Jahon | 10:42 / 23.09.2023
9731
3 daqiqa o‘qiladi

ISW: «FSB» Rosgvardiyaning «Vagner» isyonidagi ishtirokini tekshirmoqda

«FSB» Rosgvardiya yuqori martabali amaldorlarining «Vagner» XHK isyonida ishtirok etgani ehtimolini tekshirmoqda, deb xabar beradi ISW «VChK-OGPU» Telegram-kanaliga tayanib. Aytilishicha, «vagnerchilar»ga go‘yoki Rosgvardiya omborlarida qurol yashirib qo‘yishga ruxsat berilgan.

Foto: Alexander Shcherbak/TASS/dpa/picture alliance

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati («FSB») Rossiya gvardiyasi (Rosgvardiya) yuqori martabali amaldorlarining Yevgeniy Prigojin va «Vagner» XHK isyonida ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda - bu haqda Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) 22 sentabr, juma kuni xavfsizlik kuchlariga yaqin bo‘lgan rus tilidagi «VChK-OGPU» anonim Telegram-kanaliga tayanib xabar berdi.

Ushbu kanaldagi ma’lumotda ta’kidlashicha, «FSB» Rosgvardiya mansabdor shaxslariga vagnerchilarga snaryadlar va jihozlarning «muhim qismini» Rossiya gvardiyasi omborlarida yashirishga ruxsat berganidan keyin tergov olib bormoqda. Bu kelishuvga isyon tugagandan so‘ng, XHK yollanma askarlari qurolsizlantirilishi kerak bo‘lgan paytda erishilgan. 

«VChK OGPU» Rosgvardiya poligonlaridan biri yaqinida, Kazachiy Stan aholi punkti hududida bunday «zaxira» yaratilganini «aniq biladi». Maxfiy joyga to‘rttagacha yirik konteynerda harbiy texnika olib borilgan, sxemani esa Rossiya gvardiyasi tomonidan general unvoniga ega bo‘lgan Roman ismli shaxs boshqargan, deyiladi ushbu Telegram-kanal ma’lumotida.

«Vagner» sobiq bo‘linmalari Rosgvardiyaga o‘tkaziladimi?

«ISW’ga ko‘ra, «Vagner» XHK isyonidan so‘ng Kreml darhol Rossiyaning ichki xavfsizlik apparatini Rosgvardiya atrofida birlashtirishga harakat qilgan», - deya ta’kidlanadi Urushni o‘rganish instituti sharhida. «Vagnerchilar»ning isyonidan keyin Rosgvardiya tanklar va og‘ir qurollarni qabul qilib olishi ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, 21 sentabr kuni Rossiya parlamentida Rosgvardiyaga o‘z tarkibida ko‘ngilli tuzilmalarga ega bo‘lishiga ruxsat beruvchi qonun loyihalari paketi ishlab chiqilgani ma’lum bo‘ldi. Qonun loyihasi mualliflaridan biri, «Yagona Rossiya» deputati Aleksandr Xinshteynning aytishicha, bu tashabbusning «Vagner» XHK sobiq bo‘linmalari Rosgvardiyaga o‘tkazilishi haqidagi mish-mishlarga «hech qanday aloqasi yo‘q». 

Mavzuga oid