Nuqtayi nazar | 17:51 / 20.09.2023
193654
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston va Turkmaniston Cho‘lponota bitimiga nega qo‘shilmayapti?

Tojikiston va Turkmaniston kuni kecha Dushanbedagi maslahat uchrashuvida ham “XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida o‘zaro do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida”gi shartnomaga (2022 yil, iyul) imzo qo‘ymadi. Siyosatshunos Farhod Tolipov bu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: Tojikiston prezidentining matbuot xizmati

Bu bitimni Tojikiston va Turkmaniston nima uchun imzolamayotganini ularning o‘zi ham bilmayapti, menimcha. Xalqona aytadigan bo‘lsak: qo‘li tortmayapti imzo qo‘yishga.

Cho‘lponota bitimining matnini ko‘rib chiqsak, Tojikiston va Turkmaniston manfaatlariga zid narsa umuman yo‘q. Haddan tashqari realizmga berilib ketishgandek ko‘rinadi. Siyosatshunoslikda shunday tushuncha bor, ya’ni o‘zining muhimligini bo‘rttirib ko‘rsatish, milliy manfaatlarini himoya qilishga tayyordek ko‘rsatish. Mana shunday tor tushunilgan milliy manfaatlarga berilib ketish noo‘rin deb bilaman. Kuchli davlatlar bilan aloqalarda shunday tutish to‘g‘ri bo‘lardi, lekin Markaziy Osiyo oilasi davrasida o‘zini bunday tutish yarashmaydi. Balki keyingi uchrashuvda muvofiqlashtirish ishlari bo‘lar.

Ertami-kechmi bu ikki davlat imzo qo‘yar. Lekin Markaziy Osiyo davlatlari bu bitim bilan cheklanmaydi. Bo‘layotgan tashabbuslar juda ham zalvorli. Rejalashtirilgan ishlarda ishtirok etishsa bo‘ldi, imzo qo‘ymasa ham, amalda qilayotgan bo‘lishadi.

Milliy koordinatorlar masalasi ko‘tarildi. Yangilik bo‘ldi bu. Agar bunday tizim joriy qilinsa, ishlar yaxshi ketadi. Koordinatorlar boshlanishi bo‘lib, keyinchalik institutlashgan organlarga yo‘l ochib berar.

Bir vaqtlar, ya’ni 90-yillarda olamshumul bitimlar qabul qilingan, bayonotlar berilgan edi aslida. Abadiy do‘stlik to‘g‘risida deklaratsiyalar imzolangan hatto, bunday daraja berilgan bitim jahon amaliyotida bo‘lmagan. O‘zi shundan boshqa bitim shart ham emas, chunki oliy darajadagi bitim u. Umuman, jozibador bitim va shartnomalar oldin ham bo‘lgan.

O‘zbekiston va Turkmaniston strategik sherikka aylanib bo‘lgan. 2017 yilda prezidentimiz tashrif buyurganda bitim imzolangan. Biz uchun barcha qo‘shni davlatlar strategik sherik maqomida va shunday hujjat imzolangan. Strategik sheriklik bitimi yuqori darajadagi ishonchni bildiradi va uzoq muddatli bo‘ladi. Tojikiston va Turkmaniston Cho‘lponota bitimiga imzo qo‘ymagani bilan uzoqqa ketib qolgani yo‘q, amalda ishlar bo‘lsa bo‘ldi.

Farhod Tolipov,
siyosatshunos

Yuqoridagi fikrlar Farhod Tolipovning Kun.uz saytiga bergan intervyusidan olingan.

Mavzuga oid