Jahon | 16:44 / 02.10.2023
34738
6 daqiqa o‘qiladi

Budjet tasdiqlanmasa, xarajat ham bo‘lmaydi: AQShdagi shatdaunlar haqida

Kuni kecha AQSh hukumatining faoliyati to‘xtab qolishiga bir baxya qoldi. Eng so‘nggi daqiqalarda qabul qilingan qonun bilan, shatdaunning oldi olindi. Xo‘sh, shatdaun o‘zi nima degani va u nega faqat Qo‘shma Shtatlarda ro‘y beradi?

Kevin Makkarti shanba kungi matbuot anjumanida / Foto: Haiy Jiang / NYT

30 sentabr, shanba kuni AQSh hukumati federal shatdaunga yopilishdan qutulib qoldi. Budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha muhokamalar bir necha haftaga cho‘zilib, moliya yilining oxirgi kuniga kelibgina qabul qilindi.

The Hill'ning yozishicha, budjet bo‘yicha kelisha olmayotgan Amerika qonunchilarida shanba kuni tongda shatdaun ro‘y berishiga ishonch yuqori edi. Lekin shu kuni Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Kevin Makkarti kutilmaganda o‘zining qat’iy pozitsiyasiga ega partiyadoshlariga qarshi taklifni ilgari surib, voqealar rivojida burilish yasadi.

Tasdiqlangan va 1 oktyabrdan 17 noyabrgacha amal qiladigan budjet to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, hukumat organlarini avvalgidek darajada moliyalashtirish davom etadi (shatdaun bo‘lmaydi), tabiiy ofatlarga qarshi kurashish uchun 16 mlrd dollar ajratiladi. Murosaga kelish uchun demokratlar Ukrainaga hozircha qo‘shimcha yordam ajratmay turishga ko‘nishga majbur bo‘ldi, respublikachilar esa xarajatlarni qisqartirish talabidan vaqtincha voz kechdi.

Qonun loyihasi kun davomida Vakillar palatasi va Senatdan o‘tib, prezident Jo Bayden tomonidan 1 oktyabrga o‘tar kechasi imzolandi.

“Men hukumatning 47 kun davomida ochiq qolishini ko‘zda tutiladigan qonunni hozirgina imzoladim. Keyingi moliya yili uchun hukumatni moliyalashtirishga oid qonunlarni qabul qilishga yetarlicha vaqt bor va men Kongressni hoziroq ish boshlashga qat’iyan chaqiraman”, – deb yozdi Bayden Vashinton vaqti bilan soat 23:28da X tarmog‘iga joylangan postida.

Prezidentning qonunchilarga qaratilgan bunday “qat’iy” chorlovi bejiz emas. Agar keyingi 7 hafta davomida Kongress 2023 yilgi moliya yili budjeti bo‘yicha murosaga kela olmasa, federal hukumat yana shatdaun tahdidi ostida qoladi.

Shatdaun nima?

AQShda davlat budjeti xalq vakillari – kongressmenlar tomonidan tasdiqlanmay turib, davlat xarajatlari qilinmaydi. Shuningdek, tasdiqlangan xarajatlarning belgilangan limitlardan tashqariga chiqishi uchun ham oldindan Kongressning roziligi talab etiladi. Kongressda esa demokratlar va respublikachilar har doim ham budjet pullarini qayerga ishlatish bo‘yicha tezgina bir to‘xtamga kelavermaydi.

Agar muhokamalar natijasida baribir kelishuvga erishilmasa, shatdaun ro‘y beradi – federal organlar o‘zlarining faqat bazaviy funksiyalarini bajarishga o‘tadi, fuqarolar esa ko‘plab davlat xizmatlaridan foydalana olmaydi.

Shatdaun vaqtida 1,5 millionga yaqin davlat xizmatchici yo haq to‘lanmaydigan ta’tilga chiqariladi, yoki maosh olmagan holda ishlashda davom etadi.

