Jahon | 09:42 / 06.10.2023
8342
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjonda Qorabog‘ning ikki sobiq «prezidenti» qamoqqa olindi

Qorabog‘ sobiq rahbarlari Ozarboyjon harbiy operatsiyasidan keyin qo‘lga olingandi.

Foto: AP

Ozarboyjon sudi Qorabog‘ning sobiq «prezidentlari» Bako Saakyan va Arkadiy Gukasyan, shuningdek, «parlament sobiq rahbari» David Ishxanyanni to‘rt oyga qamoqqa oldi, deb xabar berdi APA Ozarboyjon agentligi 5 oktyabr, payshanba kuni.

Hibsga olinganlarga qanday ayblovlar qo‘yilgani aytilmagan. Arkadiy Gukasyan 1997-2007 yillarda Qorabog‘ rahbari bo‘lgan, Bako Saakyan uning o‘rniga 2020 yilgacha rahbarlik qilgan. David Ishxanyan 2023 yil avgustidan buyon «TQR» milliy assambleyasi raisi lavozimida ishlagan.

Har uchalasi ham Ozarboyjon Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olingan va 3 oktyabr kuni Bokuga olib ketilgan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining yetti moddasi, xususan, terrorizm, terrorizmni moliyalashtirish, terrorizm maqsadida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish, noqonuniy qurol-yarog‘ olish va saqlash, noqonuniy qurolli guruhlar tuzish bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Maxsus xizmatning bildirishicha, har uchalasi ham 4 oy muddatga hibsga olingan. 

Ozarboyjonning Qorabog‘dagi harbiy operatsiyasi 

Bokuning Qorabog‘dagi harbiy amaliyoti 19 sentabr kuni boshlandi. Ertasi kuni o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi va 28 sentabrda tan olinmagan Qorabog‘ Respublikasi «prezidenti» Samvel Shahramanyan 2024 yil 1 yanvardan uning mavjudligini tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Qorabog‘ hududini deyarli barcha arman aholisi tark etdi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, respublikada 100 ming etnik armandan mingga yaqini qolgan.

Qorabog‘dagi harbiy operatsiyadan so‘ng Ozarboyjon kuchlari tan olinmagan respublika sobiq rahbarlarini qo‘lga olishni boshladi.

Mavzuga oid