistonga nomzod maqomini bermasligiga umid qilgan va bu qarordan Tbilisi hukumatini rossiyaparast siyosat yuritayotganlikda ayblash uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan. Maxsus xizmat xabarida aytilishicha, fitna tashkilotchilari - Gurjiston sobiq ichki ishlar vaziri Vano Merabishvili, uning sobiq o‘rinbosari, hozirda Ukraina harbiy aksilrazvedkasi boshlig‘i o‘rinbosari Gia Lordkipanidze, Gurjiston sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining qo‘riqchisi Mixail Baturin, shuningdek, Ukrainada faoliyat yurituvchi «Gurjiston legioni» qo‘mondoni Mamuka Mamulashvili.
«Fitnachilar o‘z rejalarini xorijning moliyaviy ko‘magi hamda Ukrainada jang qilayotgan, «Kanvas» va «Otpor» tashkilotlariga a’zo bo‘lgan gurji millatiga mansub yoshlarning katta guruhi yordamida amalga oshirish niyatida bo‘lgan. Aynan shu tashkilotlar Serbiya va boshqa mamlakatlarda «inqilobiy» jarayonlarda faol qatnashgan», — deyiladi Davlat xavfsizlik xizmati bayonotida.
Saakashvilining partiyasi barcha ayblovlarni rad etdi
Muxolifatdagi Mixail Saakashvilining «Birlashgan milliy harakat» partiyasi davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik haqidagi barcha ayblovlarni rad etdi. Uning ta’kidlashicha, bunday ayblovlar orqali Tbilisidagi amaldagi hukumat jamoatchilikni «Yevropa Ittifoqi Gurjistonning rossiyaparast hukumatiga nomzod maqomini berishdan bosh tortishiga» tayyorlamoqda. Mamuka Mamulashvili ham Davlat xavfsizlik xizmati bayonotiga munosabat bildirdi, u Gurjiston ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida ayblovlarni «soxta» deb atagan.
Ukraina va Moldovaga 2022 yil iyun oyida Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod maqomi berilgan bo‘lsa-da, Gurjiston bu maqomni olish uchun muayyan islohotlarni amalga oshirishi kerak. YeI tomonidan sanab o‘tilgan o‘n ikkita eng dolzarb yo‘nalishlar orasida siyosiy qutblanishga qarshi kurash, sud-huquq islohotlari, korrupsiyaga qarshi mustaqil organ yaratish, ommaviy axborot vositalari erkinligi va «deoligarxizatsiya» bor. Oktyabr oyida Yevrokomissiya Gurjistonning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishi bo‘yicha keyingi qarorlar uchun asos bo‘ladigan hisobot taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Mavzuga oid
17:23
Gurjiston parlamenti prezidentlik saylovi sanasini belgiladi
21:03 / 25.11.2024
Saakashvili: «Gurjistonda diktatura o‘rnatildi»
14:23 / 21.11.2024
Gurjistondagi noroziliklar tashkilotchilari yangi harakat rejasini ishlab chiqadi
13:53 / 20.11.2024