O‘zbekiston | 14:33 / 21.09.2023
4221
2 daqiqa o‘qiladi

8 oyda 39 ta holatda ovqatdan guruhli zaharlanish qayd etilgan

Ushbu zaharlanish holatlaridan 414 nafar fuqaro jabrlangan, ulardan 86 nafari bolalar.

O‘zbekistonda joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida 39 ta holatda ovqatdan guruhli zaharlanish qayd etilib, ularda 414 nafar fuqaro jabrlangan, jabrlanganlarning 86 nafari bolalardir. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, keyingi paytlarda respublika aholisi o‘rtasida umumiy ovqatlanish shoxobchalari, to‘yxonalar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shu jumladan, uy sharoitida tayyorlangan, sifatsiz mahsulotlarini iste’mol qilish bilan bog‘liq guruhli ovqatdan zaharlanish va “Botulizm” kasalliklari qayd etilishi ortib bormoqda.

Qayd etilgan ovqatdan zaharlanish holatlarining kelib chiqishi sabablari tahlil etilganda: 

aksariyat umumiy ovqatlanish obektlari, nodavlat ta’lim muassasalari oshxonalari sanitariya qoida va me’yorlari talablariga mos kelmagan holda faoliyat yuritayotgani (oshxonalar loyiha bo‘yicha qurilmagan, asosiy va yordamchi sexlar tashkil etilmagan, issiq suv bilan ta’minlanmagan va h.k.); 

oshxonalarning jihozlar bilan to‘liq ta’minlanmagan va mavjudlari esa ma’nan eskirgan yoki nosoz holatda ekani;

taom tayyorlash uchun sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari ishlatilishi;

umumiy ovqatlanish obektlari oshpazlarining ko‘pchiligi soha bo‘yicha o‘qimagani, ularning taom tayyorlash texnologiyalarini, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, tashish va realizatsiya qilish qoidalarini bilmasligi; 

aksariyat hollarda “Sanitariya minimumi” o‘quv kurslarida o‘qimagan,  sanitariya qoida va me’yorlari, epidemiyaga qarshi elementar talablarni bilmaydigan, tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan xodimlar ishga jalb etilayotgani aniqlangan.

Mavzuga oid