Jahon | 13:10 / 08.10.2023
19642
9 daqiqa o‘qiladi

Ruzveltdan Gorbachyovgacha – Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini kimlar olgan? 

1901-2023 yillar oralig‘ida Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga 111 nafar shaxs sazovor bo‘lgan. Ular safida prezidentlardan tortib qamoqda saqlanayotgan inson huquqlari faollarigacha bor. Mukofotga loyiq ko‘rilganlarning hammasini tinchlikka hissa qo‘shgan deb bo‘lmaydi: Nobel tarixida urush va qatliom uyushtirgan laureatlar ham yo‘q emas. Ana shunday ikki holat oxirgi o‘n yillikda sodir bo‘lgan. 

Fotokollaj: Kun.uz

Prezidentlardan bolaparvar o‘smirgacha

Tinchlik uchun Nobel mukofoti birinchi marta 1901 yilda berilgan. Uning laureatlari Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi asoschisi, shveysariyalik tadbirkor va jamoat arbobi Anri Dyunan hamda «Tinchlik va erkinlik ligasi» patsifistik tashkiloti asoschisi, fransuz siyosatchisi Frederik Passi bo‘lgan. 

O‘tgan 122 yil davomida Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga 111 nafar shaxs sazovor bo‘lgan. Ularning 19 nafari ayollar.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti birinchi va ikkinchi jahon urushi yillarida, shuningdek, boshqa yillarda turli sabablar tufayli 19 marta topshirilmagan.

Mukofotga eng ko‘p – 21 marta AQSh, 10 marta Buyuk Britaniya hamda 9 marta Fransiya fuqarolari loyiq ko‘rilgan. Uni eng kichik yoshda (17 yoshda) qo‘lga kiritgan laureat pokistonlik Malala Yusufzay hisoblanadi. U bolalar va yoshlarning zulmiga qarshi kurashgani uchun mukofotga munosib topilgan.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritganlar orasida prezidentlar ham bor. Jumladan, 1906 yilda mukofot Yaponiya va Rossiya o‘rtasida boshlangan urushni tugatishdagi roli uchun o‘sha payti AQSh prezidenti bo‘lgan Teodor Ruzveltga topshirilgan. 1990 yilda esa Sharq va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarning tub o‘zgarishidagi roli uchun mukofotga SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyov loyiq ko‘rilgan. Bundan tashqari, 2009 yil o‘sha vaqtdagi AQSh prezidenti Barak Obama ham Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan. Unga mukofot xalqaro diplomatiya va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari uchun berilgan.

Nobel mukofoti laureati boshlagan urush

2019 yilda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti «tinchlik va xalqaro hamkorlikka erishish bo‘yicha sa’y-harakatlari, xususan, Eritreya bilan chegaradagi nizoni bartaraf qilishda ko‘rsatgan qat’iy tashabbusi» uchun Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad Aliga topshirilgan. Ammo 2020 yilning noyabr oyida aynan u boshlagan urush – Efiopiya federal qo‘shinlarining Tigray xalq ozodlik fronti kuchlariga hujum qilishi oqibatida yuzlab kishilar halok bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda mahalliy tigray xalqining 500 ga yaqin harbiylari to‘qnashuv qurbonlariga aylangan hamda Efiopiya armiyasi ham yuzlab askarlaridan ayrilgan.

Ikki o‘rtadagi nizo harbiy to‘qnashuvga aylangan va Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad Ali urush e’lon qilgan. 

Tigray xalq ozodlik fronti uzoq yillar davomida isyonchilar harakati sifatida faoliyat yuritgan, keyinroq siyosiy partiyaga aylangan. 2020 yil sentabrda Tigray ma’muriyati markaziy hukumat ruxsatisiz mahalliy saylovlar o‘tkazgan.

“Qahramon” o‘tkazgan qatliom

Yaqin o‘tmishda Myanma voqealari dunyo hamjamiyatining e’tiborini o‘ziga tortgandi. Myanma voqealari rohinjalarning o‘ldirilishi va quvilishi bilan bog‘liq. Ushbu ishlarda esa Myanma davlat maslahatchisi Aun San Su Chjining qo‘li borligi aytiladi. 

Aun San Su Chji bundan ancha oldin qahramon ayol sifatida dunyo e’tiboriga tushgandi. 1991 yilda unga “demokratiya va inson huquqlari uchun zo‘ravonliksiz kurashi” sabab Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti berilgan. Ammo “rohinjalar ishi” uning xalqaro maydondagi obro‘sini tushirib yubordi.

2010 yillar o‘rtalarida Myanmada rohinjalar va arakanlar (islom va buddizmga e’tiqod qiluvchi etnik guruhlar) o‘rtasida to‘qnashuvlar kuchaydi. 2016 yildan Myanma armiyasi ularning nizolariga ochiqchasiga aralasha boshladi. 

Myanma hukumatining harakatlari G‘arbning keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi. 2017 yil martda rohinjalar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish uchun komissiya tuzishga qaror qilindi, ammo Myanma xalqaro inspektorlarni mamlakatga kiritishdan bosh tortdi.

