O‘zbekiston | 19:18 / 27.09.2023
23687
8 daqiqa o‘qiladi

Avariyalarga sabab bo‘layotgan “hayvonlar”: yo‘l sinov maydoni emas

Uchquduq tumanida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan ikki mashinaning to‘qnashib ketishi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. YTH sodir bo‘lgan joyda yo‘l chetiga sigir maketi o‘rnatilgan. Ogohlantiruv maqsadida o‘rnatilgan bu kabi maketlar tungi vaqtlarda haydovchilar uchun xavfga aylanayotgan bo‘lishi mumkin. 

Foto: Kun.uz

“Navoiy-Zarafshon-Uchquduq” yo‘lining katta qismi cho‘l hududidan o‘tgan. Qizilqum cho‘lining bu qismida chorva mollari ko‘p uchraydi va ular erkin qo‘yib yuborilgan holda boqiladi. Shu sababli, kutilmaganda yo‘ldan qo‘y, ot, tuya yoki qoramol o‘tib qolishi hech gap emas. Bu esa haydovchilar uchun doim xavf bo‘lib kelgan.

Ushbu yo‘lda uy hayvonlari bilan bog‘liq avtohalokatlar ko‘p uchrab turadi. Ularning ayrimlari insonlarning o‘limi bilan yakunlangan

Shu sababli, mazkur yo‘lning cho‘l hududidan o‘tgan qismida uy hayvonlari shaklidagi o‘nlab maketlar o‘rnatib chiqilgan.

Ammo haydovchilarni ogohlantirish uchun o‘ylab topilgan bu “innovatsion” g‘oyaning foydasidan zarari ko‘p bo‘lishi mumkin.

“Qotil” maket

Hayvon ko‘rinishidagi maketlar haydovchilarni ogohlantirishdan ko‘ra ko‘proq chalg‘itadi. Bu chalg‘itish ayniqsa tungi vaqtlarda karrasiga oshadi: “hayvonlar” go‘yoki yo‘lga chiqib kelayotgandek holatda qo‘yilgan. Tabiiyki, unga ko‘zi tushgan haydovchida yo‘lga hayvon chiqib kelayapti, degan tasavvur uyg‘onadi. Haydovchi ongli ravishda hayvonni urib yubormaslik uchun undan qochish maqsadida rulni qarama qarshi tomonga buradi. Ayni shu vaziyatda qarama-qarshi tomonidan mashina kelayotgan bo‘lsa, to‘qnashuv sodir bo‘ladi.

Ikki kun oldin Uchquduq tumanida uch kishining o‘limi bilan yakun topgan YTH sodir bo‘ldi. Nexia haydovchisi kutilmaganda boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishida harakatlangan. Oqibatda ikki mashina to‘qnashib ketgan.

YTH sodir bo‘lgan joyda yo‘l chetiga sigir maketi o‘rnatilgan. 

Kun.uz’da mavjud bo‘lgan ma’lumotga ko‘ra, YTH sodir bo‘lgan joyda yo‘lning umumiy kengligi 15 metrni, qatnov qismining kengligi 9 metrni tashkil etadi. Yo‘lning ushbu oralig‘i shu yil may oyida ta’mirlangan. Demak, haydovchi kutilmaganda boshqaruvni yo‘qotishi uchun uchta variant bor: texnik nosozlik, uxlab qolish yoki nimadandir chalg‘ish. Bu boshqaruvni yo‘qotgan haydovchini sigir maketi chalg‘itgan bo‘lishi mumkin, degan taxminni yuzaga chiqaradi.  

“Innovatsion” ajal

Navoiyda yo‘lni tajriba maydoniga aylantirish oddiy hol: yangi “innovatsiya” o‘ylab topiladi va mutaxassislar xulosasi olinmasdan, ekspertlar fikri o‘rganilmagan holda darhol yo‘lda sinab ko‘riladi. Haydovchilar esa bevosita mazkur “tajriba” ishtirokchilariga aylanadi.

Masalan, 2022 yilning noyabr oyi boshida “Navoiy-Zarafshon-Uchquduq” yo‘lining kimsasiz cho‘l zonasida yo‘l chetiga antiqa maket o‘rnatildi. U ko‘p hollarda ajalni tasvirlashda ishlatiladigan ko‘rinish – qo‘lida katta cholg‘i tutgan, qora kiyimli odam shaklida edi. Ushbu maket o‘sha kuniyoq ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

E’tirozlar o‘rinli edi: kimsasiz cho‘l hududida yarim tunda mashina haydab kelayotgan haydovchi ushbu maketga ko‘zi tushib, qo‘rqib ketishi tabiiy. Kutilmaganda kelgan qo‘rquv esa katta tezlikda mashina boshqarib kelayotgan insonni chalg‘itib, avariya holatini yuzaga keltirishi hech gap emas.

E’tirozlardan so‘ng “ajal” maketi olib tashlandi.

“Yo‘l belgilari bor, maketga hojat yo‘q”

Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi ekspert Nosirjon Zokirovga ko‘ra, uy hayvonlari ko‘rinishidagi maketlar haydovchilarni tun vaqtida chalg‘itishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risida o‘qidim. Yana o‘sha standart formulirovka – haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi harakatlanish tomoniga o‘tib ketgan va ro‘paradagi transport vositasi bilan to‘qnashgan. Natijada uch nafar yo‘lovchi hayotdan ko‘z yumgan.

Mazkur to‘qnashuv sodir bo‘lgan joydan olingan fotosuratda yo‘lning chetiga o‘rnatilgan sigir maketini ko‘rish mumkin. Savol – bu nima? Nima uchun bunday maket o‘rnatilgan? Qaysi normativ-huquqiy hujjatda birorta hayvonning maketini o‘rnatish belgilangan? Shu kabi o‘rnatilgan maketlar haydovchilarni, ayniqsa sutkaning qorong‘i vaqtida chalg‘itmaydimi?

Aslida amaldagi yo‘l harakati qoidalarida ogohlantiruvchi belgilar guruhiga mansub bo‘lgan 1.24, ya’ni “Mol haydab o‘tish” belgisi mavjud. Demak, uy hayvonlari yo‘lni kesib o‘tish mumkin bo‘lgan joylardan oldin haydovchilarni ogohlantirish maqsadida shu yo‘l belgisi o‘rnatilishi kerak. Yoki yovvoyi hayvonlar yo‘lni kesib o‘tishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy joylar oldidan 1.25 – “Yovvoyi hayvonlar” belgisi o‘rnatiladi. Agar mazkur ogohlantiruvchi belgilar talab darajasida o‘rnatilsa, boshqa hech qanday maketlarni o‘rnatishga hojat qolmaydi.

Qolaversa, yo‘l belgilarining tashqi sirti yorug‘lik qaytaruvchi element bilan qoplanganligi bois uni uzoq masofadan ko‘rish imkoniyati mavjud bo‘ladi”, deydi Nosirjon Zokirov.

Ekspertning qo‘shimcha qilishicha, yo‘llarning xavfsiz infratuzilmasini yaratishda hech qanday mayda-chuyda, e’tibordan chetda qoladigan narsalar mavjud emas. Yo‘l belgilari va chiziqlarining yetishmasligi, yo‘llarning yoritilmaganligi, o‘rnatilgan svetoforlarning yaxshi ko‘rinmasligi qatorida, yo‘llarda o‘rnatiladigan, haydovchilarni chalg‘itadigan har xil pannolar, reklamalar va maketlar yo‘l-transport hodisalarini keltirib chiqarishi mumkin.

Tunda xavfga aylanadi 

Tunda haydovchining yo‘lni ko‘rish imkoniyati cheklanadi. Ayniqsa, “Navoiy-Zarafshon-Uchquduq” yo‘li asosan cho‘l hududidan o‘tganligi sababli sun’iy yoritilmaydi.

IIV JXD YHX xizmatining ma’lum qilishicha, tunda haydovchi yo‘ldan o‘tayotgan piyodaning kiygan kiyimiga qarab turli masofada ko‘rishi mumkin. Bu masofa qora rangli kiyimda 18 metrni, qizil rangli kiyimda 24 metrni, sariq rangli kiyimda 37 metrni, oq rangli kiyimda esa 55 metrni tashkil qiladi.  

Demak, sun’iy yoritilmagan cho‘l hududida yarim tunda mashinasini katta tezlikda boshqarayotgan haydovchi yo‘l chetida o‘rnatilgan hayvon maketini nari borsa 30-40 metr masofadan ilg‘ashi mumkin. Ayniqsa, maket shu turdagi hayvon saksovul orasidan chiqib kelayotgani kabi o‘rnatilgan bo‘lsa, haydovchi shoshib qolib, keskin tormoz berishi yoki avariyali holatni yuzaga keltirishi hech gap emas.

Xorij davlatlari yo‘llarida ham Navoiydagi kabi uy hayvonlari maketi deyarli uchramaydi. Kutilmaganda yo‘lni uy hayvonlari kesib o‘tishi mumkin bo‘lgan hududlarda ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatiladi xolos.

Aslida, shuning o‘zi yetarli. Ortiqcha “innovatsiya” tungi vaqtda, ayniqsa sun’iy yoritilmaydigan cho‘l zonasida haydovchini faqatgina chalg‘itishi yoki qo‘rqitishi mumkin.   

Ruslan Saburov
Kun.uz

Mavzuga oid