Jahon | 20:27 / 19.09.2023
8839
3 daqiqa o‘qiladi

Kanada Hindistonni o‘z hududidagi siyosiy qotillikda aybladi

Sikx separatisti Nijjorning o‘ldirilishi ikki davlat o‘rtasida diplomatik mojaro keltirib chiqardi. 

Hardip Singx Nijjor

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Hindiston hukumati sikx separatistlari yetakchisi Hardip Singx Nijjor o‘ldirilishida ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. U iyun oyida Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasidagi ibodatxona yaqinida otib o‘ldirilgan edi. 

Tryudoning aytishicha, Kanada razvedkasi Nijjorning o‘limini Hindiston bilan bog‘lovchi «ishonchli» razvedka ma’lumotlarini olgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, yaqinda bo‘lib o‘tgan G20 sammitida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashgan va sikx yetakchisining o‘ldirilishi masalasini ko‘targan. 

«Kanada tuprog‘ida Kanada fuqarosining o‘ldirilishida xorijiy hukumatning har qanday ishtiroki bizning suverenitetimizni qabul qilib bo‘lmaydigan tarzda buzish hisoblanadi», dedi Tryudo parlament yig‘ilishida. «Bu erkin, ochiq va demokratik jamiyatlar bo‘ysunadigan asosiy qoidalarga ziddir», deb qo‘shimcha qildi bosh vazir. 

Tryudo, shuningdek, Kanada Nijjorning o‘ldirilishi yuzasidan xavotirlarini Hindiston razvedka idoralari va xavfsizlik kuchlari rahbarlariga yetkazganini ta’kidladi. 

Hindistonda bo‘lib o‘tgan G20 sammitida Modi va Tryudo keskin muzokaralar olib borishdi. Uchrashuv chog‘ida Hindiston bosh vaziri Kanadani «ekstremistik elementlarning Hindistonga qarshi faoliyati» bilan kurashda yetarlicha harakat qilmayotganlikda aybladi, bu bilan Kanada hududidagi sikx separatistik harakatiga ishora qildi. 

Shu bilan birga, Hindiston Nijjor qotilligiga aloqadorligini rad etib kelmoqda. 

Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Kanadaning ayblovlarini «bema’nilik» va «siyosiy motivatsiyalangan» dedi. Idora bayonotiga ko‘ra, Kanada Hindiston xavfsizligiga tahdid soluvchi «Xolistonlik terrorchilar va ekstremistlar» uchun boshpana berib kelmoqda. Xoliston — sikxlar tomonidan Hindiston hududida tuzish rejalashtirilgan mustaqil davlatning nomi. 

Hindiston hukumatining Kanadadagi siyosiy suiqasdga aloqadorligi haqidagi da’vo ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yomonlashtirishi mumkin. 

Nijjor Hindistonning Panjob shtatidagi tan olinmagan sikx davlati Xoliston tarafdori edi. Hindiston hukumati uni terrorchi deb hisoblaydi va qurolli separatistik guruhga rahbarlik qilganini da’vo etadi. Uning izdoshlari bu ayblovlarni rad etib kelmoqda. 

Nijjor Vankuverdan 20 kilometr sharqda joylashgan Surri shahridagi sikxlar ibodatxonasining avtoturargohida ikki niqobli odam tomonidan otib o‘ldirilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid