Iqtisodiyot | 14:39 / 09.10.2023
34764
8 daqiqa o‘qiladi

Energoregulyator nima?

O‘zbekistonda 2024 yildan energetika bozori regulyatori faoliyat boshlaydi. Xo‘sh, u qanaqa vazifani bajaradi? U nima uchun mustaqil bo‘lishi kerak? Progressiv islohotlar markazi eksperti Rahmatilla Ubayev Kun.uz'ga bergan intervyusida ayni savollarga javob berdi.

Foto: Anton Petrus / Getty Images

O‘zbekistonda 2024 yildan energetika bozori regulyatori – Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi faoliyat yurita boshlaydi. Agentlik faqat elektr energiyasi bozori bo‘yicha vakolatli organga aylanadi, ya’ni uning faoliyati tabiiy gaz sohasiga taalluqli bo‘lmaydi. Regulyator faoliyati davomida Vazirlar Mahkamasiga hisobdor bo‘lishi belgilandi.

Butun dunyoda regulyatorlar qanday ishlashi va bunday organ O‘zbekistonga nega kerakligi haqida Kun.uz savollariga Progressiv islohotlar markazi eksperti Rahmatilla Ubayev javob berdi.

Buyuk Britaniya tajribasidan misol

— Energoregulyator dunyoning ko‘pgina davlatlarida bor. Rivojlangan davlatlardan biri – Buyuk Britaniya tajribasidan misol keltirsam, bu davlatda o‘tgan asrning 80-yillarida bizga o‘xshagan muammolari bo‘lgan: monopoliya, sohada nazoratning yo‘qligi, energetika xarajatlarining oshib ketishi va aholiga energetika sifatli va o‘z vaqtida yetib bormasligi yoki uzilishi. Avval mamlakatda elektr energiyasida alohida, gaz sohasida alohida regulyator bo‘lgan. Mamlakatda energiya hosil qilish ham, iste’molchilarga yetkazib berish ham davlat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgani uchun sohada raqobat bo‘lmagan. Natijada kamchiliklar yuzaga kelgan.

90-yillarda “Ofgem” degan regulyator tashkil qilingan. Unga ko‘proq vakolatlar berilgan: u bozordagi sharoitni yaxshilashi va energiya resurslarini ishlab chiqarishda ham, yetkazib berishda ham, xususiy biznesning bozorga kirishini ta’minlaydigan muhit tashkil qilib berishi kerak edi. Unga narx siyosatini yuritish vakolatlari ham berilgan. Shundan keyin bozorda boshqa tashkilotlar paydo bo‘la boshladi. Natijada aholi to‘laydigan tariflarda narxlarning pasayishi kuzatildi.

Raqobat bo‘lganidan keyin aholi ta’minotchilarni tanlay olgan. Misol uchun, siz bitta energiya yetkazib beradigan tashkilot xizmatidan foydalansangiz, uning xizmatlari sizga yoqmasa, undan yaxshiroq xizmat ko‘rsatadigan va arzonroq narx taklif qiladigan korxonaga o‘zgartira olgansiz. Raqobat bo‘lgani uchun yetkazib beruvchilar mijoz uchun kurashib, yanada rivojlangan.

“Energoregulyator mustaqil bo‘lishi kerak”

— Energiya regulyatorlari mintaqaviy assotsiatsiyasi (ERRA) bor va unga 20dan oshiq davlat a’zo. Mamlakatlar unga a’zo bo‘lishda davom etyapti. Tadqiqotlarni ko‘rsangiz, regulyatorning mustaqilligi muhim omil sanaladi. Assotsiatsiyaga a’zo davlatlarning aksariyatida ham regulyatorlar mustaqil. Mustaqil deganda u biror vazirlik, tashkilot yoki idoraga qaram bo‘lmasdan parlament yoki prezidentga hisobdor bo‘lishini tushunamiz.

Yevropa mamlakatlarida asosiy talab – regulyator parlament yoki davlat rahbariga hisobdor bo‘lishi shart. Regulyatorlarning ishlashi davlatdan davlatga farqlanadi, ayrim davlatlarda regulyatorlar mustaqil emas.

Energoregulyator energiyani hosil qiladigan va yetkazib beradigan tashkilotlarga ma’lum shartlar va o‘z qoidalari asosida litsenziya beradi. Ular qonun-qoidalarga bo‘ysunmasa, regulyatorda litsenziyani bekor qilish huquqi bo‘ladi. Iste’molchilarga energiya yetkazib berishda kamchilikka yo‘l qo‘ysa, ogohlantirishi va jarimalar qo‘llashi mumkin.

Ba’zi mamlakatlarda regulyator tartibga soladigan sohasiga oid qonunchilik jarayonlarini o‘z tashabbusi orqali boshlash va tegishli normativlarni o‘zi qabul qilish (tasdiqlash) huquqiga ega. Ba’zi mamlakatlar, masalan, Chexiya yoki Polshani misol qilsak, Yevropa davlati bo‘lsa ham ulardagi regulyatorlar o‘z tashabbusi bilan normativ ishlab chiqib, tasdiqlay olmaydi.

“Narx siyosatini yuritadi”

— Ularning yana bir asosiy vazifasi – narx siyosatini belgilash. Ba’zi davlatlarda narx siyosatini belgilash regulyator vazifasiga kirmasligi mumkin. Bizda prezident farmoni chiqdi, unga ko‘ra, energiya bozorini rivojlantirish agentligi – regulyatorga narx siyosatini yuritish huquqi berilyapti. Farmonga ko‘ra, elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi “O‘zbekenergosotish” AJ tashkil etiladi va u xarid qiladigan va sotadigan narxlarni regulyator belgilaydi.

Xuddi “Hududiy elektr tarmoqlari” kabi xususiy tashkilotlar ham paydo bo‘lsa, ularga sotiladigan narxlarni va bu tashkilotlar iste’molchilarga yetkazib beradigan narxlarni ham regulyator belgilaydi. Farmondan anglashilishicha, xuddi shunday bo‘lyapti va bu juda yaxshi narsa. Chunki ertaga boshqa xususiy tashkilotlar bozorga kirmoqchi bo‘lsa, davlat tashkiloti narxga aralashmaydi va narxni sun’iy oshirish holatlarining oldi olinadi. Energoregulyator samarali ishlasa, bu sohaga investorlarni ham jalb qiladi.

Regulyatorning yana bir vazifasi – iste’molchilarga energiya bilan ta’minlaydigan tashkilotlarni tanlash uchun sharoit yaratib berish. Yuqorida Buyuk Britaniya tajribasi haqida gapirdim, xuddi shunday regulyator raqobat muhitini yaratib berishi kerak. Shunda soha yanada barqarorlashi mumkin.

“O‘zbekistonda energoregulyator subsidiyalar manzilliligini ta’minlashi kerak”

— Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismi ham bor. Hozirda (va bungacha ham) aholiga energetika xarajatlari budjetdan subsidiyalanib kelgan. Lekin subsidiyalarning manzilli va maqsadliligini ham regulyator belgilashi kerak. Regulyatorga vazifa qo‘yilgan: 2024 yil fevralgacha yangi narx siyosatini ishlab chiqishi kerak. Bunda ijtimoiy norma belgilanishi va energiyani ko‘proq ishlatadigan aholi qismi ko‘proq pul to‘lashi, ya’ni normadan oshiqcha ishlatganlar ko‘proq to‘lashi belgilanishi mumkin. Agar shunday limit qo‘yilsa, subsidiyalar manzilliligi oshadi. Hozir boylar ham subsidiya olyapti. Codda qilib aytganda, subsidiya egasiga yetib bormayapti.

Shunday qilib, regulyator ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga “Ijtimoiy himoya reyestri” yoki boshqa resurslar orqali subsidiyalar manzilliligini ta’minlashi va ulardan ortgan pullarni energetikada boshqa yo‘nalishga ishlatishi mumkin.

Qishda sohada qanday muammolar borligini hamma tanasida his qildi, shuning uchun bu regulyatorning o‘rni juda muhim deb hisoblayman.

“Regulyator mustaqil bo‘lmasa, xavflar bor”

— Regulyator tashkil etilishining o‘zi katta qadam deb hisoblayman. Chunki farmonda ham energetika sohasiga bozor mexanizmlarini joriy qilish, sohada bozor siyosatini yuritish maqsadi belgilangan. Bu regulyator 2024 yildan ish boshlaydi. Ungacha  regulyator o‘z siyosatini ishlab chiqishi kerak. U ma’lum bosqichga yetganidan keyin, mustaqil organ bo‘lishiga umid qilaman. Chunki haqiqatan ham regulyator mustaqil bo‘lmagan sharoitda risklar bor – narxlarning sun’iy ushlab turilishi, raqobat kuchli bo‘lmasligi, moliyalashtirilishi davlat tomonidan bo‘lganidan keyin hukumatning aytganini qilishga to‘g‘ri kelishi va hokazo.

Shaffoflik masalasi ham bor. Narx siyosatini ishlab chiqqandan keyin elektrning narxi nimaga bunaqa, xarajatlar tarkibi qanaqa, degan savollarga javob berib, narxlarni asoslab qo‘yish kerak bo‘ladi.

Risklarga qaramay, regulyator tashkil qilinganining o‘zi yaxshi narsa deb o‘ylayman, unga mustaqillik berilishiga esa umid qilaman.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Mavzuga oid