Iqtisodiyot | 20:31 / 06.10.2023
24925
2 daqiqa o‘qiladi

Humo kartalari ishlashida bir necha kunlik nosozliklar kuzatildi

Markaziy bank vaziyatdan xabardor ekanini ma’lum qilib, to‘lov tizimi operatorini zarur choralar ko‘rishga chaqirdi. Kompaniya o‘z bayonotida nosozlik faqat onlayn to‘lovlar va pul o‘tkazmalariga taalluqli ekani, terminallar va bankomatlardagi amaliyotlar bo‘yicha muammo bo‘lmaganini bildirdi.

Foto: Humocard.uz

So‘nggi kunlarda Humo kartalari egalari tizim ishlashi bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda.

To‘lov tizimi bu boradagi ilk axborotini 4 oktyabr, chorshanba kuni e’lon qildi. Rasmiy relizda SMS-xabarnoma xizmatidagi muammo sabab “aksariyat Humo kartalari foydalanuvchilari” mobil ilovalarida to‘lov va pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani tasdiqlandi va bu borada mutaxassislar ish olib borayotgani aytildi. Shu kuni kompaniya SMS-xabarnoma bilan bog‘liq “barcha nosozliklar bartaraf etilgani”ni ma’lum qilib, noqulaylik uchun mijozlardan uzr so‘radi.

5 oktyabr kuni Humo yana bir bayonot chiqarib, muammo “faqat bank va to‘lov ilovalarida” kuzatilgani, “Humo terminallari va bankomatlariga ta’sir qilmagani”ni bildirdi hamda foydalanuvchilarni terminal ishlamayotganini aytgan sotuvchilar ustidan soliq organlariga shikoyat qilishga chaqirdi.

Markaziy bankning 6 oktyabr kungi axborotida aytilishicha, Humo kartalarining “ayrim foydalanuvchilari” to‘lovlarni amalga oshirishda, shuningdek, mobil ilovalar orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Qayd etilishicha, kompaniya MBni bu vaziyatdan xabardor qilib, hodisa sabablarini aniqlash uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilayotganini bildirgan. O‘z navbatida, Markaziy bank vaziyatni barqarorlashtirish uchun zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar bergan.

Mavzuga oid