Nuqtayi nazar | 17:43 / 02.10.2023
172838
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika. Eng muhimi – islohotning qanday qilinishi

AQShning Viskonsin universiteti doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimovning Kun.uz'ga bergan intervyusidagi ayrim tezislar.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonning keyingi rivojlanishi, aholining hayoti, turmush tarzi sifati oshishi uchun energetika islohoti juda kerak. Bu narsa qanchalik tez qilinsa, shunchalik yaxshi. Biz sobiq ittifoq paytidagi narxlarni belgilash tizimida qolib ketdik, afsuski, buning asoratlari qimmat va og‘riqli bo‘ldi.

Biz bilmaydigan narsa: energetikadagi muammolar sabab qancha ko‘p bizneslar yaratilmay qoldi, qancha ko‘p tadbirkorlik sub’yektlari o‘smay qoldi. 32 yildan beri shu islohot qilinmagan va u agar qilinganida qanchalik boyroq bo‘lardik, qanchalik tez o‘sgan bo‘lardik degan savol iqtisodchi sifatida meni qiynaydi.

***

Islohot qilish kerakmi, kerak, tez qilish kerakmi, kerak, lekin qanday qilish masalasi ham muhim.

Hozir men Energetika vazirligining strategiyasidan xabardor emasman. Bu sanada mana bunday tarif qilamiz, bu sanada bozorga o‘tiladi degan yo‘l chizib berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki har bir narx oshirilishi – olqishlanib kutib olinadigan narsa emas. Agar hozir narxni chala oshirib, bozor tamoyiliga o‘tmasdan islohot qila olishmasa, 4 yildan keyin eski hammom, eski tosga qaytamiz. Yana bir marta narxni oshirishga to‘g‘ri keladi, narx mana buncha edi, endi mana buncha bo‘ldi, deb.

***

Agar hozir davlat monopoliyasi xususiy monopoliyaga aylantirib qo‘yilsa, bu yaxshilikka olib kelmaydi. Chunki iste’molchilarga yetkazib berish qismi baribir davlatda qoladi. Shuning uchun bu masala zargarona diqqat bilan qilinishi kerak. Bu borada antimonopol organ fikrlashi kerak, qanday qilib raqobatni yo‘lga qo‘yamiz deb o‘ylashi kerak.

Xususiylashtirilsa, narx tushadi degan gap yo‘q. Davlat bilan energetika korxonalari inflatsiya+X% qilib kelishsa, o‘shanda energetika korxonalari ham xarajatlarimni kamaytirsam, topgan pulim o‘zimga qoladi, deb o‘ylay boshlaydi. Bu yerda bitta yechim emas, hamma yechimni birga qilib ko‘rish kerak.

Behzod Hoshimov,
iqtisodchi

Yuqoridagi fikrlar Behzod Hoshimovning Kun.uz'ga bergan intervyusidan“Nuqtayi nazar” rukni uchun ajratib olindi.

Mavzuga oid