O‘zbekiston | 16:34 / 06.10.2023
11177
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Mishustin bilan muzokara o‘tkazdi

RFga rasmiy tashrif doirasida Moskvaga borgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin bilan muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuv Rossiya hukumatining muvofiqlashtirish markazida bo‘lib o‘tdi.

Ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari uchinchi Hududlararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va o‘tkazilgani, uning yakunida ikki mamlakat hududlari o‘rtasida 3,5 milliard dollarlik hujjatlar imzolanganini olqishladi.

Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun qo‘shma Ishchi guruhi tuzilgan.

Raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalarida hamda O‘zbekistonda elektron savdoni joriy qilish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat hududlarining amaliy sherikligini yanada rivojlantirish va uni aniq loyihalar bilan boyitish uchun keng imkoniyatlar borligi qayd etildi.

Shaharsozlik, uy-joy fondini renovatsiya qilish sohalarida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Rossiya hukumati raisini rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelishga taklif etdi.

So‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Hukumatining Muvofiqlashtirish markazi bilan tanishdi.

Mixail Mishustin davlatimiz rahbariga ijro hokimiyati organlarining tezkor va kelishilgan harakatlarini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu doimiy faoliyat yurituvchi idora faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot berdi.

Mavzuga oid