Agar shanba kuni qonunchilar murosaga kela olmaganida, AQShda oxirgi 50 yil ichida 22-marta shatdaun ro‘y bergan bo‘lardi. Endilikda bo‘linishga sabab bo‘layotgan asosiy masalalar – Ukrainaga yordam, xarajatlarni qisqartirish, chegara siyosatidagi o‘zgarishlar bo‘yicha bahslar uchun ularning ixtiyorida yana 47 kun bor.

Qo‘shma Shtatlarda “budjetsiz kunlar” oxirgi marta 2018 yil oxirida ro‘y bergan, o‘shanda 36 kun davom etgan shatdaun tarixdagi eng uzog‘i bo‘lgandi. Bunga sobiq prezident Donald Tramp va respublikachilarning Meksika bilan chegarada devor qurmoqchi bo‘lgani asosiy sabab bo‘lgan.

Shatdaunlar nega faqat AQShda bo‘ladi?

Dunyoning katta qismida ijro hokimiyati faoliyatining keng miqyosda to‘xtab qolishiga juda yomon yangilik deb qaraladi, chunki bunday holat inqiloblar, urushlar yoki epidemiyalar vaqtida ro‘y berishi mumkin. Lekin dunyodagi eng qudratli davlat bo‘lmish AQShda emas. Bu jihatdan Qo‘shma Shtatlar dunyoda o‘xshashi yo‘q davlatdir.

Gap shundaki, AQShda turli siyosiy partiyalar hukumat organlarining faoliyatini nazorat qilib borish bo‘yicha katta vakolatlarga ega. Bunday tizim Amerika davlatining asoschilari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan. Bu mexanizm 1884 yilda qabul qilingan moliyaviy taqchillikka qarshi qonun bilan mustahkamlangan. Unga ko‘ra, davlat organlari o‘z xarajatlarining parlament tomonidan joriy moliya yili uchun ruxsat berilgan miqdordan oshib ketishiga olib keladigan shartnomalar tuzishi mumkin emas.

1980 yilda, prezident Jimmi Karter davrida bu qonunning mazmunini toraytirilgan tarzda talqin qilishga o‘tilgan: budjet yo‘qmi, xarajat ham yo‘q.

Natijada 1981 yildayoq birinchi shatdaun ro‘y bergan: prezident Ronald Reygan budjet to‘g‘risidagi qonunga veto qo‘llagan. Federal hukumat faoliyatidagi uzilish jamoatchilik tomonidan qonunchilarga qo‘shimcha bosim yuklagan. O‘shandan buyon o‘tgan 42 yil ichida 21 marta shatdaunlar ro‘y berib, ularning eng qisqasi yarim kun, eng uzog‘i esa yuqori aytilganidek 36 kun davom etgan.

Dunyoning boshqa davlatlarida bunday holatning ro‘y berishi deyarli imkonsiz. AQShdan boshqa eng barqaror demokratiyalarda asosan parlamentar tizim amal qiladi, ya’ni ularda ijroiya va qonun chiqaruvchi hokimiyatlarni bitta partiya yoki koalitsiya nazorat qiladi. Nazariy jihatdan, parlament bosh vazir taqdim etgan budjet loyihasini rad etishi mumkin, lekin bu voqea davlat organlari faoliyatining to‘xtab qolishiga emas, yangi saylovlarga ko‘proq ishora qiladi.

Shunday holat 2011 yilda Kanadada ro‘y bergan. Ko‘pchilikka o‘ringa ega muxolif partiyalar o‘sha paytdagi bosh vazir Stefan Harperning konservativ partiyasi taqdim etgan budjet loyihasini rad etib, unga ishonchsizlik votumini e’lon qilgan va navbatdan tashqari saylovlar chaqirilgan. Bularning barchasi ro‘y bergan vaqtda hukumat o‘z faoliyatini doimiy rejimda davom ettirayotgandi.

Mavzuga oid