2018 yilning 25 avgustida BMT Myanma harbiylari qatliom maqsadida musulmon rohinja xalqini ommaviy ravishda qirgani va zo‘rlaganini ma’lum qildi. Hujjatda qayd etilishicha, davlat maslahatchisi Aun San Su Chji boshchiligidagi fuqarolik hukumati kamsonli xalqqa nisbatan nafrat targ‘ibot qilinishiga ruxsat bergan, hujjatlarni yo‘q qilgan va rohinjalarni harbiylarning ularga qarshi jinoyatlaridan himoya qilmagan. Hukumat shu tarzda yovuzliklarga o‘z hissasini qo‘shgan.

Bu voqealar Aun San Su Chjiga bo‘lgan munosabatni keskin o‘zgartirdi. Tanqidchilar u inson huquqlari uchun kurashuvchi shaxs sifatidagi obro‘si va nufuzini yo‘qotganini qayd etishdi.

2018 yilning 3 oktyabr kuni Aun San Su Chji Myanmada rohinjalarning qatliom qilinishiga befarq bo‘lgani uchun Kanadaning faxriy fuqarosi unvonidan mahrum etildi – bu unvon unga 2007 yilda berilgandi.

Myanma yetakchisini tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotidan ham mahrum qilish taklif etilgandi, ammo Nobel qo‘mitasi bunday qilinmasligini bildirdi. Nobel jamg‘armasi ijrochi direktori Lars Xaykensten Aun San Su Chji Myanmada sodir bo‘lgan voqealarda qisman aybdor ekanini va bu «o‘ta qayg‘uli» holatligini bildirdi, ammo undan mukofotni olib qo‘yishdan ma’no ko‘rmayotganini aytdi.

Mahkum laureatlar

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti tarixida 5 nafar laureat mukofot e’lon qilingan paytda hibsda bo‘lgan. Ulardan biri yuqorida ismi keltirilgan Aun San Su Chji hisoblanadi. U mukofotni qo‘lga kiritganida uy qamog‘ida edi.

Karl fon Osetskiy – nemis jurnalisti. 1935 yilda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Osetskiyga beriladi. Biroq u o‘sha paytda hibsda saqlanayotgandi. 

“Die Weltbühne” jurnalining bosh muharriri sifatida ishlagan Osetskiy 1931 yilda davlatga xiyonat va josuslikda aybdor deb topilib, qamoq jazosiga hukm qilingan, ammo 1932 yil dekabrda avf etilgan.

Natsistlar hokimiyat tepasiga kelganidan keyin Osetskiy ularni faol tanqid qila boshlaydi. 1933 yilda Reyxstagdagi yong‘indan keyin u yana hibsga olinadi. Turli qiynoqlardan so‘ng Osetskiy 1938 yilda Berlin kasalxonasida sil kasalligidan vafot etgan.

Lyu Syaobo – xitoy yozuvchisi, inson huquqlari faoli, faylasuf. Lyu Syaobo inson huquqlari uchun uzoq va zo‘ravonliksiz kurashi uchun 2010 yilda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan.

Xitoyda kommunistik bir partiyaviy boshqaruvni tugatish kampaniyalarida qatnashgan Lyu Syaobo ko‘p marta hibsga olingan.

2009 yilda Lyu Syaobo davlat to‘ntarishiga urinish ayblovi bilan navbatdagi bor qamoqda tashlanadi. 2017 yil iyun oyida u jigar saratoni tufayli ozodlikka chiqarildi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay – 2017 yil 13 iyul kuni Lyu Syaobo 62 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

Ales Belyatskiy – belaruslik huquqbon. U ko‘p yillar mobaynida Lukashenko rejimiga qarshi kurashgan, siyosiy mahbuslar huquqlarini himoya qilib kelgan. 

2022 yil Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga Rossiyaning «Memorial» huquqni himoya qiluvchi tashkiloti, Ukrainaning «Fuqarolar erkinligi markazi», shuningdek belaruslik huquq himoyachisi, «Vesna» huquqni himoya qilish markazi raisi Ales Belyatskiy loyiq ko‘rilgan.

Belyatskiy 2011 yil avgust oyida ilk bor hibsga olingan va 2014 yilning iyunida amnistiya tufayli ozodlikka chiqdi. 

2021 yilning 14 iyulida uni va yana o‘nlab huquq himoyachilarini yana hibsga olishdi. Belarus davlat ayblovchisi Ales Belyatskiyga «Vesna» ishi bo‘yicha 12 yil qamoq jazosi so‘radi. Shu tariqa Belyatskiy Minsk sudi tomonidan 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Nargis Muhammadiy – eronlik huquq himoyachisi.

Ayollar huquqlarini himoya qilgan va mamlakat hukumati tomonidan qamalgan eronlik huquq faoli Nargis Muhammadiy 2023 yil uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritdi. Nargis Muhammadiy 2016 yilning may oyida Tehronda “o‘lim jazosini bekor qilish tarafdori bo‘lgan inson huquqlari harakati”ni tashkil etgani va unga rahbarlik qilgani uchun 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Mavzuga oid