O‘zbekiston | 20:40 / 06.10.2023
5110
2 daqiqa o‘qiladi

O‘qishga kiritib qo‘yitish bilan bog‘liq bir qancha firibgarliklar aniqlandi 

Samarqand, Surxondaryo va Toshkentda o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, fuqarolardan pul olgan shaxslar ushlandi. 

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan N.M. boshqa fuqarolar ishonchiga kirib, ularning farzandlarini go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga jami 8 ming dollar va 43,5 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan. 

Shuningdek, yana bir tezkor tadbirda Sh.S. boshqa fuqaroni tanishlari yordamida Toshkent shahridagi Renessans xususiy oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 2 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda M.E. boshqa fuqaroga Rossiya yoki Tojikistondagi oliy o‘quv yurtida o‘qiganligi haqida hujjatlar rasmiylashtirib berish orqali Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 8 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid